Jamiyat 09.05.2019 29

AJDODLARNI XOTIRLASH – MUQADDAS QADRIYAT

 

9 may – Xotira va qadrlash kuni

 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan erta tongdanoq viloyat markazidagi “Motamsaro ona” majmuasi har qachongidan gavjum bo‘ldi. Bu yerda elimizning Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ming-minglab fidoyi farzandlari xotirasini yod etish uchun davlat va jamoat tashkilotlari jamoalari, harbiylar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari, mehnat faxriylari, keng jamoatchilik va yoshlar jam bo‘lishdi.

 Majmuaga yig‘ilganlar o‘tganlar xotirasiga chuqur ehtirom ramzi sifatida “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qo‘yishdi. Tadbir davomida urushning ayanchli oqibatlari sahnalashtirilgan ko‘rinishda ko‘rsatib berildi, Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini saqlashda jon fido etgan mard o‘g‘lonlar yodga olindi. Fashizm ustidan g‘alaba qozonishda mardlik va matonat ko‘rsatgan jangchilar nomlari zarhar harflarda bitilgan Xotira kitobi ko‘zdan kechirildi.

 Xotira va qadrlash kuni tadbirlari viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida davom etmoqda.

 

 

N.XO‘JAYEV

 Suratlarda: tadbirdan lavhalar.

 Sobir NARZIYEV olgan suratlar.