Jarayon 08.01.2019 183

2019-YIL 1-YANVARDAN BOSHLAB AMALDA

Islohot qirralari

2019-YIL 1-YANVARDAN BOSHLAB AMALDA

Mamlakatimizda yurt taraqqiyoti, xalqimizning farovon turmush-tarziga erishish yo‘lida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu ishlarning  huquqiy asosini yaratishga qaratilgan qator hujjatlar qabul qilinayapti. Ularning ayrimlari yoxud ma’lum bandlari ijrosi aynan 2019-yilning 1-yanvaridan kuchga kirdi. Quyida yil boshidan ijro kuchiga ega bo‘lgan ana shunday qoidalardan bir nechtasini saraladik.

Soliq yuki kamaydi

Hech shubhasiz, yil boshidan amaliyotga joriy etilgan eng muhim o‘zgarishlardan biri soliq tizimi bilan bog‘liq.

Ta’kidlab o‘tish joizki, bungacha jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliq maxsus shkala bo‘yicha hisoblab chiqilgan. Ya’ni maosh eng kam ish haqining bir baravarigacha bo‘lganda 0 foiz, eng kam ish haqining bir baravaridan besh baravarigacha bo‘lsa 7,5 foiz, besh baravaridan o‘n baravarigacha oralig‘ida 16,5 foiz, undan yuqori miqdor uchun esa 22,5 foiz daromad solig‘i hisoblanardi. Tabiiyki, bu juda murakkab jarayon bo‘lib, qo‘shimchasiga xodimning yaxshi ishlab, ko‘p daromad topishini emas, buning aksini rag‘batlantirgan.

Endilikda, jismoniy shaxsning daromadlariga bir xil - 12 foizli stavka bo‘yicha soliq solinadi.

Shuningdek, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i stavkalari quyidagi miqdorlarda belgilandi:

- yuridik shaxslar - 12 foiz (ilgari 14 foiz);

- tijorat banklari - 20 foiz (ilgari 22 foiz).

 Dividendlar va foizlar tarzida to‘lanadigan daromadlarga 5 foizli stavka (ilgari 10 foiz edi) bo‘yicha soliq solinadi. YA’ni ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston jahondagi eng past soliq stavkasiga ega bo‘lgan davlatlardan biriga aylandi.

Ishlovchilarga ham pensiya to‘liq to‘lanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-dekabrdagi tegishli farmoniga muvofiq 2019-yil 1-yanvardan boshlab barcha ishlovchi pensionerlarga pensiyalar to‘liq miqdorda to‘lanadi.

Shuningdek, 2019-yil 1-yanvardan pensiyani hisob-kitob qilishda qabul qilinadigan ish haqining maksimal miqdori eng kam oylik ish haqining o‘n barobariga nisbatan olinadi. Avval bu ko‘rsatkich EKIHning 8 barobariga teng bo‘lgan.

O‘qituvchilarning maoshi yana oshadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-avgustdagi tegishli qaroriga muvofiq, umumta’lim muassasalari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari ikki bosqich asosida oshirildi. Birinchi bosqichda nazarda tutilgan ish haqi islohoti 2018-yilning 1- sentabridan amalga oshgan bo‘lsa, ikkinchi bosqich talablari 2019- yil 1-yanvardan kuchga kirdi.

Mazkur tarif stavkalariga muvofiq, pedagog xodimlarning oylik ish haqlari oliy toifali o‘qituvchilar uchun 1,25 baravarga, birinchi toifali o‘qituvchilar uchun 1,2 baravarga, ikkinchi toifali o‘qituvchilar uchun 1,15 baravarga, mutaxassis o‘qituvchilar uchun 1,1 baravarga, direktor, uning o‘rinbosarlari, axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 baravarga oshiriladi.

Ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar va ilmiy, muhandis-texnik xodimlari, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilar tarkibining ish haqi miqdori ham 20 foizga ko‘paydi.

"Avtomoyka" ochmoqchimisiz? Marhamat, yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘ting

 2019-yil 1-yanvardan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlar avtomobillarni yuvish xizmati bilan shug‘ullana olmaydi. Bu turdagi faoliyatni amalga oshirish uchun endi yuridik shaxs bo‘lish shart.

Shuningdek, bundan buyog‘iga yakka tartibdagi tadbirkorlar qurilish materiallari, sement, shifer, yog‘och va yog‘och mahsulotlarini chakana sotish, alyuminiy (plastik) profildan eshik, deraza va boshqa buyumlar tayyorlash kabi faoliyat turlari bilan ham shug‘ullana olmaydi. Bu faoliyat turlari bilan shug‘ullanish uchun, albatta, yuridik shaxs tashkil etish lozim.

