Qishloq xo'jaligi 12.04.2019 16

2019-YIL HOSILI: PROGNOZ BOR, UNGA AMALDA ERISHISH ESA FIDOYILIKNI TALAB ETADI

Oziq-ovqat xavfsizligi

Joriy yilda viloyatimizda qariyb 70 ming tonna sabzavot, 174 ming tonnadan ziyod poliz mahsuloti yetishtirish prognoz qilinmoqda. Ushbu davrda hududdagi bog‘ va tok qator oralaridan ham maqsadli foydalanishga e’tibor qaratiladi. Shu orqali iste’mol bozoriga qo‘shimcha 54 ming 541 tonna noz-ne’mat yetkazib beriladi. Shuningdek, g‘alladan bo‘shaydigan maydonlarda ham takroriy ekin sifatida ekilgan ekinlardan 815 ming tonnadan ko‘p hosil olish ko‘zda tutilayapti.  Mazkur mahsulotlar aholi, qayta ishlovchi korxonalar ehtiyojini qoplashga xizmat qiladi, bir qismi eksportga chiqariladi, zaxiraga va urug‘likka qoldiriladi.

Ko‘rinib turibdi, marra yuqori olingan. Demak, vohamiz sohibkorlari zimmasida katta mas’uliyat bor. Xo‘sh, ushbu maqsadlar ro‘yobiga qay tariqa erishiladi, buning uchun qanday chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan? Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 29-martdagi "2019-yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish va mahsulot yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida"gi qarorida bunga to‘liq javob berilgan.

Qayd etilishicha, ushbu hujjat bilan agrar jabhadagi ayrim muammolarni ham tizimli bartaraf etish, ilg‘or xorijiy tajribani amaliyotga tatbiq etish evaziga yuqori hosildorlikka erishish nazarda tutilgan. Jumladan, sabzavot, poliz va dukkakli ekinlarni har bir hududning iqlim-sharoiti, suv ta’minoti, tashqi bozorning mahsulot turi va yetkazib berish muddatlariga bo‘lgan talablari asosida joylashtirish ustuvorlik kasb etadi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning moddiy resurslar, xususan, mineral o‘g‘it, yonilg‘i-moylash materiallari va kimyoviy vositalar bilan o‘z vaqtida va yetarli darajada ta’minlanishi chorasi ko‘riladi.

Hukumat qarorida aynan qancha maydonda mahsulot parvarishlanishi, mavsumda qancha hajmda hosil yetishtirish taxmin qilinayotgani, kelgusida ularni realizatsiya qilish choralari, dehqonchilik uchun ishlatiladigan asosiy vositalar sarf-xarajati hududlar kesimida aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Shu ma’lumotlarning viloyatimizga taalluqli qismiga to‘xtalib o‘tsak.

Keltirilishicha, vohamizda bu yil sabzavot yetishtirishga 4 ming 75 gektar, poliz mahsuloti parvarishiga 10 ming 200 gektardan oshiq, kartoshka uchun 1237 gektar, dukkakli va moyli ekinlarga esa mos ravishda 7359 va 2100 gektar maydon ajratilgan. Bu boradagi salmoq o‘tgan yillarda paxta maydonlari qisqartirilishi natijasida yanada oshgani ahamiyatli.

Sabzavotchilik uchun mo‘ljallanayotgan maydonlardagi eng katta ulush achchiq qalampirga tegishli - bu turdagi ekin 2100 gektar joyni egallaydi. Piyoz (441 gektar), pomidor (392 gektar), sabzi (248 gektar), sarimsoq piyoz (163 gektar) ekilish ko‘lami bo‘yicha achchiq qalampirdan keyingi o‘rinda turadi. Baqlajon, bodring, gulkaramning har qaysisi uchun ajratilgan yer 100 gektarga yetmaydi.

Tarvuz yetishtirishda Qashqadaryo respublikada eng yirik ta’minotchi bo‘lishi kutilayapti. Chunki ushbu poliz mahsuloti uchun mamlakat bo‘yicha ajratilgan eng ko‘p maydon (8634 gektar) aynan viloyatimizda.  Polizchilikka ixtisoslashgan boshqa xo‘jaliklar esa 302 gektarda qovun, 1268 gektar joyda qovoq parvarishi bilan mashg‘ul bo‘ladi. Dukkaklilardan mosh va loviya asosiy ekin sifatida yetishtirilmaydi. Biroq no‘xat (6138 gektar) va yeryong‘oq (1120 gektar)dan olinadigan hosil salmoqli bo‘lishini aytish mumkin. 1600 gektarda parvarishlanajak soya hamda 500 gektarda o‘stirilajak kungaboqar o‘simligi hududdagi mavjud qayta ishlash korxonalarini xom ashyo bilan ta’minlashga kifoya qiladi.

Shuningdek, joriy yilda viloyatimizda 36 ming gektardan ziyod maydonga ozuqa ekinlari joylashtiriladi. Beda (21 ming 30 gektar), don va silos uchun makka (qariyb 14,5 ming gektar), xashaki lavlagi shular jumlasidan. Qolaversa, 700 gektar joyda intensiv bog‘, 487 gektar maydonda yangi tokzor, 869 gektar hududda yangi tutzor barpo etilishi belgilangan.

