Iqtisodiyot 11.01.2019 30

2019-YILDA KIM, QANCHA SOLIQ TO‘LAYDI?

Islohot qirralari

2019-YILDA KIM, QANCHA SOLIQ TO‘LAYDI?

Ma’lumki, mamlakatimizda joriy yilgi soliq siyosatiga bir qator o‘zgarishlar kiritildi. Ahamiyatlisi, bu boradagi islohotlar ko‘lami juda salmoqli. Ko‘zlangan maqsad soliq solish tizimini yanada takomillashtirish, soliqlar sonini qisqartirish, aholiga va xo‘jalik yurituvchi subyektlarga soliq yukini kamaytirishdan iborat. Albatta, bu holat yurtimizda ishbilarmonlik muhiti tubdan yaxshilanishi, iste’mol bozorining raqobatdosh mahsulotlar bilan to‘lishi, odamlarning xarid qobiliyati o‘sishi va daromad manbai sezilarli ko‘payishiga xizmat qiladi.

Xo‘sh, 2019-yil 1 yanvardan e’tiboran soliq sohasida qanday muhim o‘zgarish va yangiliklar kuchga kirdi? Bu o‘z navbatida soliq to‘lovchilarga qanday yengillik va qulaylik taqdim etadi? Quyida shular xususida so‘z yuritamiz.

Tovar aylanmasiga qarab tasniflanadi

Sir emaski, xo‘jalik yurituvchi subyektlarni soliqqa tortishning 2 xil rejimi mavjud. Ya’ni ular yagona soliq to‘lovi va umumbelgilangan soliq to‘lovini to‘laydiganlarga bo‘linadi. Endilikda bu subyektlar yalpi tushumiga ko‘ra tasniflanadi. Yangi tartibga asosan, 2018 yil yakuni bo‘yicha yillik tovar aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshmagan yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlar yagona soliq to‘lovini to‘lashda davom etadi.

2019-yildan boshlab, yagona soliq to‘lovining bazaviy stavkasi 4 foizni tashkil qiladi. Shu bilan birga, soliq solish obyektiga ega bo‘lgan barcha yagona soliq to‘lovchilar mol-mulk, yer va suv solig‘ini to‘lashga majburdirlar. Ular uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini ixtiyoriy asosda to‘lash imkoniyati saqlab qolinadi.

O‘z-o‘zidan ravshanki, o‘tgan yilni 1 milliard so‘mdan ziyod yalpi tushum bilan yakunlagan yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlar umumbelgilangan tartibda soliq to‘lovini to‘lashga o‘tadi.

Kimlar uchun foyda solig‘i kamayadi?

Yuridik shaxsning foyda solig‘ida asosiy o‘zgarishlar soliq stavkalariga hamda chegiriladigan va chegirilmaydigan xarajatlar tarkibiga tegishli bo‘ldi. 2019-yilda foyda solig‘i stavkasi ko‘pchilik yuridik shaxslar uchun kamaytirildi. Masalan,

- tijorat banklari uchun  - avvalgi 22 foizdan 20 foizga;

- boshqa yuridik shaxslar uchun (ayrimlaridan tashqari) - ilgarigi 14 foizdan 12 foizga. 

Shu bilan birga, sement (klinker) va  polietilen granulasi ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslar uchun soliq stavkasi  20 foizga oshirildi.  Ilgari bu miqdor   14 foiz edi.

2019-yildan dividend va foiz ko‘rinishdagi daromadlarga soliq stavkasi 10 dan 5 foizga tushirildi. Bunda yuridik va jismoniy shaxslar uchun to‘lov manbaida soliq solish tartibi saqlab qolindi. Norezidentlardan ularga tegishli dividend va  foizlar bo‘yicha undiriladigan soliq stavkasi esa o‘zgarmadi - 10 foiz.

Mahsulot, ishlar va xizmatlar tannarxini pasaytirish maqsadida 2019-yildan binolar va imoratlar uchun amortizatsiya meyorlari 5 foizdan 3 foizga kamaytirildi. Amortizatsiya normalari pasaytirilishi xo‘jalik yurituvchi subyekt xarajatlari qisqarishiga va foydasi o‘sishiga olib keladi.

Yuridik shaxs yer solig‘i o‘zgardi

Joriy yilda yuridik shaxslar mol-mulki solig‘i stavkasi ham 5 foizdan 2 foizga kamaydi. Ushbu soliq to‘lovchilarning yer solig‘i stavkasi esa 1,2 baravar oshirildi.

2019-yilda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi o‘rtacha 1,2 baravar indeksatsiya qilindi.

Soddalashtirilgan QQS

1-yanvardan boshlab yalpi tushumi uch milliard so‘mdan oshmaydigan korxonalar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibi amal qiladi. Ushbu o‘zgarish kichik biznes subyektlari QQS solig‘ini to‘lashi va mazkur soliq bo‘yicha hisob-kitoblarni soddalashgan tartibda olib borishda ko‘nikma hosil qilishi uchun kiritilmoqda.

Bundan tashqari, bu tartib 2021-yilning 1 yanvariga qadar joriy etilib, o‘tish chorasi hisoblanadi va soliq ma’muriyatchiligi sifatini yaxshilash uchun asos shakllantirish imkonini beradi. Soliqni hisoblash va to‘lash tartibi ixtiyoriy bo‘lib, korxonalar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashning umumbelgilangan tartibiga o‘tishlari mumkin bo‘ladi.

