Iqtisodiyot 09.04.2019 16

250 MILLION SO‘MLIK KO‘MAK NIMANI O‘ZGARTIRDI?

Sanoat

G‘uzor tumani vohamizning sanoatlashgan hududlaridan biri hisoblanadi. Ushbu mintaqaning viloyat miqyosida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmidagi ulushi salmoqli.  Joriy yilning dastlabki ikki oyida mazkur hududda qiymati qariyb 600 milliard so‘mga teng sanoat tovarlari ishlab chiqarilgani ham fikrimiz tasdig‘i bo‘la oladi. Ammo bu to‘la xursand bo‘lish uchun yetarli emas. Negaki bu ko‘lamning asosiy qismi tumandagi yirik industriya hissasiga to‘g‘ri keladi. Kichik biznes vakillari esa iste’mol bozoriga bu turdagi mahsulotlarning atigi 1,7 foizini yetkazib berayapti, xolos.

G‘uzor tumanida joylashgan, sanoat yo‘nalishidagi "Golden Zohirshoh" mas’uliyati cheklangan jamiyati ham o‘z faoliyatini o‘tgan yili boshlagan. Bugungi kunda korxona tomonidan alyumin profilli eshik-romlar, vitrajlar ishlab chiqarilmoqda. Asosan aholi buyurtmasi bo‘yicha ish olib borayotgan tadbirkorlik subyekti bultur 1 milliard so‘mlikdan ortiq mahsulotni realizatsiya qilishga erishgan.

- Mahsuldorlikni bu darajaga yetkazishning o‘zi bo‘lgani yo‘q, - deydi korxona ish yurituvchisi Asror Soatov. - Biznesni kengaytirish maqsadida qiymati 400 million so‘mlik loyihani ro‘yobga chiqardik. Gap shundaki, yosh tadbirkor bo‘lganim uchun "Yoshlar - kelajagimiz" dasturi doirasida moliyaviy ko‘mak olishni o‘ylab yurgandik. 2018-yili yozda jamg‘armaning hududiy bo‘limiga taklif berdik. Tashabbusimiz qo‘llab-quvvatlanib, 250 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Qolgani o‘z sarmoyamiz. Loyiha tez fursatda amalga oshdi. Mablag‘ni xom ashyo va zamonaviy dastgohlar xarid qilishga ishlatdik. Qo‘shimcha 4 ta ish o‘rni yaratdik. Mana, korxonamizda ishlab chiqarish o‘sishiga turtki bo‘lgan asosiy omil. Joriy yilda ham ko‘rsatkichlarni yaxshilash, qo‘shimcha yo‘nalish sifatida issiqxona sharoitida mahsulot yetishtirishni tashkil etishni mo‘ljallayapmiz.

Qayd etish joiz, 2019-yil boshidan buyon G‘uzor tumanida bor yo‘g‘i 10 dan ortiq yangi sanoat quvvati tashkil etilgan. Bu ko‘rsatkich hududlar kesimida eng past natija sanaladi. Albatta, mavjud holat hududda ayni yo‘nalishda ko‘proq ish olib borish kerakligini, ayniqsa, oziq va nooziq-ovqat yo‘nalishida yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi-yangi sanoat korxonalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish zaruratini namoyon etadi. Modomiki, muhim xom ashyo resurslariga ega G‘uzordek hududda bunga barcha sharoit bor.

Mirzohid JO‘RAYEV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.