So'nggi yangiliklar 11.04.2019 0

15 TA MADANIYAT MARKAZI TUGATILDI

Viloyatimizdagi samarasiz faoliyat yuritib kelayotgan 15 ta madaniyat markazi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-martdagi tegishli qaroriga asosan tugatildi.

Xususan, G‘uzor tumanidagi “Batosh”, “Gulshan”, Koson tumanidagi “Po‘lati”, Qamashi tumanidagi “Qoratepa”, “Qorabog‘”, “Qamay”, “Chim”, Chiroqchi tumanidagi “Dam”, “Chiyali”, Kitob tumanidagi “Qatorbog‘”, “Bektemir”, “Qaynarbuloq”, “Palandara”, Qarshi tumanidagi “Qovchin”, Yakkabog‘ tumanidagi “Ma’rifat gulshani” madaniyat markazlari ana shu ro‘yxatdan o‘rin olgan.

Ta’kidlab o‘tish joiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-noyabrdagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan edi.

Unga asosan, ikki yil ichida viloyatimizda madaniyat sohasida 5 ta yo‘nalish bo‘yicha 37 ta banddan iborat tizimli chora-tadbirlar dasturi amalga oshiriladi.

Jumladan, hududdagi tarixiy, ilmiy va badiiy qimmatga ega bo‘lgan 952 ta obyektning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, 1311 ta obyekt bo‘yicha muhofaza qilish va saqlash shartnomasini tuzish hamda ularga jamoatchi inspektorlarni biriktirish, 964 ta obyektga muhofaza belgisini o‘rnatish, shuningdek, san’at va badiiy ijod sohasida turli festivallar, ko‘rik-tanlovlarni tashkil etish, viloyatning urf-odatlari, an’analari, tarixiy obidalari to‘g‘risida hujjatli filmlarni suratga olish va boshqa ko‘plab tadbirlar ushbu dasturdan o‘rin olgan.

Jahongir BOYMURODOV