Iqtisodiyot 07.05.2019 35

200 DAN ORTIQ LOYIHA, 1 TRILLION SO‘MDAN ZIYOD MABLAG‘

200 DAN ORTIQ LOYIHA, 1 TRILLION SO‘MDAN ZIYOD MABLAG‘

Yakkabog‘da nimani o‘zgartiradi?

Ikki yil ichida Yakkabog‘ tumani xalq xo‘jaligining yetakchi sohalari jiddiy o‘zgarishi kerak. Bugungi kunda biroz oqsayotgan, taraqqiyotdan ortda qolayotgan jabhalarga yangi qon kirishi lozim. Tuman esa viloyatning har tomonlama rivojlangan hududiga aylanishi darkor. Qanday qilib bu natijaga erishish mumkin, deysizmi? Gap shundaki, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 18-apreldagi "2019-2020-yillarda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bunga to‘la sharoit hozirlashi kutilmoqda.

Ushbu hujjat bilan tasdiqlangan dastur ijrosi kelgusida bir qator maqsadlar ro‘yobiga xizmat qilishi qayd etiladi. Jumladan, mavjud resurslardan to‘liq va samarali foydalanish hisobiga hududning sanoat va eksport salohiyati yanada kengayadi. Shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasi, xizmatlar va servis sohasi rivojlantiriladi. Dasturdan joy olgan istiqbolli loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshishi natijasida aholi bandligi va daromadi ko‘payishi ta’minlanadi.

Xo‘sh, buning uchun qanday chora-tadbirlar belgilangan? Dasturda ushbu masalaga to‘liq oydinlik kiritilgan. Asosiysi, har bir loyihaning moliyalashtirish manbasi, bundan kutilayotgan samara aniq ko‘rsatib o‘tilgan.

Ahamiyatlisi, dasturga kiritilgan loyihalar umumiy soni 203 tani tashkil etadi. Ular amalga oshishi uchun esa ikki yil mobaynida jami 1 trillion 64 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilishi kerak. Shuning 51 milliard 152 million so‘mi respublika, 35 milliard 776 million so‘mi mahalliy budjetdan moliyalashadi. Maqsadli jamg‘armalardan 500 million so‘m ajratiladi. Tashabbuskorlar ham bunga salmoqli mablag‘ - 530 milliard 419 million so‘m yo‘naltirishadi. Tijorat banklari ularni qo‘shimcha 109 milliard 210 million so‘m moliyaviy ko‘mak bilan qo‘llab-quvvatlaydi.

Dasturda xorijiy sarmoya ishtiroki ham ko‘zda tutilgan. Chet el moliya tashkilotlarining 5 million 775 ming AQSH dollari miqdoridagi kredit liniyasi jalb qilinadi. Bundan tashqari, hududga asbob-uskuna yoki pul ko‘rinishida 22 million 800 ming AQSH dollariga teng xorijiy investitsiya olib kiriladi. Albatta, bu loyihalar ijtimoiy ahamiyatga ham ega. Ularning hayotga tatbiq etilishi qariyb 2,5 ming yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Tegishli dastur qamroviga ko‘ra 4 muhim yo‘nalishga bo‘lingan. Birinchisi sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligiga daxldor loyihalarni o‘z ichiga olgan. Ayni jabhada jami 142 ta istiqbolli tashabbus amalga oshadi. Shu maqsadda 917 milliard 778 million so‘m, ya’ni umumiy mablag‘ning asosiy qismi sarf etilayotgani ham bu borada qilinajak ishlar salmog‘idan darak berib turibdi.

Ijtimoiy soha infratuzilmasini yanada rivojlantirish yo‘nalishida esa 18 ta loyihani bajarish reja qilingan. O‘zlashtirilayotgan investitsiya summasi 47 milliard so‘mdan oshadi. Yo‘l-transport va muhandislik kommunikatsiya tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha 37 loyihaga 88 milliard 813 million so‘m mablag‘ jalb qilinadi. Dasturda qishloq xo‘jaligi yer maydonlarining meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha ham chora-tadbirlar belgilangan. Bu maqsad uchun respublika budjetidan qariyb 11 milliard so‘m pul ajratiladi.

Dastur qamrovi keng va har bir loyihaga batafsil to‘xtalish imkonsiz. Shu sababli birinchi yo‘nalish bo‘yicha qilinadigan loyihalarga atroflicha ko‘z yugurtirishni lozim topdik.

