Qishloq xo'jaligi 17.09.2019 54

6,5 MILLIARD SO‘M SARMOY, 60 MING TUP PISTA DARAXTI VA 600 YIL DAROMAD

Qishloq xo‘jaligi

6,5 MILLIARD SO‘M SARMOY, 60 MING TUP PISTA DARAXTI VA 600 YIL DAROMAD

Bu dehqonobodlik tadbirkorning yangi loyihasida aks etgan raqamlar

Pista daraxtini ko‘pchilik xalqlar "yashil oltin", "oltin daraxti"  yoxud "kombinat daraxti" kabi nomlar bilan atashadi. Bunga sabab, pista mevasining qimmatbaholigi va undan juda ko‘p turdagi mahsulotlar olinishidir.

Haqiqatan ham, pistani barcha birdek sevib iste’mol qiladi, shu bilan birgalikda oziq-ovqat, farmatsevtika va boshqa qator sanoat tarmoqlarida bu mahsulotdan xomashyo sifatida keng foydalaniladi.

Misol uchun, ko‘pgina shirinliklar, kolbasa va qator parhez mahsulotlari tarkibida pistani uchratasiz. Farmatsevtika sanoatida ham u alohida qadrlanadi. Boisi, xandon pista yuqori diyetik mahsulot bo‘lib, tarkibi inson salomatligi uchun foydali mikroelementlar (49-60 foizgacha yog‘, 15-20 foiz oqsil va 3-8 foiz qand)ga juda boy.

Abu Ali ibn Sinoning tabobatga oid asarlarida jigar va oshqozondagi kasalliklarni davolashda pistadan tayyorlanadigan malhamlarga keng o‘rin ajratilgan. Shuningdek, pista surunkali o‘pka kasalliklarini davolashda, yurak sog‘lomligini ta’minlash, immun tizimini mustahkamlash, asablarni tinchlantirish, ko‘rish qobiliyatini yaxshilashda keng qo‘llaniladi. Terini yoshartiruvchi xususiyatga ega. Shu bois ham bugun farmatsevtika va kosmetika sanoati uchun pista muhim xomashyoga aylangan. Bundan tashqari, pista daraxti va uning qismlaridan teri oshlovchi moddalar, samolyotlar uchun qimmatbaho buyoqlar ishlab chiqariladi.

Bu jihatlarning barchasi pista daraxti va mevasi qadrini yanada oshirib, uni jahon bozoridagi eng xaridorgir va qimmatbaho mahsulotlardan biriga aylantirgan. Bugun iqlim-sharoiti ushbu ekinni parvarishlash imkonini beradigan ko‘pgina davlatlar pista yetishtirish bilan faol shug‘ullanib, juda katta daromad ko‘rishmoqda.

E’tiborli tomoni, mamlakatimizning ham ko‘pgina hududlarida pista yetishtirish uchun qulay shart-sharoit mavjud. Jumladan, viloyatimizning tog‘oldi hududlaridagi lalmi maydonlarda ham pista plantatsiyalarini barpo etib, foydalanilmay yotgan bu yerlarni muhim daromad manbaiga aylantirish mumkin.

Shundan kelib chiqqan holda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev viloyatimizga tashriflari chog‘ida Qamashi, Dehqonobod tumanlarining lalmi maydonlarida pistazorlar barpo etish bo‘yicha ko‘rsatma va topshiriqlar bergan edi. Hozirda bu borada qator chora-tadbirlar ko‘rilayapti. Yangi-yangi loyihalar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Dehqonobod tumanidagi "Ekokomfort" xususiy korxonasi rahbari Vahob Norsafarov tomonidan amalga oshirilayotgan yangi loyiha ham 270 gektar maydonda pista plantatsiyasini barpo etishni ko‘zda tutadi.

Qiziqish 3 yil oldin boshlangan edi

- Pista daraxti asosan tog‘ yonbag‘ridagi yaydoq yerlarda o‘sadi, suvsizlikka chidamli, - deydi tadbirkor. - Demakki,  tumanimiz hududida uni bemalol yetishtirish mumkin. Shuni inobatga olgan holda 3 yil avval bir gektar maydonda pistazor barpo etgan edik. Natija yomon bo‘lmadi, nihollarimizning barchasi yaxshi ko‘karmoqda. 2018 yilning dekabr oyida Prezidentimizning Dehqonobod tumanida ham pistazorlar barpo etish bo‘yicha bergan ko‘rsatmalari bizni bu ishni yanada kengaytirib, katta maydonlarda pista yetishtirishni yo‘lga qo‘yishga ilhomlantirdi.