Tegishli qarorda ushbu davrda asosiy ekinlardan olinajak hosilning prognoz hajmlari ham tasdiqlangan. Xususan, sabzavotchilikda 10 ming tonnadan ortiq pomidor, 11 ming tonna atrofida piyoz, 29 ming tonna achchiq qalampir, 5,5 ming tonna sabzi hosili olish mo‘ljallanayapti. Rejadagi  144 ming tonna tarvuz, 27 ming 633 tonna kartoshka, 24 ming tonna qovoq, 7,5 ming tonna no‘xat, 5 ming 660 tonna qovun ham bozorlarimiz to‘kinligini ta’minlashi tayin.

Vohamizdagi 16 ming 183 gektar bog‘ hamda 6 ming 529 gektar tokzorlardagi qator oralari ham rizqimiz mo‘l bo‘lishida muhim omil sanaladi. Ushbu joylarda ham dehqonchilik bilan shug‘ullanish, mahsulot yetishtirish har jihatdan samarali, yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun zarur. Albatta, joriy mavsumda vohamizda bu imkoniyat to‘laqonli ishga solinishi kerak. Shu maqsadda 4 ming gektardan ko‘p qator orasiga qishloq xo‘jaligi ekini joylashtiriladi. Shuning 2476 gektari sabzavotga, 1411 ming gektari dukkakli ekinlarga, 130 gektari poliz mahsulotlari yetishtirishga ajratiladi. Ko‘tarilajak hosilning asosiy ulushi sabzavot (50 ming tonna) hissasiga to‘g‘ri kelishi reja qilingan.

* * *

2019-yilda g‘alla hosilidan bo‘shaydigan 141 ming 800 gektar yerning 38 ming gektaridan ham samarali foydalaniladi. Takroriy ekin sifatida tanlangan mahsulotlar orasida sabzavot, kartoshka, poliz, kungaboqar, dukkakli va ozuqa ekinlarini sanab o‘tish mumkin. Natijada viloyatda sabzavot hosili 60 ming, kartoshka 33 ming, poliz mahsuloti 5,6 ming, dukkaklilar 5,6 ming tonnaga ko‘payadi. Chorva uchun 710 ming tonna qo‘shimcha ozuqa tayyorlashga zamin yaratiladi. 

Qashqadaryoda bu boradagi ishlarni ko‘ngildagidek amalga oshirish uchun esa deyarli 10 ming tonna yonilg‘i-moylash materiali, 13 ming 331 tonna mineral o‘g‘it, 12 ming tonnadan ziyod urug‘lik ajratiladi. Umumiy xarajatlar summasi 251 milliard 500 million so‘mga baholangan.

Albatta, yetishtirilajak mahsulot o‘z bozorini, iste’molchisini topadi. Hukumat qarorida shu masalaga ham e’tibor qaratilgan. Tegishli prognozga ko‘ra, viloyatimizda ishlab chiqariladigan 640 ming tonnadan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotining 75 ming 481 tonnasi xorijiy mamlakatlarga eksport qilinadi. 66 ming 137 tonna noz-ne’mat qayta ishlash korxonalari barqaror faoliyatini ta’minlaydi. Zaxiraga 30 ming 532 tonna, urug‘lik uchun 9 ming tonna hosil qoldiriladi. 27 ming 446 tonna mahsulot esa Toshkent shahri va boshqa yerlarda tashkil etiladigan yarmarkalarga yetkazib beriladi. Qolgan 432 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsuloti ichki iste’molni qanoatlantirishi ko‘zda tutilgan.

Hujjatda 2019-yil hosili realizatsiyasining agrar jabha tarmoqlari bo‘yicha taqsimoti ham berilgan. Ko‘rish mumkinki, vohamiz mirishkorlari yetishtirgan 31 ming tonna poliz mahsuloti, 14 ming tonna sabzavot, 9 ming 500 tonna dukkakli tashqi bozorga yo‘llanadi. Kartoshka esa ichki iste’moldan ortmaydi.

Viloyatda barcha xo‘jaliklar tomonidan yetishtiriladigan meva hajmi 135 ming 685 tonnani tashkil etishi taxmin qilingan. Shuning 7 ming 256 tonnasidan chet elliklar bahramand bo‘ladi. Meva-chevani qayta ishlash ko‘lami (28 ming 356 tonna) Qashqadaryoda boshqa hududlarga nisbatan ko‘p bo‘lishi ham ahamiyatli. Shuningdek, vohamizda 5,5 ming tonna mahsulotni qish-bahor mavsumi uchun saqlash imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, uzumchilik tarmog‘ining mahsuldorligi ham sezilarli oshishi kutilmoqda. Vohamizda mavsumda qariyb 60 ming tonna hosil jamg‘arish maqsad qilingan. 13 ming tonnadan ortig‘i eksportga jo‘natilsa, 18 ming tonnasi sanoat korxonalarida qayta ishlanadi.

Avval - boshda aytganimizdek, joriy yilda vohamizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari salmoqli. Endi esa hamma gap raqamlarni hayotga ham ko‘chirishda, amalda ro‘yobga chiqarishda qoldi. Asosiysi, natijaga erishish uchun barcha resurs va shart-sharoit bor, yil ham barakali keldi. Viloyatda bozorlar to‘kinligini, noz-ne’matlar narxlari barqarorligini  ta’minlash shu yo‘lda bajariladigan sa’y-harakatlarga bog‘liq.

M.SHUHRATOV