Ta'lim 10.09.2019 27

11-MAKTABDA YANGI O‘QUV YILINI PARTA VA DOSKASIZ BOSHLASHDI

Shu yilning 1-sentabr kuni Qarshi shahridagi 11-maktabning yangi o‘quv binosi tantanali ravishda foydalanishga topshirilarkan, smenalardagi tig‘izliklar bartaraf etilishiga umid bog‘langani aniq. Bugun ushbu ta’lim maskaniga qatnayotgan 2460 o‘quvchi soni har holda kichik raqamlar emas. 420 o‘rinli yangi korpusda esa boshlang‘ich sinf o‘quvchilari, xususan, joriy o‘quv yilida 1-sinfga qabul qilingan 305 bola tahsil olishi ko‘zda tutilgan.

Biroq o‘qish boshlanganiga bir necha kun o‘tgan bo‘lsa-da, yangi korpusdagi ayrim o‘quv xonalari bo‘m-bo‘sh turgani, shu bois ayni vaqtda qulf ekani, ayrimlarida esa zarur jihozlar yo‘qligi kishini hayron qoldiradi.

Misol uchun, 1-"Ye" sinf xonasida na biror parta, na bir stulni uchratasiz. Eski doska qaqqayib turibdi, xolos.

1-"J" sinf o‘quvchilari o‘qiyotgan xonada esa doska yo‘q, kitoblar yerda, bir burchakda qalashib yotibdi.

Ma’lumki, tegishli talablarga ko‘ra, bir sinfdagi bolalar soni 35 nafardan oshmasligi kerak. Biroq aksar sinflarda 36-37 nafardan bola darsda o‘tiribdi. Deylik, 1-"V" sinfda 37 bola o‘qiyapti, biroq sinf xonasida 36 bola uchun 18 ta eski parta bor, xolos. Hatto o‘qituvchi uchun stol-stul yo‘qligiga nima deysiz.

O‘qituvchining aytishicha, darsliklarni shanba kuni olishgan, lekin 37 o‘quvchiga 33 ta darslik berilgan (?).

- "Selxoz" kollejdan 240 ta parta olib kelish aytilgandi, shundan 30 tasini olib keldik, - deydi maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sanjar Berdiyev. - Hozircha  ayrim xonalarda jihozlar yo‘qligi uchun o‘quvchilar eski korpusda o‘qib turibdi.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: zarur jihozlar yo‘q, birorta parta-doska keltirilmagan ekan, qanday qilib uni foydalanishga topshirishdi?

- Maktab atrofida 17 ta ko‘p qavatli uy qurilishi ko‘zda tutilgan, shundan 11 tasi qurildi, ehtiyoj ko‘payib borayapti, shuning uchun yana 450 o‘rinli bino qurilishini so‘rab murojaat qilishga majburmiz, - deydi maktab direktori Anvar G‘aniyev. - Yangi o‘quv korpusi uchun esa bir donayam jihoz yetib kelmagan.

Bilamizki, masala yuqori tashkilot ishtirokisiz hal bo‘lmaydi. Xo‘sh, viloyat xalq ta’limi boshqarmasidagilar ushbu holatga qanday izoh berishadi?

- Jihozlar bazamizga shanba kuni yetib keldi, - deydi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Maqsud Panjiyev. - Bugun kechgacha (9-sentabr nazarda tutilmoqda - tahririyat) hammasini joylashtiramiz. Darsliklar aytilgan ehtiyojga ko‘ra ajratilgan, keyin yana bir qancha o‘quvchi qabul qilingani uchun darslik yetishmasligi kuzatilgan. Bu muammo ham tezda hal bo‘ladi.

Albatta, muammoga zudlikda yechim topilgani yaxshi, lekin bu yangi o‘quv yili boshlangunga qadar amalga oshirilganda, nur ustiga a’lo nur bo‘lur edi. Chunki yangi o‘quv korpusi bir kecha-kunduzda qurilib, mutasaddilar kuni kecha uni jihozlash kerakligini bilib qolganlari yo‘q. Bino qachon qurilib, qachon tayyor bo‘lishiyu, o‘qish qay vaqt boshlanishi besh qo‘lday ayon edi. Xo‘sh, unda "bugun-erta"larga na hojat? Buning ustiga o‘sha "erta"yam qochib ketmaydi...

Bu borada boshqa maktablarda muammo yo‘qmi, darsliklar yetarlimi? Kuzatib boramiz.

N.XO‘JAYEV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.