Ma'naviyat 20.08.2019 46

ADABIYOT-ODAM

Shaxsiy kutubxonalar

Aleksandr Belyayevning "Odam-amfibiya" fantastik asari qahramoni doimiy yashash mutlaqo mumkin bo‘lmagan muhitda hayot kechirishi bilan ko‘pchilik e’tiborini tortgan bo‘lsa ajabmas. Biroq hayotda shunday insonlar borki, o‘ta qiyin sharoitlarda yashab ham boshqalar uddasidan chiqolmagan ishlarni hayratlanarli darajada ado etadilar. Avji saraton ostonasida Mirishkor kengliklari bo‘ylab borarkanman, dunyoning bir chekkasiday tuyuladigan, oqar suv yo‘qligidan qaqrab yotgan yerlarni makon tutgan domla poytaxtda, hechqursa viloyat markazida yashasa bo‘lmasmikan, degan fikr xayolimdan o‘tadi. Axir, bunday joyda yashashning o‘zi bo‘lmaydi.

Konditsionerli xonalarda o‘tirib olib, ijod, ilhom va yana allambalolar haqida gapirish oson. Ko‘p millatli Pomuq yilning boshqa faslida qanday qiyofada bo‘ladi, buni faqat tasavvur etish mumkin, ammo kunning isishi bu yerni tinkani quritar darajaga keltirishi aniq. Qizilqum va Qoraqum cho‘llari tutashgan shu qishloqda taniqli ijodkor, jurnalistika sohasida xalqaro "Oltin qalam" mukofoti sohibi, ayni paytda maktab direktori bo‘lib ishlayotgan Abdunabi Abdiyev yashaydi. Balki u ham boshqa odamlar singari pensiyaga chiqib, sanatoriyma-sanatoriy yurishi mumkin edi, holbuki bunga imkoni ham, mablag‘iyu vaqti ham mo‘l. Ammo chamamda domla buning o‘rniga kitob olishni ma’qul ko‘radi. Shuning o‘zi unga dam olish, ko‘ngilning xijilini yozish vositasi. Shaxsiy kutubxonasi uncha-muncha didi o‘tkir odamni ham qarshisida mixlab qo‘yadi. Yana deng, avval bir falokat bilan, aniqrog‘i, elektr simlaridan yong‘in chiqib, qariyb 10 mingga yaqin kitobi yonib ketgan. Ko‘plab maktablar, hatto kutubxonalar ega bo‘lmagan fonddagi kitoblari yonib ketganiga domlaning ichi achigani aniq, biroq bundan katta hayotiy fojia yasamay yana kitob o‘qishda, yig‘ishda davom etavergan. Mana, bugunga kelib 4-5 ming miyonasidagi kitoblar uyni, kitob javonlarini to‘ldirib turibdi.

Hozir kitobxonlik haqida ko‘p gapirilayapti. Hatto umri davomida biror kitob ushlamagan, aqalli 100 ta kitob o‘qimagan odamlar o‘zini mutolaago‘y sanab, aqllilik qilishayotgani ham bor gap. Domlaning bir yutug‘i, uning kitobga munosabatida uzilish bo‘lmagan. Shu sababdir, suhbatlari kitob o‘qish haqida emas, konkret kitob haqida bo‘ladi. Grant Matevosyandan aytsangiz ham mavzuni olib ketadi, Otero Silvani aytsangiz ham. Kamyu, Kafka, Kortasar haqida soatlab gaplashishingiz mumkin. Ular haqida shunday jaydari va kitobiy uslubda so‘zlaydiki, kitob ko‘rgan odamning fikri tiniq bo‘lishini his qilasiz. O‘zbek adabiyoti cho‘qqisiga ko‘tarilgan 70-80-yillar avlodiyu joyida depsinayotgan bugungi kun asarlarigacha uning doimiy e’tiborida. Qachon telefonlashsangiz, salomdan keyingi gapi "Adabiyot olamida nima gaplar?" bo‘ladi.

To‘g‘ri, shaxsiy kutubxonasiga ega odamlar kam emas. Ayrimlar o‘z mutaxassisligiga oid kitoblarni jamlasa, kimlardir javon to‘ldirish uchun qo‘liga tushgan kitobni yig‘adi. Domla esa kitobni saralab o‘qiydi, tanlab yig‘adi. Bir vaqtlar "Mastera sovremennoy prozi" turkumida chop etilgan Frans Kafka, Xulio Kortasar, Migel Anxel Asturias, Karlos Fuentes, Alexo Karpentyer, German Kant asarlarini katta kutubxonalardan ham topolmaysiz. Lotin Amerikasi yozuvchilarining boshqalarnikiga mutlaqo o‘xshamaydigan asarlari jamlangan almanaxlarni ham shu yerda uchratasiz. Bugun adabiyotimiz peshqadami sifatida qaralayotgan yozuvchi-shoirlarning ilk kitoblaridan bugungacha nashr etilganlari ana shu muhtashamlikdan xoli, domla o‘z qo‘li bilan yasab, zeb bergan javonlardan o‘rin olgan.

Shuncha kitob bo‘la turib, domla qaysi kitob qayerda turishini ham unutmaydi. Bir gal bir gala ijodkor unikida mehmon bo‘lishgan. Albatta, uyda mehmon bor ekan, uni izzatlash kerak, shundan foydalanibmi, bir yozuvchi javonlardan sara-sara kitoblarni terib sumkasiga joylayvergan. Tabiiyki, uy egasi yo‘qligida yoki uning diqqati boshqa joyda payti shu "jinoyat"ga qo‘l urgan. Mehmonlar ketishga chog‘langan payti esa "o‘g‘ri-yozuvchi" chiqish "post"ida qo‘lga tushgan: domla qaysi kitobi o‘z joyida emasligini bir qarashdayoq bilgan ekan!

Domla yaxshigina qalamkash ham. O‘ziga xos ruh, modernistik uslubdagi qissalari o‘z vaqtida yilning eng yaxshi asari deb topilgan. Qolaversa, yer ostidan suv tortib olib, mo‘jaz bog‘, ajoyib gulzor yaratgan. Bu yilgi issiqda shahardagi odamlar o‘zini qayerga qo‘yishni bilmay tez-tez tog‘lar bag‘riga shoshilgan bir chog‘da domla oqar suv yo‘q joyda jaziramani qo‘lbola basseyn salqini bilan yengib yurganiga  hayron qolmay iloj yo‘q. Izlasa, imkoni topiladi, degan naqlning hayotiy isboti shu yerda ko‘rinadi. Menimcha, domladagi bu imkon topish, ijodkorlik ruhi shakllanishida kitoblarning o‘rni katta. Kitoblar uni yo‘qni yo‘ndirishga o‘rgatadi, yangi maqsadlar sari undaydi.

Yuqoridagi savolga ham shu yerda javob topgandayman: kitoblar bamisoli xazina, shunday ekan, unga ega odamga shaharda bo‘ladimi, yo cho‘lning qoq o‘rtasidami, qayerda ekanining  farqi yo‘q. Har holda nima bitmas-tuganmas xazina ekanini hammayam anglayvermaydi...

B.SAYFIYEV