Jamiyat 10.05.2019 135

AJDODLARNI XOTIRLASH - MUQADDAS QADRIYAT

9-may - Xotira va qadrlash kuni

Ikkinchi jahon urushi keltirgan kulfatlar nihoyatda zalvorli. Boy berilgan umrlar, front ortidagi mashaqqatli damlar kishini chuqur mushohadaga chorlaydi. Halok bo‘lganlarning  xotirasini yod etish, hozir hayot bo‘lganlariga mehr-oqibat ko‘rsatish esa biz, avlodlarning chin insoniy burchidir.

Har yili 9-may - Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizda keng nishonlanishi sababi ham shunda. Dunyoni larzaga solgan ushbu dahshatli urushda erk uchun kurashgan, yuksak fidoyilik namunasini ko‘rsatgan qahramonlarimizni e’zozlash milliy an’anaga aylangan.

Bu yil ushbu qutlug‘ sana har galgidan o‘zgacha va ko‘tarinki ruhda, "Ajdodlarni xotirlash - muqaddas qadriyat" hamda "E’tibor va g‘amxo‘rlik - insoniy burch"   shiorlari ostida nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan joylarda turli tadbirlar  tashkil etilayapti.

Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga, frontorti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilib, ular holidan xabar olinmoqda, o‘tganlar xotirasi yod etilayotir.

M.SHUHRATOV

Suratda: Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Yakkabog‘ tumanida yashovchi  Shukur bobo Xushvaqtov yoshlar davrasida.

Sobir NARZIYEV olgan surat.