Jamiyat 10.09.2019 21

10 MILLION SO‘MLIK SIGARET UCHUN

Bojxona nazorati

10 MILLION SO‘MLIK SIGARET UCHUN

tegishli hujjatlarni taqdim qilolmadi

Tamaki mahsulotlari bilan bog‘liq noqonuniy harakatlarning oldini olish bo‘yicha bojxona xodimlari tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, viloyat bojxona boshqarmasi kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idora vakillari bilan hamkorlikda ushbu yo‘nalishda tezkor tadbir o‘tkazildi.

Fuqaro Abdulla Jamilov (huquqbuzarning ism-familiyasi o‘zgartirilgan) boshqaruvidagi "Neksiya" rusumli avtomashina shubha ostiga olinib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada avtomashina yukxonasida umumiy qiymati 10 million 220 ming so‘mlik jami 670 quti turli nomdagi aksiz va tegishli hujjatlariga ega bo‘lmagan tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi.

Boshqarma axborot xizmatining ma’lum qilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan tekshiruv va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 8 ta holatda 1178 quti tamaki mahsulotlari noqonuniy aylanishining oldi olingan.

N.XO‘JAYEV