Ta'lim 19.07.2019 69

1-sinfga qabul: YOSH VA MIKROHUDUDGA OID CHEKLOVLAR QANCHALIK ASOSLI?

So‘ragan edingiz

Bolasi maktab yoshiga yetgan ota-ona borki, yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida uni umumta’lim muassasasiga joylashtirish tadorigini ko‘radi.  Ana shu jarayonda, qishloq hududlarida bu jihat ko‘p ko‘zga tashlanmasa-da, ayniqsa, shahar joylarda maktabni tanlash istagi ustuvorlik kasb etadi.

Binobarin, har qanday ota-onaning bolasini yaxshi joyda o‘qitishni xohlashi tabiiy. Bunda ular tanlovi asosan "nomi ketgan" maktablar ma’muriyatlari tomonidan "sizning yashash hududingiz bizning mikrohududga kirmaydi" yoki "bolangiz 31- avgustga qadar 6,5 yoshga to‘lmas ekan" qabilidagi vajlar bilan rad etib kelinadi.

Xo‘sh, bu kabi cheklovlarda qanchalik asos bor?    

Tan olish kerak: bizda "o‘qitish sifati yaxshi" deya nomi chiqqan maktablar juda ham ko‘p emas, shuning uchun aksar umumta’lim muassasalari 1-sinfiga qabul o‘z maromida davom etaveradiyu, kam sonli maktablarga bu jarayon ola-g‘ovur ichida kechadi. Bu orada pul, tanish-bilish tiqishtirib, "yo‘l"ini topib bolasini o‘sha nomdor maktabga joylagan qanchayu, istagi ro‘yobga chiqmay, norozi yurganlar qancha?!

Ana shunday holatlar inobatga olinib, bu yil bolalarni umumta’lim muassasalariga qabul qilishda bir qator o‘zgarishlar qilish yuzasidan keng muhokamalar bo‘ldi. Hatto 2019/2020-o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahridagi 81 ta umumta’lim muassasasining 1-sinfiga qabul asosiy va qo‘shimcha kvota orqali amalga oshishi ko‘zda tutildi.

Xalq ta’limi vaziri bunday to‘xtamga kelingani sababini izohlarkan, har yili turli "muhim va ta’siri katta" tashkilotlarda ishlaydigan shaxslardan farzandlarini "nufuzli maktablar"ga joylash to‘g‘risida "qattiq iltimos"lar bo‘lib turishi, bolani "nufuzli maktab"ga joylash uchun ota-onalar vositachilar va ta’lim tizimidagi ayrim nopok kimsalarga "hammaga ma’lum" miqdorda pul to‘lashgani, eng yomoni, bu ishlardan maktab mikrohududida yashab turib, farzandini o‘sha maktabga berolmaganlar jabr chekishganini aytgandi.

Shunga ko‘ra, endilikda tuman (shahar)lar hokimliklari tomonidan umumta’lim muassasalariga biriktirilgan mikrohududda istiqomat qilayotgan fuqarolarning farzandlari, otasi yoki onasi 1-guruh nogironi bo‘lgan hamda yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sonini inobatga olgan holda - asosiy kvota shakllantirilsa, qo‘shimcha kvota - umumta’lim muassasalari imkoniyatidan kelib chiqib, mikrohududdan tashqarida istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi, mikrohudud va mikrohududdan tashqari maktab yoshiga yetmagan (tegishli yilning 1 sentabriga qadar 6 yoshga to‘ladigan), shuningdek, umumta’lim muassasalarida ta’lim berish tili bo‘yicha boshlang‘ich bilim (muloqot qilish) ko‘nikmasiga ega bo‘lmaganlar uchun ajratiladi.

Albatta, masala yechimida qarorning ahamiyati katta, biroq bu hammasi hal bo‘ldi, degani emas. Chunki tartib joriy yil faqat poytaxtdagi 81 ta maktab uchun amal qiladi. Viloyatlarda esa bu muammoligicha turibdi, sababi, mikrohududdan tashqarida o‘qitishga ehtiyoj poytaxtdagicha bo‘lmasa ham (xususan, Qarshi shahrida) o‘ziga yetar darajada yuqoriligicha qolmoqda. Shunday ekan, bu boradagi munosabatlar hududlarda qanday hal qilinishi kerak?

Viloyat markazidagi "nomi ketgan" maktablar ma’muriyatlari "sizning yashash hududingiz bizning mikrohududga kirmaydi" qabilidagi   cheklovini Qarshi shahar hokimining 2016-yil 3-avgustdagi "Qarshi    shahar hududidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarini mahalla fuqarolar yig‘inlari va shirkatlarga hududiy biriktirish to‘g‘risida"gi qarori bilan izohlamoqda. Demak, savol tug‘iladi: xo‘sh, ushbu qaror muayyan maktabning 1-sinfiga belgilangan mikrohudud tashqarisidan bola qabul qilishda cheklov joriy etish huquqini beradimi? Yo‘q. Ya’ni, Qarshi shahar hokimi qarorining 1-bandida "shahar hududidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari joylashgan hududlardan maktab yoshidagi bolalarning aniq hisobini olib borish va ularning majburiy ta’limga tortilishini ta’minlashda shahardagi mahalla fuqarolar yig‘inlari va shirkatlariga ilovaga asosan o‘z hududlarida joylashgan maktablar tavsiya etilsin", deb ko‘rsatilgan. Shundan ayonki, hokimning qarorida ko‘rsatilgan ushbu "talab" tavsiyaviy xarakterga ega.

