Iqtisodiyot 27.08.2019 37

100 MILLION SO‘MLIK KO‘MAK BILAN TADBIRKOR BO‘LDI

Ishlab chiqarish

Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining  2018-yil 16-avgustdagi tegishli qarori bilan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi huzurida "Yoshlar - kelajagimiz" jamg‘armasi va uning viloyat, tuman (shahar)lar  filiallari tashkil etilgan edi.

Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan o‘z biznes faoliyatini boshlayotgan yosh tadbirkorlar, shuningdek, 50 foiz va undan ko‘proq muassislari yoshlardan iborat bo‘lgan yoki yaratiladigan ish o‘rinlarining 70 foizidan kam bo‘lmagan qismini 5 yil davomida yoshlarga ajratish majburiyatini o‘z zimmasiga oladigan boshqa subyektlarning loyihalari uchun kam foizli kreditlar ajratilishi belgilangan.

Ta’kidlash joiz, bu imkoniyat ayniqsa yoshlar orasida o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlashga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.

- O‘tgan yili filialimiz tavsiyasi bilan 10 ta loyiha uchun 1 milliard 860 million so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgan edi, - deydi "Yoshlar - kelajagimiz" jamg‘armasi Nishon tumani filiali bosh mutaxassisi Aziz Jo‘rayev. - Joriy yilda esa ayni kunga qadar 11 ta loyiha uchun 1 milliard 460 million so‘m miqdoridagi kredit mablag‘lari berildi. Yana bir qator loyihalar moliyalashtirilishi kutilayapti.

Tumanning Yuksalish mahallasida yashovchi Siroj Qayumov ham "Yoshlar - kelajagimiz" jamg‘armasidan 100 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib, yo‘lakbop plitalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Yosh tadbirkor tomonidan ta’sis etilgan "Nishon eko stroy" korxonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotga nafaqat tuman yoki viloyat, balki qo‘shni viloyatlardan ham xaridorlar topilmoqda.

- Mahsulotimizning asosiy xom ashyosi qum, shag‘al, sement va maxsus rangdan iborat, - deydi u. - Asosiy ish qo‘lda bajariladi. Ayni paytda o‘zimdan tashqari yana besh kishi shu yerda ish bilan band. Kuniga 60 kvadrat metrdan 100 kvadratgacha mahsulot tayyorlayapmiz. Eng muhimi, mahsulotimizga xaridorlar ko‘p, shu bois endi quvvatni yanada oshirish harakatidamiz.

E’tiborli jihati, bu kabi loyihalarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida turdosh tarmoqlar o‘rtasida raqobat yuzaga kelib, sifat oshayapti, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilayotir.

Jahongir BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan surat.