Jamiyat 13.09.2019 43

24 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib, iste’molga yaroqsiz yog‘ ishlab chiqargan

Ijro jarayonida

Yakkabog‘ tumanidagi Uyg‘ur qishlog‘ida yashovchi A.N. "tadbirkorlik"ning o‘ziga xos yo‘lini tutibdi: yashash uyining yordamchi xo‘jalik xonasida  zig‘ir doni va chigitni qayta ishlaydigan qo‘lbola sex tashkil qildi.

Nomidan ko‘rinib turibdiki, qo‘lbola mahsulotning odam salomatligiga zarar yetkazmasligiga kafolat yo‘q, boz ustiga faoliyat ham qonuniy emas.

O‘rganishlar davomida 2 dona juvoz uskunasi, kunjara maydalash uskunasi, 27 litr o‘simlik yog‘i, 154 kilogramm chigit va 13 kilogramm kunjara xolislar va mutaxassislar ishtirokida tegishli tartibda ashyoviy dalil tariqasida protsessual rasmiylashtirib olingan.

Sanitariya-epidemiologiya nazorati sohasi mutaxassislari xulosasida zig‘ir doni, paxta chigiti aralashmasidan press usulida ishlab chiqarilgan yog‘simon mahsulot tegishli talablarga javob bermasligi, iste’molga yaroqsizligi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, mazkur holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshirish davomida A.N. Vazirlar Mahkamasining "Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori talablariga zid ravishda elektr tarmog‘iga yashirin yo‘llar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib olib, 487 kun davomida 81 ming 816 kVt/soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishi oqibatida tuman elektr ta’minoti korxonasi manfaatlariga 24 million 135 ming so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazgani aniqlangan.

Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, tergovga qadar tekshirish natijasiga asosan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga tegishlilik masalasini hal qilish uchun jinoyat ishi Yakkabog‘ tuman prokuroriga yuborilgan.

N.XO‘JAYEV