Jamiyat 09.08.2019 31

22 MILLIARD SO‘M QARZ TURGAN JOYDA FAQAT O‘Z MANFAATLARINI O‘YLASHIBDI

Ijro jarayonida

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2012-yil 15-martda ro‘yxatga olingan "Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini hisobdan chiqarish tartibi to‘g‘risida"gi yo‘riqnomada maqsadli mablag‘lar taqsimoti (asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘idan tashqari) faqat maqsadli to‘lovlar uchun kelib tushgan mablag‘lar asosida yo‘naltirilishi belgilangan.

Biroq Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi hisobidagi "Ko‘prik-yo‘l qurilish boshqarmasi" sho‘ba korxonasida buning aksiga qo‘l urilgan.

Aniqrog‘i, korxona tomonidan G‘uzor tuman davlat soliq inspeksiyasi foydasiga soliq hamda boshqa tadbirkorlik subyektlari foydasiga jami 22 milliard so‘mlik qarz va boshqa xarajatlar to‘lab berilishi belgilangan. Undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari bo‘yicha korxonaning "Mikrokreditbank" Koson filialidagi barcha hisob raqamlariga band solinib xatlangan bo‘lsa-da, korxona va bank mansabdor shaxslari o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilishgan.

Bu haqda Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, korxona hisob raqamlariga 2019-yil yanvar-may oylarida kelib tushgan jami 8 milliard 712 million 754 ming so‘m mablag‘ning 4 milliard 234 million 783 ming so‘mi asosiy hisob raqami orqali ijro hujjatlari bo‘yicha soliq va boshqa tadbirkorlik subyektlari qarzdorligi yoki boshqa to‘lovlari uchun to‘lab berilmasdan, korxona va bank ehtiyojlari uchun maqsadsiz yo‘naltirilgan. O‘z navbatida bu orqali fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga hamda jamiyat va davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan "Mikrokreditbank" ATB Koson filiali hamda "Ko‘prik-yo‘l qurilish boshqarmasi" sho‘ba korxonasi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoyat ishi tegishliligi bo‘yicha  dastlabki tergov harakatlari olib borish masalasini hal qilish uchun viloyat prokuraturasiga yuborildi.

N.XO‘JAYEV