Jamiyat 16.07.2019 71

71 MAS’UL MUROJAATLARNI KO‘RIB CHIQISHDAGI KAMCHILIK SABAB JAVOBGARLIKKA TORTILDI

Ijro intizomi

"Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari togrisida"gi Qonun talablariga binoan viloyat hokimligi tomonidan 2019-yilning birinchi yarmi davomida viloyat, tuman va shaharlar hokimliklariga tushgan murojaatlar tahlil qilindi. Maqsad murojaatlar bilan ishlashda kelgusidagi vazifalar va yo‘nalishlarni belgilab olishdir. Zero, har bir fuqaroning muammosini qonuniy, asosli va adolatli hal qilish orqali ularni davlat, davlat xizmatchilari, jamiyat va hayotdan rozi qilish bugungi kunning eng dolzarb vazifasi hisoblanadi.

Tahlil qilinayotgan vaqt ichida viloyat, tuman va shaharlar hokimliklariga jami 40 ming 252 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 13 ming 416 tasi Prezident virtual qabulxonasi orqali, 26 ming 836 tasi bevosita yo‘llangan. Hokimliklarga kelgan murojaatlarning 18 ming 61 tasi yozma, 8502 tasi og‘zaki va 273 tasi elektron murojaatlardir. Bevosita hokimliklarga yo‘llangan 26 ming 836 murojaatning 11 ming 596 tasi qanoatlantirilgan, 7941 tasi bo‘yicha tushuntirish berilgan, 85 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan, 415 tasi rad etilgan, 5678 tasi tegishliligi bo‘yicha boshqa tashkilotlarga yuborilgan va qolganlari o‘rganish jarayonida. Ushbu raqamlar bitta savolni ko‘ndalang qo‘yadi oldimizga: xo‘sh, nega murojaatlar oqimi yuqoriligicha qolmoqda?

Viloyat hokimligiga jismoniy va yuridik shaxslardan 4934 ta, Qarshi shahar hokimligiga 4911 ta, Shahrisabz, G‘uzor va Yakkabog‘ tumanlari hokimliklarining har biriga uch mingtadan oshiq murojaat bo‘lgan. Eng kam murojaatlar Mirishkor tumani hokimligiga - 694 ta, Muborak va Kasbi tumanlari hokimliklarining har birida bu ko‘rsatkich mingtadan oshiqroq bo‘lgan.

Viloyat hokimi tomonidan 557 nafar, viloyat hokimining o‘rinbosarlari tomonidan 1032 nafar fuqaro bevosita viloyat hokimligida qabul qilingan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari, joylardagi sayyor va shaxsiy qabullar hamda sektor rahbarlari tomonidan uyma-uy yurish vaqtida ham qabullar o‘tkazilib, ko‘plab muammolar joyida hal etilgan.

Prezident virtual qabulxonasi orqali tushgan murojaatlarga e’tibor qilsak, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1470 taga kamaygan. Ushbu yo‘nalishdagi eng ko‘p murojaatlar Qarshi shahri (1880 ta), Dehqonobod tumani (1325 ta) va Chiroqchi tumani (1104 ta)ga, eng kam murojaatlar esa Mirishkor, Muborak va Kasbi tumanlariga to‘g‘ri keladi. Virtual qabulxona orqali kelgan murojaatlarning 8070 tasi qanoatlantirilgan bo‘lsa, 507 tasi takroriy murojaatlardir. 242 ta murojaat o‘n besh  va 81 murojaat o‘ttiz kundan oshiq muddatda hal etilgan. Murojaatlarni o‘z vaqtida qonuniy, asosli va adolatli ko‘rib chiqmagan 71 nafar mas’ul xodim intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Murojaatlar asosan uy-joy va uy-joy qurish uchun yer uchastkasi olish, nafaqa va moddiy yordam ajratish, ishga joylashish, sog‘lig‘ini tiklash, fermer xo‘jaligi faoliyati, tadbirkorlik va kredit olish, yo‘llarni ta’mirlash, suv, elektr va gaz ta’minoti bilan bog‘liq masalalardir. Bu muammolar viloyat bo‘yicha tahlil qilinib, tegishli  dasturlar asosida hal etib borilmoqda.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘z vaqtida, qonuniy va asosli hal qilish uchun nima qilish kerak? Nazarimizda asosan ikki masalaga e’tibor qaratish kerak. Birinchidan, murojaatlar bilan ishlashda davlat organlari mas’ul shaxslarining javobgarlik masalasini kuchaytirish lozim. Ikkinchidan, fuqarolarimizning murojaatlarga oid huquqiy bilim va huquqiy madaniyatini oshirishga e’tiborni kuchaytirib borish kerak.

Zero, fuqarolarimiz o‘zi ko‘tarayotgan muammoning qayerda, qaysi davlat organi va kim bilan hal etilishini yaxshi bilsa, masala shunchalik tez, qonuniy yechim topadi. Shunga erishsak, hech bir fuqaro boshqa idorada hal bo‘ladigan masala bo‘yicha o‘zga joylarda sarson bo‘lib yurmaydi. Ana shunda tuman (shahar) va mahallada hal bo‘ladigan masala bo‘yicha turli respublika, viloyat idoralarida bir xil mazmundagi arizalar ko‘paymaydi hamda murojaatlar soni sun’iy ravishda oshib ketmaydi.

Murojaatlar bilan ishlashni yanada yaxshilash, murojaat qiluvchilarni qanoatlantirish va rozi qilish hamda takroriy shikoyatlarni kamaytirish uchun "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida"gi Qonun talablariga rioya etilishini qat’iy ta’minlash kerak. Ikkinchidan, murojaat qiluvchini yaxshilab eshitish va tinglash kerak. Uchinchidan, murojaatni o‘rganish vaqtida murojaat qiluvchining ishtirokini ta’minlash kerak. To‘rtinchidan, murojaatni o‘rganish vaqtida to‘plangan materiallar bilan murojaat qiluvchini tanishtirish va berilayotgan javobning mazmunini tushuntirish kerak. Beshinchidan, murojaat qiluvchining talabi asossiz bo‘lsa, unga bu harakati noqonuniy ekanini tushuntirish va uni qanoatlantiradigan asosli takliflarni tavsiya qilish lozim. Oltinchidan, o‘rganish natijalari bo‘yicha javob murojaat qiluvchiga yetib borishini ta’minlash shart. Yettinchidan, mas’ul davlat xizmatchilari hamda murojaat qiluvchining mas’uliyati va javobgarligini kuchaytirish kerak. Shundagina bu borada ham adolat tamoyillari ustuvorlik kasb etadi.

Abdishukur OMONOV,

huquqshunos