2+2 QO‘SHMA TA’LIM DASTURI QANDAY MAQSADNI KO‘ZDA TUTADI?

Oliy ta’lim

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti  Belarus milliy texnika universiteti bilan hamkorlikda 2019-2020-o‘quv yilidan boshlab 2+2 qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha talabalarni o‘qishga qabul qiladi. Ya’ni talabalar 1-, 2-kurslarni o‘z yurtida o‘qisa, 3-, 4-kurslardagi ta’lim xorijda olib boriladi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining   2017-yil 20-apreldagi "Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida, dunyoning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatish, o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish, ayniqsa, istiqbolli pedagog va ilmiy kadrlarni xorijning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalarida stajirovkadan o‘tkazish va malakasini oshirish kabi vazifalardan kelib chiqib amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda Belarus milliy texnika universiteti rektori Sergey Xaritonchik, Belarus-O‘zbekiston hamkorlik instituti direktori Igor Goncharenok, xalqaro hamkorlik va tashqi iqtisodiy faoliyat boshqarmasi boshlig‘i Pavel Shirvel va uning o‘rinbosari Anna Yablonskaya Qarshi shahrida bo‘lishdi.

Tashrif doirasida 2+2 qo‘shma ta’lim dasturi asosida energetika (issiqlik energetikasi), elektroenergetika (elektr ta’minoti), ekologiya va atrof-muhit muhofazasi (sanoat), gidrotexnika qurilishi (suv xo‘jaligi), konchilik ishi, menejment (kichik biznesni boshqarish) bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash, o‘quv reja va namunaviy dasturlar tuzish va ikki tomonlama diplom berish; o‘quv jarayoniga  xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallarini keng joriy qilish;  master-klasslar o‘tkazish, malaka oshirish kurslariga universitetdan yuqori malakali o‘qituvchilar va olimlarni faol jalb qilish kabi masalalar muhokama etildi. Shu bilan birga, Belarus milliy texnika universiteti bazasida institut magistrant, yosh o‘qituvchi va ilmiy xodimlarining stajirovka o‘tashlarini, professor-o‘qituvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilish, hamkorlikda o‘quv adabiyotlarining yangi avlodini yaratish kabi vazifalar ham belgilab olindi.

Qayd etish lozim, 2+2 sxemasi bo‘yicha Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali hamda Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti o‘rtasida ham 2019-2020-o‘quv yilidan talabalar almashib o‘qitiladi.

N.XO‘JAYEV