Bu yo‘nalishni tarmoqlar kesimida ko‘rib chiqsak. 43 ta loyiha tumanning sanoat ishlab chiqarishi ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilashi lozim. Loyihalar umumiy qiymati 201 milliard so‘mga baholangan.  Xususan, "Hydrolife Yakkabog'" filiali 2019-yil ikkinchi choragida tumanda mineral suv qadoqlashni tashkil etadi. Yillik ishlab chiqarish quvvati 2 ming dekalitr bo‘lgan ushbu korxona 6,5 milliard so‘m sarmoya evaziga ishga tushadi. Bugungi kunda parrandachilik bilan shug‘ullanayotgan "Kumush kuz fayzi" MCHJ 7 milliard so‘m o‘z mablag‘i hisobidan makaron mahsuloti ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Joriy yilning ikkinchi yarim yilligida tumanda PVX rom va eshiklarga lambra va deraza tokchalari tayyorlovchi zamonaviy quvvat ish boshlashi kerak. Shu vaqtgacha qurilish-pudrat ishlari bajarish va meva-sabzavotni qayta ishlash sanoatida o‘zini ko‘rsatgan "Delta Muhandis" MCHJ loyiha tashabbuskori sanaladi. 3 milliard so‘m investitsiya asosida barpo qilinadigan bu korxona har yili 1500 tonna mahsulot yetkazib bera oladi.

Hududda samarali faoliyat ko‘rsatayotgan "Muharram Karimova" xususiy firmasi bolalar tagligi, butlovchi qismlar tayyorlashni o‘zlashtirgan "Yorov Odiljon" xususiy korxonasi yuqori bosimga chidamli shlanklar ishlab chiqarish taklifini bergan. Tumanga "Shen guoqlang buildings materials Co Ltd" xorijiy korxonasining 8 milliard 300 million so‘m sarmoyasi jalb etiladi. Natijada joriy yil so‘ngida  pishiq g‘isht ishlab chiqaruvchi korxona bittaga ko‘payadi, bu yerda yiliga 9 million dona qurilish materiali ishlab chiqariladi. Polshaning "Konar" kompaniyasi esa Yakkabog‘da isitish qozonlari tayyorlashni tashkil etishga qiziqish bildirgan. Xorijiy investor 58 milliard 100 million so‘m sarmoyani shu biznesga tikayapti. Pirovardida ushbu subyekt har yili ichki bozorni 2 ming dona tayyor mahsulot bilan ta’minlay oladi.

"Darmon farm" xususiy firmasi, "Yakkabog‘ paxta tozalash" AJ, "Universal taraqqiyot tekstil" MCHJ tomonidan ilgari surilgan loyihalar ham ko‘lami jihatidan eng yiriklari hisoblanadi. Birinchi tashabbuskor 17 milliard 990 million so‘m mablag‘   sarflab, bolalar uchun mevadan sharbat va pyure ishlab chiqarish quvvatini ishga tushiradi. Yillik mahsuldorlik 41 million qutiga yetishi mo‘ljal qilingan. Qolgan ikki subyekt loyihasi tekstil sanoatiga oid. "Yakkabog‘ paxta tozalash" AJ mulkdorlari qiymati 30 milliard so‘mlik loyiha asosida ilk bor kalava ip ishlab chiqarishni tashkil etsa, "Universal taraqqiyot tekst" MCHJda 6,6 milliard so‘m sarmoya o‘zlashtirilib, mavjud quvvat modernizatsiya qilinadi. Natijada tumanda paxta tolasini qayta ishlash darajasi oshadi, kalava ip ishlab chiqarish hajmi yiliga 3 ming 700 tonnaga ortadi.

Ta’kidlash joiz, loyihalarga mablag‘ yo‘naltirilishi borasida sanoat sohasi qishloq xo‘jaligidan ortda qolgan. Ayni maqsadga 41 ta tashabbus doirasida jami 285 milliard 813 million so‘m jalb qilinayotgani ham buning isbotidir. Bu loyihalar tumanning issiqxona xo‘jaligi, baliqchilik, parrandachilik, chorvachilik va bog‘dorchilik kabi asosiy tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan.

Misol uchun, "Diana hamkor" xususiy korxonasi tomonidan 10 ming bosh parranda boqishga mo‘ljallangan majmua ishga tushiriladi. Hududdagi asosiy eksportchi sanalgan "Sharofat ona Qahramon qizi" agrofirmasi sig‘imi 5 ming tonnalik sovutkichli omborxona qurish loyihasini bajaradi. Faqat shunga qariyb 30 milliard so‘m sarmoya yo‘naltiriladi. "Darmon farm" xususiy firmasi barpo etayotgan intensiv bog‘ maydoni esa 200 gektar joyni egallaydi. Qiymati 70 milliard so‘mga baholangan loyiha doirasida amaliyotda zamonaviy parvarish va sug‘orish texnologiyalarini qo‘llash maqsad qilingan.

