Qishloq xo'jaligi 09.07.2019 70

39 FERMER NIMADAN SHIKOYAT QILDI?

O‘rganish va natija

Ko‘p vaqt o‘tmadi: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-yanvardagi tegishli qaroriga asosan mamlakatimizda fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarining yer maydonlari maqbullashtirildi. Xususan, viloyatimizda ham shu maqsadda bir qator, asosan samarasiz faoliyat yuritib kelayotgan fermer xo‘jaliklari tugatilib, ularning o‘rnida yangilari tashkil etilgan yoki yerlari boshqa ilg‘or xo‘jaliklarga qo‘shib berilgan.

Ammo tan olish joiz, mazkur jarayonda ko‘plab ziddiyatli vaziyatlar, manfaatlar to‘qnashgan holatlar yuzaga kelgani sir emas. Yeri olib qo‘yilgan fermerlar tomonidan turli idora va tashkilotlarga yo‘llanayotgan shikoyatlar salmog‘i ham shundan dalolat. Natijada Vazirlar Mahkamasining tegishli topshirig‘i bilan Respublika ishchi guruhi tuzilib, shu turdagi murojaatlar bo‘yicha o‘rganish o‘tkazmoqda. Jumladan, ishchi guruh to‘rt kun davomida Qashqadaryoda bo‘lib, viloyat hokimligi vakillari, Xalq qabulxonasi, shuningdek hududlardagi sektorlar rahbarlari,  tegishli idora va tashkilotlar mas’ullari ishtirokida fermer xo‘jaliklarining yer maydonlarini maqbullashtirish bilan  bog‘liq ariza va shikoyatlarni o‘rganib chiqdi.

O‘rganish davomida 39 ta ana shunday murojaat mualliflari bilan yuzma-yuz suhbat o‘tkazildi. Bildirilgan e’tirozlar o‘rganilib, muammoni shaffof va adolatli tarzda hal etish choralari ko‘rildi.

Misol uchun, Qamashilik sobiq fermer Chorshanbi Qoraxonovning 1 gektar bog‘ maydoni hududdagi "Berdimurodov Xudoyqul" fermer xo‘jaligiga qo‘shib berilgan. Murojaat muallifi yeri olib qo‘yilishidan norozi emas, ammo boshqa fermerga berilishi tarafdori. Agar shunday qilinsa, u o‘z yerida hechqursa ishchi bo‘lib ishlashi mumkin. Ammo hozirgi fermer bilan murosa qila olmayapti.

Nishonlik Rahimjon Maksimov "Aknazarov Yunus Rajabovich" fermer xo‘jaligining 100 gektar yer maydonidan 10 gektari "Yusupov Ibragim bobo" va "Choriyev Baxriddin" fermer xo‘jaliklari tomonidan noqonuniy egallab olinganligi bo‘yicha murojaat qilgan.

Ishchi guruh tomonidan mutasaddilarga 3 kun ichida joyiga chiqib, fermer xo‘jaliklari yer maydonlarini o‘lchovdan o‘tkazish hamda chegaralarini aniq belgilab berish topshirildi.

Shuningdek, yana bir qator shikoyatlar borki, fermer yillar davomida yerga egalik qilgan, ammo rivojlanish yo‘q. Yerdan samarasiz foydalangan, shartnoma rejalari bajarilmagan. Yana yeri olib qo‘yilganidan norozi.

Misol uchun, G‘uzor tumanilik Humoyun Buxorov "Abror O‘ral o‘g‘li" fermer xo‘jaligining paxta-g‘allachilika ixtisoslashgan 100 gektar maydoni noqonuniy ravishda tuman zaxirasiga olinganini bildirgan. Ammo ishchi guruh ishtirokida holat to‘liq o‘rganilganda, ushbu xo‘jalikda yerdan samarasiz foydalanib kelinayotgani, jumladan, 2019-yil hosili uchun chigit ekilishi rejalashtirilgan 8,5 maydonga boshqa ekinlar joylashtirgani aniqlandi. Ya’ni yerlardan maqsadsiz va samarasiz foydalanilganligi uchun yer maydoni qonuniy asos bilan qaytarib olingan. Fermerga bu haqda tushuncha berildi.

Yoki Shahrisabz tumanidagi "Avazov Ilxom Suyunovich" bog‘dorchilik fermer xo‘jaligini olaylik.

Fuqaro Badiyeva Zebuniso mazkur xo‘jalikning 4,5 gektar yer maydoni Fermerlar kengashi xulosasi asosida olib qo‘yilganligidan norozi. Holat o‘rganilganda, fermer ushbu bog‘dan samarasiz foydalanilgani, jumladan, 0,01 gektar maydonda noqonuniy qurilish qurgani aniqlanib, dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Umumiy hisobda, ishchi guruh o‘rgangan murojaatlarning 34 tasida fermer xo‘jaliklari yer maydoni noqonuniy ravishda qaytarib olinganligi, 1 tasida yer maydoni qaytarib olingan, lekin xarajatlari qoplab berilmaganligi bildirilgan. Yana 4 ta murojaat esa bunga qadar hal etilganligi uchun ko‘rilmasdan qoldirildi.

9 ta murojaat esa o‘z isbotini topmadi. Ya’ni sobiq fermer xo‘jaligi rahbarlarining o‘z arizasi yoki ekin maydonidan maqsadsiz va samarasiz foydalanishi oqibatida yeri qaytarib olingani aniqlandi.

Yana 26 ta murojaat bo‘yicha esa fuqarolar haq. Ular ko‘targan muammolar yechimi bo‘yicha aniq takliflar o‘rtaga tashlanib, shular yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Ishchi guruh tomonidan ko‘rilgan murojaatlar yuzasidan mutasaddi tashkilot va rahbarlarga yuklatilgan vazifalarning o‘z muddatida bajarilishi nazoratga olingan.

M.RAXMATOV,

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui

ustidan nazorat qilish inspeksiyasi  katta inspektori