So'nggi yangiliklar 08.04.2019 67

AJDODLARGA MUNOSIB VORIS BO‘LAYLIK!

Konferensiya

Shahrisabz shahrida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavalludining 682 yilligi oldidan “Ajdodlarga munosib voris bo‘laylik!” shiori ostida ilmiy-amaliy konferensiya va sportning kurash, qilichbozlik, o‘zbek jang san’ati, kamondan o‘q otish hamda yugurish  turlari bo‘yicha Respublika ochiq turniri o‘tkazildi.

Dastlab, harbiy xizmatchilar, “Temurbeklar maktabi”da tahsil olayotgan kursantlar va tadbir qatnashchilari Oqsaroy majmuasida o‘rnatilgan Sohibqiron haykali poyiga gullar qo‘yishdi.

Tadbir doirasida Oqsaroy majmuasi va Amir Temur nomidagi davlat muzeyiga uyushtirilgan sayohatlar davomida “Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovi ham o‘tkazildi. Unda 1-o‘ringa Shahrisabz shahrilik Shaxboz Shamsiddinov sazovor bo‘ldi. 

Ayniqsa, Temuriylar davri va hayotini aks ettiruvchi teatrlashtirilgan tomoshalar, sport musobaqalari davomida yoshlar buyuk ajdodlariga munosib - zakovatda tengsiz, jismonan baquvvat va jasoratli ekanliklarini isbotlashdi.

Kurash bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda 1- va 2-o‘rinni yurtimiz polvonlari Kamol Rasulov va Bobur To‘xtayev egallagan bo‘lsa, 3-o‘rin tojikistonlik Dadaxon Bobonazarovga nasib etdi.

SOJIDA