40 MINGDAN ZIYOD ADABIYOTLAR JAMLANGAN "KITOB KARVONI" HUDUDLARGA YO‘L OLDI

Ezgu tashabbus asosida

Prezidentimiz tomonidan yosh avlodga e’tiborni yanada kuchaytirish, yoshlarni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni qo‘llab-quvvatlash, uning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish bo‘yicha viloyatimizda ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Kuni kecha bo‘lib o‘tgan "Kitob karvoni" aksiyasi shu yo‘nalishdagi ishlarga bir misoldir.

Kitob targ‘ibotiga oid ko‘rgazmalar bilan jihozlangan va turli janrdagi 40 mingdan ortiq kitoblar to‘plami ortilgan "Kitob karvoni" Qarshi shahridan viloyatning barcha tuman va shaharlariga faollar va tashabbuskor yoshlar hamrohligida tantanali ravishda yo‘l oldi.

Shu kuni nashriyotlar, kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari tomonidan yurtimiz nashriyotlarida chop etilgan yangi kitoblar ko‘rgazmasi, yoyma do‘konlarda kitob savdosi tashkil etildi.

 

"Qadrdon maktabimga kitob sovg‘a qilaman", "Kutubxonaga kitob sovg‘a qilaman" xayriya aksiyalarida to‘plangan kitoblar esa chekka qishloqlarda maktablarga va ko‘chma kutubxonalar uchun berilmoqda.

Tadbir doirasida, shuningdek, Qarshi tumanida "Besh tashabbus - besh imkoniyat" shiori ostida targ‘ibot tadbirlari ham bo‘lib o‘tdi.

N.XO‘JAYEV

Suratlarda: aksiyadan lavhalar.

Murodulla KOMILOV olgan suratlar.