- To‘g‘ri, bu borada hech qanday cheklov mavjud emas, mikrohududdan tashqaridan ham muassasa imkoniyatidan kelib chiqib, maktab yoshiga yetgan bolalar 1-sinfga olinaveradi, - deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Behzod Jo‘rayev. - Hokimlik faqat mikrohudud chegarasini belgilab beradi. Shunga ko‘ra, birinchi ehtiyoj mikrohudud doirasida qoplanishi kerak. Toshkentdayam shu muammo bo‘lgani uchun aprobatsiya tariqasida mikrohudud qoplanib bo‘lganidan keyin o‘sha hududga qo‘shimcha kvota ajratilishi belgilandi.

Ko‘rinib turibdiki, shahar hokimining tegishli qarori viloyat markazidagi umumta’lim maktablarida 1-sinfga qabul bo‘yicha hech qanday cheklov o‘rnatish xususiyatiga ega emas va maktab rahbariyati uni dastak qilib, boshqa hududdan kelgan bolalarni qabul qilishni rad etolmaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019/2020-o‘quv yilida viloyat maktablari   1-sinfiga jami 64 ming 48 nafar bola qabul qilinishi, ularning 59 ming 798 nafari 7 yoshda, 4250 nafari olti yarim yoshda bo‘lishi kutilmoqda. Bunda 31-avgustga qadar 6 yoshga to‘ladiganlar nazarda tutilmagan. Savol tug‘iladi: bordiyu 6 yoshga to‘lib, 6,5 yoshga yetmagan bola maktabga borishga har tomonlama tayyor bo‘lsa, u 1-sinfga qabul qilinadimi-yo‘q?

- Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi qarori bilan tasdiqlangan Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi nizom 42-bandida tegishli yilning 31 avgustiga qadar 6,5 yoshga to‘lmagan, 1-sinfda o‘qish istagini bildirgan bolalarning ota-onalari bilan umumta’lim muassasasining pedagog xodimlari va psixologi tomonidan bolani maktabda o‘qishga jismonan va ruhan tayyorlash bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilishi ko‘rsatilgan, - deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Mavluda Tosheva. - Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 469-sonli qarorida ham umumta’lim muassasalariga biriktirilgan mikrohudud bo‘yicha tegishli yilning 31 dekabriga qadar 7 yoshga to‘ladigan bolalar qabul qilinadi, deya ko‘rsatilgan.

Boshqarma bo‘lim boshlig‘i nomini keltirgan nizom 42-bandida umumta’lim muassasalari 1-sinfiga 6-7 yoshli (e’tibor qiling: 6,5-7 yoshli, deb yozilmagan) bolalar tibbiy xulosaga muvofiq qabul qilinishi belgilangan. Ushbu nizom talabining qora rangda alohida belgilangan qismini ham qayta mushohada qilib ko‘ring. Agar bola tegishli yilning 31-avgustiga qadar 6,5 yoshga to‘lmagani uchun maktabga qabul qilinmaydigan bo‘lsa, hoziroq uni jismonan va ruhan o‘qishga tayyorlashga na hojat?! Axir, u keyingi o‘quv yili boshlangunga qadar yana bir yoshga ulg‘ayib, 7 yoshdan ham oshadi-ku! Mantiq qani?

Mas’ul aytgan ikkinchi (469-sonli) qaror "Bolalarni davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida" bo‘lib, birinchidan, ushbu reglament hali bizda amal qilayotgani yo‘q. Qolaversa, unda ham "tegishli yilning 31 avgustiga qadar 6,5 yoshga to‘lmagan bolalar 1-sinfga qabul qilinmaydi", mazmunidagi gapni uchratmaysiz. Boz ustiga qo‘shimcha kvota aynan 1 sentabrga qadar 6 yoshga to‘ladigan bolalar uchun ajratilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Demak, shunga ehtiyoj bor va bola 6 yoshda ham o‘qib keta olarkan.

 Xullas, hammasi nizomda ham, reglamentda ham aniq-tiniq qilib yozib qo‘yilgan, gap uni kim, qanday talqin qilishida, tushunishida. Afsuski, talab kuchli bo‘lgan "nomi ketgan" maktablar ma’muriyatlari ham ularni xuddi tizim mutasaddilari kabi talqin qilishga odatlanishgan yoki ularga shu uqtirilgan ko‘rinadi.

Ochiq aytish kerak, bu holni ayrim maktablarning 1-sinfiga qabulda "sun’iy to‘siq" o‘rnatishga urinish sifatida baholash mumkin bo‘lib qolayapti. Vaholanki, aslida hamma xohlagan joyida o‘qish huquqiga ega. Ammo hammani bitta yoki kam sonli maktabga jamlab bo‘lmasligi ham haqiqat.

Xo‘sh, endi nima qilish kerak?

Fikrimcha, qolgan maktablarda ham o‘qitish sifatini jadal yaxshilash chorasi ko‘rilmas ekan, "nomi ketgan" umumta’lim muassasalari 1-sinfiga qabul atrofida muammolar, turli talqin va gap-so‘zlar urchiyveradi. Bola esa o‘qishi shart. Buyog‘i yangi o‘quv yili ham yaqin...

N.XO‘JAYEV