Iqtisodiyot 05.07.2019 125

5 OYDA - 292 TA YANGI OILAVIY KORXONA

Xususiy sektor

Bugun mamlakatimizda oilaviy tadbirkorlikka aholi bandligini oshirishning maqbul yechimi sifatida qaralayapti. Albatta, bu har tomonlama yaxshi yondashuv. Bekorchilik, ishsizlik avvalo oila a’zolarining foydali ish bilan lozim darajada shug‘ullana olmayotganidan kelib chiqadi. Ularni biznesga jalb etish, kishilarda ishbilarmonlik ko‘nikmasini shakllantirish yuqori samara beradi.

Isbot o‘laroq quyidagi statistikani keltirish mumkin. 2019-yil 1-iyun holatida viloyatimizda mavjud oilaviy korxonalar soni 971 tani tashkil etgan. Shuning 950 dan ziyodi to‘laqonli faoliyat ko‘rsatayapti. Muhim jihati, bu fursatda qariyb 300 yangi oilaviy korxona ishga tushgan. O‘tgan yilning xuddi shu davri bilan solishtirsak, bu borada jiddiy o‘sish borligini ko‘rish mumkin. Atigi bir yil avval ro‘yxatdan o‘tgan oilaviy korxonalar soni 602 ta bo‘lgan, xolos. Ushbu ko‘rsatkichlar viloyatimizda ham oilaviy tadbirkorlikka qiziqish oshayotgani va u biznes yuritishning qulay shakli sifatida tobora ommalashib borayotganini bildiradi.

Shahrisabz shahridagi "Ali Mak biznes hamkor" oilaviy korxonasi ish boshlaganiga ham ko‘p bo‘lmagan. Milliy shirinliklar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur quvvat bir oila a’zolarining xayrli tashabbusi mahsulidir.

- O‘zimizga yaqin soha va shu bilan birga ishlash oson bo‘lgani uchun shu faoliyat yo‘nalishini tanlaganmiz, - deydi korxona rahbari Farhod G‘ulomov. - Ishlab chiqarish sexini yo‘lga qo‘yish uchun 100 million so‘m sarfladik. Bu yerda energiya tejamkor pechlar va uskunalar o‘rnatilgan.  Hozirda hudud aholisiga 30 xilga yaqin milliy shirinlik yetkazib berayapmiz. Mahsulotni shahrimizdagi do‘konlarga tarqatamiz. Yollanma ishchilarni qo‘shib hisoblaganda 5 kishi foydali mehnat bilan band etilgan.

Tadbirkor oilaviy korxonani yuritish har jihatdan qulay va serdaromad faoliyat ekanini aytadi. Faqat biznes yo‘nalishini tanlashda adashmaslik kerak. E’tiborlisi, bugungi kunda viloyatimizdagi oilaviy tadbirkorlik subyektlari hudud iqtisodiyotining deyarli barcha jabhalariga jalb qilingan. Misol uchun, oilaviy korxonalarning 31 foizi sanoat tarmog‘ida, 20 foizdan ortig‘i yashash va ovqatlanish xizmati ko‘rsatish sohasida band. 17 foizi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi, yana shunchasi savdo faoliyati bilan mashg‘ul. 30 ta oilaviy korxona ixtisosligi esa sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishga taalluqli.

 Mirzohid JO‘RAYEV