Shundan so‘ng tadbirkor 270 gektar lalmi maydonda xandon pista plantatsiyasini barpo etish va pista daraxtlari orasida eksportga mo‘ljallangan Ko‘histon kovragi yetishtirishni ko‘zda tutadigan loyiha bilan tuman hokimligiga murojaat etadi. Tashabbus o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlanib, tadbirkorga kerakli yer maydoni ajratib berilgan.

Hozirgacha 7 kishi ishli bo‘ldi

- Loyihamizning umumiy qiymati 6,5 milliard so‘mni tashkil etadi, - deydi Vahob Norsafarov. - Shundan 2 milliard so‘mi tijorat banki tomonidan imtiyozli kredit sifatida berilgan bo‘lsa, qolgan 4,5 milliardi o‘z mablag‘imiz. Bu mablag‘ hisobidan nafaqat pista ko‘chatlarini ekish, balki ushbu maydonda keng ko‘lamdagi qurilish-bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish ham belgilangan. Chunki ishni boshidan professional tarzda yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Shu bois, ayni paytga qadar ajratilgan maydonning 11 kilometr qismi temir panjarali to‘siqlar bilan o‘rab olindi. Hududga olib boradigan 6 kilometr yo‘lga tosh-shag‘al yotqizildi, 3 kilometr masofadan elektr tarmog‘i tortib keldik. Ishchi-xizmatchilar uchun dala shiyponi qurdik. Hozirga qadar yer osti suvini tortib berishga mo‘ljallangan 2 ta artezian qudug‘i qurib bitkazildi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda. Xullas, ishning ko‘lami juda katta. Dastavval loyihada 5 kishini ish bilan ta’minlashni ko‘rsatgan bo‘lsak-da, hozir 7 kishi rasman ishlayapti, yana qo‘shimcha ishchi kuchiga ehtiyoj tug‘ilmoqda. Shu bois yaqin kunlar ichida yana 4 ishchi olishni mo‘ljallab turibmiz.

Ko‘chatni ham o‘zimiz yetishtirmoqdamiz

- Loyiha joriy yil boshida boshlangan edi. Shundan so‘ng, vaqtni yo‘qotmaslik uchun darhol ishga kirishdik. Fevral oyida elita sinfiga mansub xandon pista olib kelib, 60 ming dona urug‘ ekkan edik.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, xandon pista nihollari ancha nozik va sekin o‘sadi. U o‘zini to‘liq tutib olishi uchun undirilayotgan ko‘chatlar baquvvat va yaxshi yetilgan bo‘lishi lozim. Shu bois, tadbirkor bu jihatga alohida e’tibor qaratgan. 60 ming tup urug‘ning har biri maxsus qutilarga, alohida-alohida ekilgan. Har bir nihol ishchilar tomonidan e’tibor bilan parvarishlanmoqda. Ayni paytga kelib nihollarning bo‘yi 50-70 santimetrga yetib qolgan. Oktabr oyi o‘rtalariga borib ularni o‘z tuprog‘i bilan birgalikda ochiq maydonga o‘tqazish boshlanadi.

Ko‘histon kovragi esa joriy yil boshidan dalaga ekilgan.

6-7 yil kutib, 600-700 yil hosil olish mumkin

Endi loyihaning istiqboliga e’tibor qaratamiz. Tadbirkorning ta’kidlashicha, u hozir sarflayotgan mablag‘ bir necha yildan so‘ng o‘zini oqlashni boshlaydi.

Xususan, Ko‘histon kovragi 5 yildan so‘ng hosilga kiradi. E’tibor bilan qaralsa, bir necha yil davomida undan tibbiyot uchun mo‘ljallangan smola ajratib olish mumkin.

Pista daraxtlari esa o‘rtacha 7-8 yilda nishona ko‘rsatadi va 12-15 yoshida to‘liq hosil bera boshlaydi. Shundan so‘ng undan kamida 600-700 yilga qadar hosil olish mumkin. Har gektar pistazorda 1 tonnaga qadar sara mahsulot yetishtirish imkoni mavjud. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha tashkiloti (FAO) ma’lumotiga ko‘ra, 1 tonna xandon   pista narxi Italiyada 13 ming 371, Fransiyada 10 ming 263, Turkiyada 10 ming 156 AQSH dollariga baholanishini hisobga olsak, loyihaning nafaqat tadbirkor, balki hudud iqtisodiyoti uchun qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligi ayon bo‘ladi.

Jahongir BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.