Jarayon 02.07.2019 127

75 ISH O‘RNI YARATGAN XUSUSIY KORXONA RAHBARI

Ko‘rik-tanlov

75 ISH O‘RNI YARATGAN XUSUSIY KORXONA RAHBARI

"Ishbilarmon ayol-2019" ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi

Yakkabog‘ tumanidagi 2012-yilda tashkil topgan "Shoira Shukurovna"  xususiy korxonasi faoliyati dastlab maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari - go‘zallik saloni va tikuvchilik sexini o‘z ichiga olgan. Keyinchalik tadbirkor aholiga turli marosimlar va bayram tadbirlari o‘tkazish uchun to‘yxona, Qarshi shahrida tibbiy xizmat ko‘rsatish markazi ochish bilan  qamrovni yanada kengaytirdi.

- Joriy yil 1 milliard 800 million so‘m imtiyozli kredit va o‘z mablag‘imiz hisobidan 1 milliard 28 million so‘m sarflab Yakkabog‘ tumanidagi Xo‘jailg‘or mahallasida bolajonlar uchun 100 o‘ringa mo‘ljallangan "Jajji olmachalar" maktabgacha ta’lim muassasasini ta’sis etishga erishdik, - deydi xususiy korxona rahbari Shoira Haydarova.

O‘zLiDeP viloyat Kengashi tomonidan qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilib, shahar va tumanlar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 15 nafar faol tadbirkor, chevar, fermer va hunarmand xotin-qizlar bellashgan tanlovda Shoira Haydarova boshchilik qilayotgan subyekt faoliyati alohida e’tirof etilib, unga 1-o‘rin berildi.

Mos ravishda 2- va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan Koson tumanidagi "Koson rivoj tekstil" oilaviy korxonasi rahbari Lobar Qurbonova hamda Qarshi tumanidan "Gulshan" xususiy korxonasi rahbari Munisa Ochilova ham ko‘rik-tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanma olishdi.

Shuningdek, ko‘rik-tanlov ishtirokchilari "Zamonaviy tadbirkor ayol portreti", "Yilning muruvvatli ishbilarmon ayoli", "Qishloq infratuzilmasini rivojlantirayotgan fermer ayol", "Tashabbuskor ayol" singari nominatsiyalar bo‘yicha ham taqdirlandi.

Tadbir doirasida maxsus ko‘rgazma ham tashkil etilib, unda qatnashchilar o‘zlari ishlab chiqarayotgan, yetishtirayotgan mahsulotlar namunalarini namoyish qilishdi.

Shohista BOZOROVA