Jamiyat 30.08.2019 28

28 yil: SUD-HUQUQ SOHASIDAGI O‘ZGARISHLAR ODAMLARGA NIMA BERDI?

Istiqlol odimlari

O‘tgan qisqa davr mobaynida xalqimiz barcha sohalarda asrga tatigulik yutuq va natijalarni qo‘lga kiritdi, yuksak marralarni egalladi. Buni sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar misolida ham ko‘rish mumkin.

Jumladan, huquqni qo‘llash va sud amaliyotiga yarashuv instituti kiritilgani muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Yarashuv institutining talabiga ko‘ra, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoiy qilmishni sodir etgan shaxs jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni to‘liq qoplab bergan taqdirda jinoiy javobgarlikka tortilmaydi. Bu xalqimizning bag‘rikenglik va kechirimlilik tamoyillariga ham mos keladi.

O‘lim jazosi bekor qilinib, uning o‘rniga umrbod yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilganini nafaqat yurtdoshlarimiz, balki dunyo hamjamiyati e’tirof etdi. Endilikda yurtimizda umrbod ozodlikdan mahrum qilish favqulodda jazo chorasi bo‘lib, faqat ikki turdagi jinoyat, ya’ni javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirish va terrorizm jinoyati uchun tayinlanadi. Ayni chog‘da bu jazo turi xotin-qizlar, jinoyat sodir etgan paytda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar hamda yoshi 60 dan oshgan erkaklarga nisbatan qo‘llanmaydi.

"Xabeas korpus" instituti joriy etildi, ya’ni 2008-yildan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi sudlarga o‘tkazildi, sudga qadar ish yurituv bosqichida qo‘llanadigan lavozimdan chetlashtirish va shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralari faqat sudyaning sanksiyasi asosida qo‘llanadigan bo‘ldi. Bu - fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsiz ekani, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emasligi haqidagi konstitutsiyaviy norma amalda ro‘yobga chiqishining yaqqol ifodasidir.

2014-yil 4-sentabrdagi qonunga muvofiq, uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi joriy etilib, shaxsga nisbatan uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash va uning muddatini uzaytirish sudlar vakolatiga berildi. 2015-yil 10-avgustdagi qonun bilan jazo tizimiga ozodlikni cheklash jazosi kiritildi. Bu jazo mamlakatimiz qonunchiligida yangilik hisoblanib, u tayinlangan mahkumning o‘z yashash joyini u yoki bu sabab bilan tark etishini butunlay taqiqlab yoki sutkaning muayyan vaqtida yashash joyidan chiqishi cheklab qo‘yiladi. Ozodlikni cheklash olti oydan besh yilgacha muddatga tayinlanadi hamda sud tomonidan belgilanadigan organlar nazorati ostida o‘tattiriladi.

O‘zbekistonda jinoiy jazolarni liberallashtirish siyosati jinoyat sodir etgan shaxsga, iloji boricha, jamiyatdan ajratish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni qo‘llashdan iboratligini inobatga olib, ozodlikni cheklash jazosi jinoiy jazo sifatida jamiyatimizning ijtimoiy va siyosiy-huquqiy talablariga javob beradi hamda odil sudlovni insonparvarlik g‘oyalari asosida amalga oshirishda ijobiy natija bermoqda.

E’tirof etish kerak, davlatimiz rahbarining mahkumlarni afv etish to‘g‘risidagi farmonlari xalqimizning insonparvarlik, bag‘rikenglik, kechirimlilik kabi o‘ziga xos qadriyatlarining chin ma’nodagi namunasi bo‘lmoqda. Bunga joylarda mazkur hujjat mazmun-mohiyatiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan tadbirlar, aholi bilan bevosita muloqotlarda oddiy odamlar bildirayotgan minnatdorlik so‘zlari yaqqol misol bo‘la oladi.

Bundan ko‘zlangan maqsad - faqat mahkumlarni yoki bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urgan shaxslarni jazodan ozod qilish emas, balki ular tufayli jabr tortadigan har bir oila va oila a’zolari, ayniqsa, o‘sib kelayotgan o‘g‘il-qizlarning kelgusi taqdirini hamda ularning kelajagini turli salbiy ta’sir va jiddiy sinovlardan himoya qilishdan iboratdir.

2017-yilning 1-aprelidan boshlab esa jazo tizimidan "qamoq" jazosi chiqarilib, "majburiy jamoat ishlari" jazo turi kiritildi.

Jinoiy jazolar tizimidan nisbatan qattiq ta’sir choralaridan birining chiqarilishi huquqbuzarlarga nisbatan tarbiyaviy-tuzatish ta’sir choralarining ilg‘or shakl va uslublarini keng qo‘llashga xizmat qiladi.

Shuningdek, jinoyat protsessida fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish, jinoyat ishlarini tergov qilishning tezkorligini oshirish maqsadida jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxslarni ushlab turish muddati qisqartirildi.

"Xabeas korpus" instituti qo‘llanishini yanada kengaytirish doirasida prokurorlarning pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yish va   eksgumatsiya qilish kabi tergov harakatlarini o‘tkazishga sanksiya berish bo‘yicha vakolatlari sudlarga o‘tkazildi. Bundan tashqari, sudga qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash rad etilgan taqdirda muqobil ehtiyot chorasini qo‘llash imkoniyati berildi.

Sudda ish yuritish tezkorligi va sifatini oshirish, ish bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilish muddatlarini asossiz kechiktirishni bartaraf etish, sudlarning jinoyat protsessidagi rolini oshirishga qaratilgan yangilik sifatida sud tomonidan jinoyat ishini qo‘shimcha tergovga qaytarish instituti bekor qilinganini alohida ta’kidlash joiz.

Ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni, shuningdek, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan yangi sud tizimi shakllantirildi. Ya’ni, ilk marotaba davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan fuqarolarning sudga shikoyat qilish huquqining konstitutsiyaviy kafolatlarini amalga oshirishni ta’minlashga xizmat qiladigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, tuman va shahar ma’muriy sudlari tashkil etildi.

Xususiy mulkni huquqiy himoya qilishni yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida hududlarda ishlarni birinchi instansiyada ko‘rib chiqishga vakolati bo‘lgan tumanlararo, tuman va shahar iqtisodiy sudlari tashkil etildi.

2017-yil 1-iyundan e’tiboran Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudini birlashtirish yo‘li bilan fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organi - O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tashkil etildi.

Jinoyat-protsessual kodeksiga butunlay yangi - "Dalillarning maqbul emasligi" haqidagi 951-moddasi kiritilganini ham qayd etish joiz. Unga ko‘ra, qonunga xilof usullar orqali yoki protsess ishtirokchilarini qonun bilan kafolatlangan huquqlaridan mahrum qilish yoxud ularni cheklash yo‘li bilan olingan dalillardan, shu jumladan, jinoyat protsessi ishtirokchilariga yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy yoxud boshqacha tarzda bosim o‘tkazish, qiynoqqa solish, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qo‘llagan holda; gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining himoyaga bo‘lgan huquqlarini, shuningdek, tarjimon xizmatidan foydalanish huquqini buzgan holda; mazkur jinoyat ishini yuritishni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan protsessual harakatni bajarish natijasida; noma’lum manbadan yoxud jinoyat ishini yuritish jarayonida aniqlash mumkin bo‘lmagan manbadan; surishtiruv, dastlabki tergov jarayonida jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi,  ayblanuvchi, sudlanuvchining sudda mavjud dalillar majmui bilan o‘z tasdig‘ini topmagan ko‘rsatuvlaridan olingan dalillardan dalil sifatida foydalanish taqiqlandi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, dalillarni soxtalashtirganlik (qalbakilashtirganlik) uchun 2301-moddaga asosan jinoiy javobgarlik belgilandi, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qo‘llaganlik, yolg‘on guvohlik va yolg‘on xabar berganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha advokatura institutining roli va ahamiyati kuchaytirildi.

Sudlarning jamoatchilik va OAV bilan ishlari qoniqarsiz darajada tashkil etilganligi sud faoliyatini lozim darajada yoritish imkonini bermayotganligi hamda aholining sud hokimiyatiga ishonchi pasayishiga olib kelayotganligi, shuningdek, sudyalarni moddiy ta’minlash va ijtimoiy himoya qilishning amaldagi tizimi sud hokimiyatining alohida mavqei va obro‘siga, sudyalar  mustaqilligi prinsiplariga muvofiq emasligi kasbiy o‘sishni yanada rag‘batlantirishga to‘sqinlik qilib, kadrlar qo‘nimsizligiga olib kelayotganligi inobatga olinib, Oliy sud veb-saytida sud qarorlarini tizimli ravishda e’lon qilish tartibini bosqichma-bosqich joriy etish, qabul qilingan sud hujjati o‘qib eshittirilganidan so‘ng uning mazmun-mohiyatini sud protsessi ishtirokchilariga tushuntirish, sudlar faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish maqsadida har chorakda viloyat sudlari  raislari va ularning o‘rinbosarlari tomonidan brifinglar o‘tkazish, sud amaliyoti obzorlarini har chorakda e’lon qilish amaliyoti joriy etildi.

Ma’lumki, bugungi kunda shaxsga doir ma’lumotlarni muhofaza qilish xolis voqelikka aylandi. Bunday ma’lumotlarni muhofaza qilish, undan turli g‘arazli maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik, shu asnoda shaxsiy hayot daxlsizligini ta’minlash masalasi har qachongidan ko‘ra dolzarb ahamiyatga ega.

Bu borada "Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilinishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 462-moddasi va Jinoyat kodeksi 1412-moddasi bilan to‘ldirilib, ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilandi.

O‘tgan davr mobaynida sudyalar va sud apparatlari xodimlarining lavozim maoshlari oshirildi, malaka darajasi va mansab darajasiga ega bo‘lgan sudlar va sud apparati xodimlariga alohida mehnat sharoitlari uchun lavozim maoshlariga qonun hujjatlarida belgilangan rag‘batlantiruvchi qo‘shimcha haq va ustamalarni hisoblashda lavozim maoshi tarkibiga kiritiladigan ustama miqdori ko‘paytirildi, sudyalarning davlat organlari va tashkilotlarida ishlagan vaqti ularning ushbu organ va tashkilotlardagi mehnat faoliyati boshlangan paytdan boshlab sudyalik stajiga kiritilishi belgilandi.

Umuman olganda, sohadagi islohotlardan ko‘zlangan maqsad shu muqaddas zaminda yashayotgan har bir insonning haq-huquqlarini ta’minlash, hayotdan rozi bo‘lib yashashiga erishishdir. Shunday ekan, ezgu maqsadlarga xizmat qilishni faoliyatimizning asosiy mezoniga aylantirib, daxldorlik hissi bilan mehnat qilish - bosh vazifamiz bo‘lib qoladi. 

Shahzod BAXTIYOROV, 

jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi sudyasi

Saddam ORZIQULOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudlari sudyalari malaka hay’ati kotibi