Shahrisabzdagi "Oqsaroy tekstil" mas’uliyati cheklangan jamiyati joriy yildan klaster tizimiga o‘tgan. Xom ashyo yetishtirish maqsadida tadbirkorlik subyektiga Yakkabog‘ tumanidan yer ajratilgan. Ishlab chiqarishda yaxshi tajriba to‘plagan korxona endilikda paxtachilikda ham samara ko‘rsatishi kerak. Joriy yilda klasterga ko‘plab qishloq xo‘jaligi texnikasi, tomchilatib sug‘orish tizimi olib kelinishi darkor. Shu bois 83 milliard so‘m qiymatidagi ushbu loyihaga ham dasturda alohida o‘rin berilgan. Mazkur sarmoya subyektning o‘z mablag‘i ekani e’tiborli.

Bog‘dorchilik va uzumchilik yo‘nalishida 5 ta loyiha taklif etilgan va bu Yakkabog‘dek hudud uchun kamdek tuyulsa-da, ular hajman ancha salmoqli ekanini alohida qayd etish lozim. Masalan, "Original gold garden" MCHJ, "Davr sharob" MCHJ va "Oziq-ovqat xolding" XK birgalikda jami 1300 gektar maydonda tokzor barpo etadi. Buning uchun 36 milliard so‘m investitsiya ishlatiladi. Afg‘onistonlik sarmoyador esa 1000 gektar joyda bog‘ tashkil etishni zimmasiga olgan. Shu maqsadda Yakkabog‘ga qariyb 25 milliard so‘m investitsiya olib kiradi. Istiqbolli loyiha ro‘yobi uchun 4 milliard so‘mning bahridan o‘tishga tayyor "Aloe Vera Shumal" xorijiy kompaniyasi hududda dorivor o‘simlik yetishtirish istagini bildirgan.

Ikki yildan keyin Yakkabog‘ tumanida xizmatlar sohasi jadal ravnaq topishini ham taxmin qilish qiyin emas. Dastur doirasida bu yo‘nalishda 339 milliard 209 million so‘m evaziga 58 ta loyiha amalga oshirilishi shunga puxta zamin yaratadi. Aniq misollarga murojaat etsak, "Yakkabog‘ mega invest" MCHJ 1 milliard so‘m sarflab, tumanda maxsus texnika xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yadi. "Fayz" oilaviy korxona tashkil etmoqchi bo‘layotgan majmua bir qancha maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalaridan tarkib topadi. Investitsiya miqdori 1,5 milliard so‘mga teng. "Xo‘jailg‘or shabadasi" xususiy korxonasi ochadigan fizioterapiya klinikasi hududda xususiy tibbiy xizmatlar raqobatini kuchaytiradi.

"Yakkabog‘ yog‘dusi" xususiy korxonasi sayyohlar tashrifi ko‘payganini hisobga olib, 50 o‘rinli mehmonxona bunyod etadi. Faoliyat yo‘lga qo‘yilishiga 4 milliard so‘m mablag‘ talab qilinadi. Xizmatlar sohasidagi loyihalarda xususiy maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etishga ham alohida e’tibor berilgan. Bunday tashabbuslar soni esa 10 ga yaqin. Ularning sig‘imi 50 o‘rindan 100 o‘ringacha bo‘ladi. Qarorda keltirilishicha, chet ellik investor - "Ansher Capital" kompaniyasi Yakkabog‘da mehmonxona tarmog‘i va dam olish maskanlari qurish masalasini ko‘rib chiqayapti. 10 million AQSH dollari ekvivalentidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoya 2020 yil oxirigacha mazkur loyiha samarali ro‘yobga chiqishini ta’minlaydi.

Hukumat qarorida dastur parametrlari so‘zsiz bajarilishini ta’minlash yuzasidan mutasaddi tashkilot va idoralarga javobgarlik yuklatilgan. Jumladan, viloyat hokimligi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda tashabbuskorlar bilan birgalikda investitsiya loyihalari o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi, mo‘ljallangan ishlab chiqarish hajmlariga erishilishi, mablag‘lar to‘liq va samarali o‘zlashtirilishi, yangi ish o‘rinlari tashkil etilishi bo‘yicha mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi.

Ma’lumot o‘rnida eslatish joiz, shu paytgacha viloyatimizning Nishon, Mirishkor, Chiroqchi va Dehqonobod tumanlarini kompleks rivojlantirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilgan va hayotga tatbiq etilgan. Nishon tumanida dastur ijrosi yakunlangan bo‘lsa-da, o‘rganishlar bu yerda avvaldan ko‘zda tutilgan maqsadlarga to‘laqonli erishilmaganini ko‘rsatdi. Qolgan hududlarda esa jarayon hali davom etmoqda. Demoqchimizki, muayyan hududni ravnaq toptirishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘lda-jo‘lda qolib ketmasin, ishlar faqat qog‘ozda bajarilmasin, o‘zgarishlarni odamlar ham amalda sezsin. Shundagina biror hududni kompleks rivojlantira oldik, deya baralla ayta olamiz.

M.SHUHRATOV

S.NARZIYEV olgan suratlar.