Abdirashid MIRZAYEV: "SPORTDAN SOG‘LIK HAM, DOVRUG‘ HAM TOPDIM"

E’tirof

2004-yil. Yoshligidan sportga mehr qo‘ygan, to‘ylarda davraga tushib suyagi qotgan, so‘ng o‘rta maktabda 35 yil yoshlarga jismoniy tarbiyadan dars berib, nafaqaga chiqqaniga ham 8 yil bo‘lgan chiroqchilik Abdirashid polvon Mirzayev hamon tinib-tinchimas, hududdagi eski bir binoni ta’mirlab sport klubiga aylantirgan, yoshlarga kurash sirlarini o‘rgatib yurardi.

Ana shunday kunlarning birida oqsoqolga Tojikistonda faxriylar o‘rtasida sambo kurashi bo‘yicha katta musobaqa o‘tkazilishi, agar xohlasa, u ham ishtirok etishi mumkinligi haqida xabar keladi.

- Boraman, - deydi yoshi yetmishni qoralagan Adbirashid polvon qat’iy. - Yoshligimda bunday musobaqalarga chaqirishmasdi, ikki-uch qishloqdagi to‘ykurashdan nariga o‘tmasdik. Imkoniyat bor ekan, musobaqada qatnashaman, Vatanim sha’nini himoya qilaman.

Yaqinlarining hay-haylashiga qaramay, Abdirashid polvon aytganini qildi. O‘zgacha ishtiyoq, shijoat bilan musobaqaga jo‘nab ketdi.

Garchand musobaqa faxriylar o‘rtasida bo‘lsa-da, bahslar oson kechmasligi ayon edi. 50 dan ortiq davlatdan nomdor faxriy sportchilar kelishgan, har biri o‘zining kuchu shijoatini yana bir bor maydonda ko‘rsatishni istardi. Abdirashid bobo ham ularning qatorida turib, belni mahkam boyladi, tan berishni aslo o‘ylamasdi.

Bahslar boshlandi. Abdirashid polvon raqiblarni birin-ketin mag‘lub etib, tobora oldinga qarab ildamlardi. O‘zi istaganidek, finalga chiqib, yakunda kumush medal sohibiga aylandi. Uning sharafiga yurtimiz bayrog‘i baland ko‘tarildi. Abdirashid polvon esa xuddi yosh boladek quvonar, ko‘z yoshlarini tiya olmas, yurt sha’ni uchun kurashmoq baxti ne ekanini ilk bor qalbdan his etgandi.

Ana shunga ham 15 yildan oshibdi. Bu yillar ichida u qancha-qancha turnirlarda qatnashmadi deysiz. Mamlakatimizda o‘tkazilgan turnirlarda, xalqaro miqyosdagi yirik musobaqalarda ham ishtirok etdi. O‘zi orzu qilganidek, shohsupaga chiqishga, nufuzli arenalarda turib, bayrog‘imizni baland ko‘tarishga, madhiyamizni jarang sochdirishga ham erishdi.

Xususan, milliy kurash bo‘yicha Termiz shahrida o‘tkazilgan Al-Hakim at-Termiziy xalqaro turnirida faxriylar o‘rtasida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga chiqdi. Ko‘ksini jahon chempioni ekanini aks ettiruvchi oltin medal bezadi. Qolaversa, Fransiyadagi xalqaro turnirda, Janubiy Koreyada o‘tgan YUNESKOning Butunjahon milliy o‘yinlar festivalida sovrindor bo‘ldi. 2009-, 2011-, 2014- va 2015- yillarda O‘zbekiston milliy kurash federatsiyasi tomonidan "Eng yaxshi faxriy kurashchi" sifatida e’tirof etildi.

Shu bilan bir qatorda, murabbiylik bobida ham ko‘plab yutuqlarga erishdi. Bugun shogirdlari orasida milliy kurash, dzyudo va sambo sport turlari bo‘yicha mamlakat va Osiyo chempionlari, ko‘plab xalqaro turnirlar g‘olib va sovrindorlari bor. Ayni paytda ham "Abdirashid polvon Mirzayev" kurash klubi sportsevar yoshlar bilan gavjum. Bugun bu yerda besh yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan yuzlab o‘g‘il-qizlar kurash sirlarini o‘rganmoqda. 80 yoshni qarshilagan murabbiy boboning esa shijoati vujudiga sig‘maydi. Goh shogirdlariga yangi-yangi kurash usullarini o‘rgatishga tirishsa, gohida ular bilan bab-baravar turib mashq qiladi, birga yuguradi, sakraydi, umbaloq oshadi. Hamon tetik va sog‘lom. Buning sirini esa har doim sport bilan shug‘ullanganida deb biladi.

- Hayotimda qanday yutuqlarga erishgan bo‘lsam, hammasi sportning ortidan, - deydi u. - Sportdan sog‘lik ham, dovrug‘ ham topdim, ozmi-ko‘pmi elga, yurtga tanildim. Ayniqsa, shogirdlarim yutuqlarini ko‘rganimda qalbim zavqqa to‘ladi. Mehnatlarim samara berayotganidan cheksiz baxtiyorlik his etaman. Shunday pallalarda charchoqlarni unutib, ular bilan yanada ko‘proq ishlagim, yanada katta yutuqlarni qo‘lga kiritishiga hissa qo‘shgim kelaveradi.

Abdurashid polvon Mirzayevning mamlakatimiz sporti rivoji, yoshlar kamoloti yo‘lida amalga oshirayotgan sa’y-harakatlari davlat darajasida ham munosib e’tirof etilmoqda.

Jumladan, Prezidentimizning "O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat va san’at sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoniga asosan "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi"  faxriy unvoni bilan taqdirlangani uning mehnatiga berilgan yana bir munosib baho bo‘ldi.

Jahongir BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan surat.