Jamiyat 12.07.2019 20

40 MILLION SO‘MLIK SHINALAR HUJJATDA KO‘RSATILMAGAN

Bojxona nazorati

Prezidentning "Bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish va O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra, xavfni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimini to‘liq rejimda joriy etish belgilandi. Xususan, 2018-yil 1-dekabrdan "sariq" va "qizil" yo‘laklar, 2019-yil 1-martdan boshlab esa "yashil" va "ko‘k" yo‘laklar ishga tushirildi. Bu yo‘laklar tovar va transport vositalarini bojxona nazoratidan o‘tkazish shakllari xavf darajasiga qarab bir-biridan farq qiladi va belgilanadi. Albatta, bu o‘zining ijobiy samarasini berib, asosiysi, tadbirkorlarning qimmatli vaqti tejalib, ish unumdorligi oshayapti.

Biroq bu kabi qulayliklardan samarali foydalanish o‘rniga noqonuniy daromadini ko‘paytirish ilinjida bo‘lganlar ham uchrab turibdi.

Viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmatidan xabar berishlaricha, kuni kecha "Nasaf" tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida chetdan import asosida olib kelingan, og‘irligi 93 ming 78 kilogramm bo‘lgan yengil avtomashina shinalari soni hujjatlarda 11 ming 164 dona deb ko‘rsatilgan. Mazkur tovar "qizil" yo‘lakka yo‘naltirilgani sababli belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, qiymati 40 million 385 ming so‘mlik 197 dona shina hujjatlarda ko‘rsatilgandan ortiqcha olib o‘tilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha tekshiruv va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Esda tutish lozimki, davlatimiz tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lida yaratilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri va maqsadli foydalanish, qonun hujjatlariga amal qilish nafaqat ishbilarmonlarga naf keltiradi, o‘z o‘rnida mamlakatimizning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

N.XO‘JAYEV