Mazkur o‘zgartirishlarga sabab bo‘lgan eng muhim jihat tadbirkorlar tomonidan soliqdan qochish uchun turli qonun buzilishi holatlariga yo‘l quyilganligidir. Misol uchun, avtotransport vositalarini yuvish faoliyatini tashkil etgan tadbirkorlar qo‘lida amalda o‘nlab shaxslar ishlaydi. Lekin ushbu tadbirkor YATT sifatida ro‘yxatdan o‘tgani sababli, ular aslida to‘lashi kerak bo‘lgan soliqning yarmini ham to‘lamaydilar. Chunki amaldagi qonunchilikka muvofiq, yakka tartibdagi tadbirkorlik jismoniy shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Bunda YATT 3 kishigacha shaxsni yollashi mumkin va ko‘pi bilan shunga mos soliq to‘laydi.

Endi ma’lumotnomani fuqaro emas, notarius yig‘adi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-maydagi tegishli qaroriga muvofiq, joriy yilning 1-yanvaridan boshlab notariuslar "faol notariat" tizimida ishlashga o‘tdi.

Savol paydo bo‘lishi mumkin: bu tizim fuqarolar uchun qanday qulaylik yaratadi? Misol uchun, shu paytga qadar fuqarolar ko‘chmas mulkka oid bitimlarni tasdiqlashda elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha qarzdorlik mavjud yoki mavjud emasligi haqidagi bir qancha ma’lumotlarni yig‘ishi va uni notariusga taqdim etishi kerak edi. Endi esa bunday ma’lumotlarni olish bevosita notarius tomonidan, "yagona darcha" tamoyili bo‘yicha tegishli davlat organlari va tashkilotlari bilan o‘rnatiladigan hamkorlik doirasida bajariladi. Ya’ni, fuqarolarning qaysidir idoralarga borib soatlab navbat kutib "spravka" olish amaliyotiga chek qo‘yiladi. Bu ham fuqarolar vaqti va naqdini tejashga xizmat qiladi, ortiqcha asabbuzarliklarning ham oldi olinadi.

Ijara shartnomasini notarial tasdiqlatish shart emas

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-maydagi tegishli qarori bilan notariat tizimida joriy yil boshidan yana bir qancha o‘zgarishlar bo‘ladi. Ulardan yana biri  ijara shartnomasiga oid bitimlarni notarial tasdiqlash tartibining bekor qilinishi bo‘ldi.

 Ma’lumki, bungacha amalda bo‘lgan tartibga asosan, fuqaro o‘ziga tegishli bo‘lgan uy-joy, ko‘chmas mulk yoki uning bir qismini boshqa bir fuqaroga vaqtinchalik foydalanishga berganda, ular o‘rtasida ijara shartnomasi tuzilishi va u notarial tartibda tasdiqlanishi lozim edi. 2019-yilning 1-yanvaridan boshlab ko‘chmas mulkni ijaraga berish shartnomalari notarial tasdiqlanishi shart emas. Buning o‘rniga ijaraga beruvchi shartnomani soliq organlarida hisobga qo‘yishi lozim.

Shu o‘rinda qayd etib o‘tish joiz, avval ko‘chmas mulkni tekin foydalanishga berish shartnomalari ham notarial tasdiqlanishi belgilangan edi. Endilikda ushbu talab ham bekor qilindi. Bu turdagi shartnomalar soliq idorasida ham hisobga qo‘yilmaydi.

Plyonkali paketlar bepul berilmaydi

2019-yil 1-yanvardan boshlab respublikamiz hududida qalinligi 40 mikrondan kam bo‘lgan polimer plyonkali paketlarni ishlab chiqarish taqiqlandi. Eksport uchun ishlab chiqariladigan, tutqichsiz va tovarlarning ajralmas qismi hisoblangan, xo‘jalikda foydalanish uchun rulonlarda sotiladigan polimer plyonkali paketlar, shuningdek, biologik chiriydigan polimer materiallardan tayyorlangan paketlar bundan mustasno.

Shuningdek, polimer plyonkali paketlarni bepul berish, ularning narxini O‘zbekiston Respublikasi hududida sotiladigan tovarlar narxiga qo‘shish, ularni o‘z tannarxidan past narxlarda sotish (tutqichsiz va tovarlarning ajralmas qismi hisoblangan paketlar bundan mustasno) javobgarlikning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.

Tegishli hujjatga ko‘ra, Davlat ekologiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi bu boradagi   talablarga rioya etilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatadi.

Majburiy texnik ko‘rikni tadbirkor amalga oshiradi

2019- yil 1-yanvardan boshlab jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtotransport vositalari tadbirkorlik subyektlari - yuridik shaxslar tomonidan majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Bu amaliyot dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11- iyuldagi tegishli qarori bilan, 2018- yil 1-yanvardan sinov tariqasida yo‘lga qo‘yilgan edi. O‘shanda yo‘l harakati   xavfsizligi bo‘linmalarining jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtotransport vositalarini (yuk, yo‘lovchi va maxsus transport vositalari bundan mustasno) majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha funksiyalari bosqichma-bosqich yuridik shaxslar - tadbirkorlik subyektlariga ular ko‘rsatadigan xizmatlar uchun qat’iy narxlar hamda ichki ishlar organlari bilan o‘zaro hamkorlikka oid talablarni o‘rnatgan holda o‘tkazila boshlagan edi.

JAHONGIR tayyorladi.