Tibbiyot 23.04.2019 8

17 NAFAR BOLA GERMANIYADA DAVOLANDI

23-aprel - "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya jamg‘armasi tashkil topgan kun

Imkoniyati cheklangan va kam ta’minlangan oilalarda tug‘ilgan tibbiy yordamga muhtoj bolalarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish, tayanch-harakat tizimi va bo‘yin umurtqa pog‘onasi shikastlangan bolalarga "Chiroyli oyoqchalar" loyihasi doirasida mamlakat va chet el klinikalarida jarrohlik yordamini ko‘rsatish, tanasi kuygan, yuragida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bolalarni davolash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga yordam berish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarda nafaqat davlat, balki nodavlat notijorat tashkilotlarining ham alohida o‘rni bor. Ulardan biri  Prezidentning 1993-yil 23-apreldagi farmoniga binoan tashkil etilgan "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondidir.

"Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Germaniyaning "Friedensdorf International" xalqaro tashkiloti o‘rtasida imzolangan uch tomonlama hamkorlik bitimi asosida 2003-2018-yillar davomida 12 yoshgacha bo‘lgan 17 nafar qashqadaryolik bola terining kuyish asoratlari, tug‘ma qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari xastaligi va boshqa tashxislar bilan Germaniyaning nufuzli klinikalarida davolanishdi. Yuqori lab va tanglay nuqsoni bo‘lgan 18 bola Toshkent tibbiyot akademiyasida bepul operatsiya yo‘li bilan muolaja qilindi.

- 10-11-aprel kunlari viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasida germaniyalik mutaxassislar tomonidan Qashqadaryo, Surxondaryo va Buxoro viloyatlaridan kuyishdan keyingi asoratlari bo‘lgan 140 nafarga yaqin bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, -  deydi "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi viloyat filiali  direktori Gulnora Sharipova. - Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra holati eng og‘ir bemorlar joriy yilning avgust oyida Germaniyaning nufuzli klinikalarida davolanish uchun 6 oydan 3 yilgacha bo‘lgan muddatga jo‘natiladi. O‘tgan yilgi tekshiruv natijalariga ko‘ra, G‘uzor tumanining Chuqur qishlog‘ilik Adham Salimov Germaniyada murakkab jarrohlik operatsiyasini o‘tkazdi. Hozir uni sog‘lomlashtirish ishlari davom etayapti.

Tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimi jamg‘arma faoliyatining asosini tashkil etadi. Maxsus dasturga ko‘ra, oilalarning ijtimoiy sharoiti, psixologik muhiti, oila a’zolarining sog‘lig‘i va, ayniqsa, tug‘ish yoshidagi ayollar, bolalar, o‘smirlar va qariyalarning salomatligini o‘rganish, tibbiy ijtimoiy, psixologik yordam ko‘rsatish, huquqiy muhofazaga muhtoj insonlarni o‘z vaqtida aniqlash, har bir xonadonda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha ishlar olib boriladi.

-  Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatning chekka hududlarida istiqomat qiluvchi to‘rt mingga yaqin kishining tibbiy-ijtimoiy holati o‘rganilib, kerakli yordamlar ko‘rsatildi, - deydi G.Sharipova. - Bunda ko‘proq tug‘ish yoshidagi ayollar salomatligiga jiddiy e’tibor qaratildi. Qolaversa, tekshiruvlar asosida kasalligi aniqlangan ayollar, bolalar va o‘smirlarga dori-darmonlar, vitaminlar, sanitariya-gigiyena vositalari, tibbiy anjomlar, nogironlik aravachalari, harakati cheklangan bemorlarga yurish moslamalaridan iborat muruvvat yordamlari ko‘rsatildi.

Qayd etish lozim, xotin-qizlar va bolalarni jismoniy tarbiya va sportga  jalb etish fond faoliyatida muhim o‘rin tutadi. Bu borada sportning tennis, badiiy gimnastika, sinxron suzish, badminton, voleybol kabi ko‘plab turlari bo‘yicha turli musobaqalar tashkil etilmoqda.

Asosiy maqsad sog‘lom, baxtli va barkamol avlodni voyaga yetkazish ekan, bu borada faoliyat qamrovini yanada kengaytirish, fondni odamlar taniydigan tuzilmaga aylantirish darkor. Bu borada bevosita fond tashabbusi ko‘rinadigan tadbirlar uyushtirish natija beradi. Ijro uchun, yana dabdabali qo‘shma loyihalar doirasidagi qisqa harakatlar bilan bunga erishib bo‘lmasligi tayin.

Shohista BOZOROVA