Jismoniy shaxslar daromadi ortadi

Mehnatga haq to‘lash fondining soliq yukini keskin kamaytirish maqsadida 2019-yildan amal qilayotgan 4 pog‘onali soliq shkalasi o‘rniga yagona 12 foizli stavka qabul qilindi. Shuningdek, soliq solishdan to‘liq ozod qilingan jismoniy shaxslar ro‘yxati qisqartirilib, huquqni muhofaza qiluvchi va ma’muriy organlar xodimlarining daromadini soliqqa tortish belgilab qo‘yildi.

2019-yildan mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlardan ushlab qolinadigan 8 foizli sug‘urta badallari ham bekor qilindi. Bu o‘zgarish hamda jismoniy shaxslar daromad solig‘i yagona stavkasi o‘rnatilishi ishlovchilar qo‘lida ko‘proq mablag‘ qolishiga imkon yaratadi.

Yagona ijtimoiy to‘lov stavkalari belgilandi

Budjet tashkilotlari va davlat korxonalari, shuningdek, ustav fond (kapital)idagi ulushining 50 foizidan ortig‘ini davlat ulushi tashkil etuvchi yuridik shaxslar 25 foiz miqdorida yagona ijtimoiy to‘lov to‘laydi. Boshqa soliq to‘lovchilar uchun esa ushbu stavka 12 foiz etib belgilandi.

Shuningdek, 2019 yil 1 yanvardan boshlab davlat  maqsadli jamg‘armalariga 3,2 foiz stavkadagi majburiy ajratmalar bekor qilindi.

Soliq qarzi plastik kartadan undirilmaydi

Yana bir jihati, 2019-yilgacha amalda bo‘lgan bir qator tartiblar bekor qilindi. Endilikda chakana savdo korxonalarida yagona soliq to‘lovining eng kam miqdori YATTdan kam bo‘lmasligi qoidasi amal qilmaydi. Yagona soliq to‘lovining eng kam miqdori yer solig‘ining 3 karrasidan kam bo‘lmasligi haqidagi tartib ham o‘z kuchini yo‘qotdi. Joriy yildan boshlab ulgurji savdo korxonalari 5 foiz bo‘nak to‘lovi to‘lamaydi. Ilgari yuridik shaxslarning yuk mashinalari uchun YATTdan kam bo‘lmagan miqdorda soliq to‘lashi to‘g‘risidagi normaga rioya qilingan bo‘lsa, endi bu bekor bo‘ldi. Bundan tashqari, soliqdan qarzi bo‘lganda jismoniy shaxslarning plastik kartochkalaridan EKOIHning 2 baravari miqdorigacha majburiy undirish tartibi mavjud edi. Joriy yildan boshlab bunga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qarzdorlarga nisbatan chora kuchayadi

Soliq kodeksining 120-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, soliq qarzdorligi uchun hisoblanadigan penya miqdori 0,033 foizdan 0,045 foizga oshirilmoqda. Agar penyani hisoblash soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshirilsa, 0,06 foiz qilib belgilandi.

Tegishli qonun bilan Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgarishga asosan, benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq o‘rniga hamda mobil aloqa xizmatiga  aksiz solig‘i joriy  etilmoqda. Respublika yo‘l fondining tugatilishi munosabati bilan Soliq kodeksidagi Respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘imlar nomi avtotransport yig‘imlari deb o‘zgartirilmoqda.

Soliq tekshiruvining yangi turi qo‘llanadi

Soliq kodeksining 68-moddasiga kiritilayotgan o‘zgarishlarga asosan, davlat soliq xizmati organlarida mavjud bo‘lgan soliq solish obyektlari va u bilan bog‘liq obyektlar to‘g‘risidagi axborotni aniqlashtirish maqsadida davlat soliq xizmati organlari zaruratga qarab, lekin yiliga ko‘pi bilan bir marta soliq to‘lovchida ko‘zdan kechirish hamda so‘rov o‘tkazishni amalga oshirishga haqli. Tafovutlar aniqlangan taqdirda keyinchalik soliq solinadigan bazaga tuzatishlar kiritiladi.

Soliq kodeksiga tekshiruvning yangi turi - mavzuli ekspress-o‘rganish joriy etishni nazarda tutuvchi yangi 712-modda kiritildi. Mavzuli ekspress-o‘rganish kameral nazorat natijalari bo‘yicha joyiga chiqqan holda soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan axborotning ishonchliligini hamda soliq to‘lovchining hisobotlarida aks ettirilgan soliq va bojxona imtiyozlarini qo‘llashning qonuniyligini tasdiqlash uchun amalga oshiriladi.

Soliq kodeksining 71-moddasi ("Naqd pul tushumi kelib tushishining xronometraji")ga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Endilikda bu modda "Xronometraj ko‘zdan kechirish" deb nomlanadi. YA’ni soliq xizmati xodimlari tomonidan nafaqat naqd pul tushumlari hajmlari, balki ishlab chiqarish hajmlari va tovar (ish, xizmatlar) realizatsiya qilish hajmlari ham monitoring qilinadi (o‘rganiladi). Bunda xronometraj ko‘zdan kechirishni o‘tkazish muddati yetti kalendar kundan ortiq bo‘lmasligi kerak.

Yangi soliq islohoti soliqlarni soddalashtirish, soliq yukini teng taqsimlash, biznesni xufiyona iqtisodiyotdan ochiq ishlashga chiqarish, investitsiya jozibadorligini oshirishda yordam beradi.

Viloyat Davlat soliq boshqarmasi bilan hamkorlikda M.SHUHRATOV tayyorladi.