Tibbiyot 12.03.2019 54

AHOLI SALOMATLIGIGA MUNOSABAT SHUMI?

Xolis nazar

AHOLI SALOMATLIGIGA MUNOSABAT SHUMI?

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda viloyatimizda 83 ta qishloq vrachlik punkti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Ko‘zlangan maqsad aniq - tibbiy xizmat sifatini oshirish, odamlarning davo istab tuman, viloyat markazlaridagi muassasalarga borib, ovora bo‘lib yurmasligini ta’minlashdir.

Xo‘sh, bugun aholi QVPlar faoliyatidan mamnunmi? Yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalanilayaptimi? Ushbu savollarga javobni Muborak tumani Gulshan qishlog‘ida joylashgan Turkiston qishloq vrachlik punktidan izladik.

TUSHLIK VAQTI  TUGAGAN, BIROQ…

Kun tushdan og‘ib borayotgan bo‘lsa-da, hammayoq suv quygandek jim-jit ekani hayratimizni oshirdi. Bir hamshiradan boshqa hech kim ko‘rinmaydi. O‘zini Sitora Abriyeva deb tanishtirgan hamshiraning izoh berishicha, qolgan xodimlar tushlik qilish uchun chiqib ketishgan ekan (kunning aniq bir vaqti "obeddan      keyin" deb atalishini chamasi bu yerdagilar unutib qo‘ygan).

BEMORLAR UCHUN UY AFZAL

Xodimlarning mas’uliyatni qay darajada his qilishi mayli, biroq punktdagi sharoitni ham u qadar qoniqarli deb bo‘lmaydi. Xonalar eski, ta’mirtalab. Binoning bir tarafi ta’mirtalabligidan yopib qo‘yilgan. Havo iliq bo‘lishiga qaramay xonalar zax, sovuq.

Ma’lum bo‘lishicha, qishloq vrachlik punkti 2100 nafardan ziyod kishiga xizmat ko‘rsatishi kerak. Bemorlarga birinchi tibbiy yordam, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, profilaktika ishlarini olib borish, homilador ayollarni har oyda tekshirib borish, chaqaloqlar va bolalarni davriy taqvim bo‘yicha emlash, zarur hollarda bemorlarni tuman tibbiyot birlashmasiga yo‘naltirish kabi o‘nlab vazifalarni bajarish zarur bu yerda. Amalda esa...

QVPning ikkita xonasida bemorlar kunduzi yotib davolanishi uchun 5-6 karavot qo‘yilgan, xolos. Oliy ma’lumotli shifokor yo‘qligi, xonalar sovuqligi bois bemorlar bu yerda yotishdan ko‘ra, uyida davolanishni afzal ko‘rishadi.

ENG MUHIMI YO‘Q

Muolaja xonasini chang bosgani yetmagandek, shkafda atigi 15 turdagi zaxira dori-darmon bor, xolos. Dardiga davo izlab kelgan bemorga birinchi yordam ko‘rsatish uchun shugina dori kifoya qiladimi? Hamshiraning aytishicha, bori shu ekan.

VA’DA BERILDI, BIROQ…

- E’tirozlaringiz to‘g‘ri, - deydi qishloq vrachlik punkti mudirasi Farida Xolmo‘minova. - Kamchiliklarni tuzatamiz, birinchi yordam uchun kerakli dori-darmonlarning barchasini olib kelamiz. QVPni ta’mirlash uchun viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga xat bilan chiqqanmiz. Joriy yilda to‘liq ta’mirlanadi.

Ishonamizki, QVP mudirasining bu va’dasi shunchaki qolib ketmaydi. Axir, gap inson salomatligi masalasida borayapti.

TIBBIY XIZMAT SIFATI HOKIMLAR E’TIBORIGA BOFLIQ…MI?

- Muborak, Nishon, Mirishkor, Dehqonobod tumanlaridagi olis qishloqlardagi qishloq vrachlik punktlarida oliy ma’lumotli shifokorlar yetishmasligi bois o‘rta ma’lumotga ega tibbiyot xodimlari faoliyat olib boradi, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ambulatoriya poliklinika xizmati bo‘yicha bosh mutaxassisi Chori Rizayev. - Tibbiy xizmatning yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani esa tuman hokimlarining munosabatiga bog‘liq deb o‘ylayman. Chunki qaysi tumanda hokim tibbiyotga e’tiborli bo‘lsa, o‘sha hududdagi muassasalar talabga to‘laqonli javob berayapti.

Demak, bu boradagi islohotlarning samarasi, asosan, o‘zimizga bog‘liq. Binobarin, barcha bo‘g‘indagi rahbarlar yangilanish va o‘zgarishlar mohiyatini teran his etib, shu asosda ish yuritishlari, ommaning mushkulini oson qilish uchun g‘ayrat va tashabbuskorlikni yanada oshirishlari lozim. Biz esa tegishli rahbarlarning bu borada qay darajada o‘zgarishlarga qo‘l urganini kuzatib boramiz.

Shohista BOZOROVA

Muallif olgan suratlar.