Iqtisodiyot 03.05.2019 33

40 TURDAN OSHIQ SPORT INVENTARLARI

Sanoat

O‘z ichki salohiyati bilan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytira olgan mamlakat iqtisodiyoti qudratlidir. Yaponiya va Xitoy singari yurtlar tajribasi bunga yorqin misol. Ayni rivojlanish ulubi bizga ham asqatadi. So‘nggi vaqtda ana shunday yangi turdagi mahsulotlar tayyorlashni o‘zlashtirayotgan tadbirkorlar safi kengayayotgani esa foydaga xizmat qilayapti.

Qarshi shahridagi  "Nasaf metall servis" mas’uliyati cheklangan jamiyati viloyatimizda birinchilardan bo‘lib sport trenajyorlari ishlab chiqarishni boshlab bergandi. O‘tgan  davrda turdosh subyektlar soni ham ko‘paydi. Shunga monand mazkur korxona taklif etayotgan mahsulot turi ortdi.

- Korxonamizda hozirgi paytda 40 turdan ortiq sport inventarlari tayyorlanmoqda, - deydi jamiyat direktori Nurbek Sirojev. - Birgina sport trenajyorlari yoniga bir qancha yangi funksiyali muqobillari qo‘shildi. Shuningdek, shtanga, gantel singari zarur anjomlarni ishlab chiqarishni ham faol o‘zlashtirdik. Bugun bir sport muassasasini ta’minlash mumkin bo‘lgan barcha inventar o‘zimizdan chiqayapti hisobi. Ularning shakli va funksiyalarini takomillashtirish ustida ishlayapmiz. Qolaversa,  metall konstruksiyalarning boshqa xillarini yasashni ham yo‘lga qo‘ydik. Bolalar maydonchalari uchun arg‘imchoqlar, suv minorasi shular jumlasidan.

Ishlab chiqarishning samarali diversifikatsiya qilingani mahsuldorlik oshishida ham muhim omil bo‘lgan. Bultur korxona qiymati 1 milliard so‘mdan ko‘p tovarni realizatsiya qilishga erishgan. Tadbirkorlik subyekti barqaror faoliyati 40 nafarga yaqin kishining mustahkam daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlamoqda.

Mirzohid JO‘RAYEV

Surat muallifi Sobir NARZIYEV.