Jamiyat 05.04.2019 34

7,5 TONNA MINERAL O‘G‘IT SOXTA HUJJATLAR ASOSIDA SAMARQANDGA JO‘NATILAYOTGAN EKAN

Bojxona nazorati

Mamlakatimizda fermerlikni taraqqiy ettirishga alohida e’tibor qaratilishi samarasida bugun fermer qishloq mulkdori, serqirra tadbirkorga aylangani rost. Biroq yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, o‘ziga, elga, davlatga naf keltirishdan ko‘ra buzuq nafsini ustun qo‘yadiganlar ham uchrab turishi afsuslanarli hol.

Mazkur fermerlar davlat tomonidan ajratilgan mineral o‘g‘itlardan belgilangan maqsadlarda foydalanib, yer unumdorligini oshirish, hosildorlikni ko‘tarish o‘rniga mo‘may daromad ilinjida ularni pullashga urinishadi. Vaholanki, qonunga zid bu qilmish mineral o‘g‘itlar oldi-sotdisi bilan noqonuniy shug‘ullanuvchi "uddaburonlar" joniga "ora" kirmoqda.

Mazkur yo‘nalishdagi qonunbuzarliklarni fosh etishda viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan tegishli huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Tahlillarga ko‘ra, viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan joriy  yilning o‘tgan davrida 5 ta holatda vazni 40,7 tonna ammiakli selitra mineral o‘g‘itining noqonuniy aylanishiga chek qo‘yilgan.

Yaqinda boshqarmaning kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari bilan hamkorlikda Chiroqchi tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi va natijada og‘irligi 7,5 tonna mineral o‘g‘it noqonuniy aylanishiga chek qo‘yildi.

Aniqlanishicha, "Agrokimyohimoya" HAJ  Kasbi tumani filiali tizimida mudir lavozimida ishlab kelgan Q.SH. faoliyati tugatilganiga 2 oy bo‘lgan  fermer xo‘jaligi raisi M.A. va boshqalar bilan til biriktirgan. Shunga ko‘ra og‘irligi 7,5 tonna ammoniy sulfati mineral o‘g‘iti I.I. boshqaruvidagi "Isuzu" avtomashinasida soxta hujjatlar asosida Samarqand viloyatiga olib ketilayotganida, to‘xtatib qolindi.

Viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Q.SH. va uning jinoiy sheriklariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tegishliligiga ko‘ra tergov idoralariga yuborilgan.

N.XO‘JAYEV