Jarayon 09.04.2019 26

AKSAR MUAMMOLAR JOYIDA HAL BO‘LDI

G‘uzorda sayyor qabul

Davlat rahbarining 2019-yil 8-yanvardagi qarori hamda 17-yanvardagi "Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyat Xalq qabulxonasi mudiri Abduhalim Xolmaxmatov hamda viloyat hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Maxsuda Mustafayeva G‘uzor tumanida sayyor qabul o‘tkazdi.

Sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilot, korxona va muassasalar, ularning tumandagi quyi tizimi rahbarlari ishtirok etgan tadbirda g‘uzorliklar kommunal soha, uy-joy, bandlik, turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, ayrim ko‘ngilsiz holatlarni bartaraf etish kabi masalalar yuzasidan murojaat qilishdi. 315 murojaatning 85 tasi joyida hal etildi. O‘rganish talab etadiganlarining yechimi bo‘yicha aniq muddatli chora-tadbirlar belgilanib, mutasaddilar zimmasiga vazifalar yuklandi.

Xo‘jaguzar mahallasilik Alisher Rahmatullayevning tabiiy gaz ta’minoti va oqova suv, bo‘stonlik Oqbuta Boboyevning qishloq avtomobil yo‘lini ta’mirlash, Buyukkarvonyo‘lida yashovchi Ro‘zi Xolmanovaning mahalla hududidan o‘tgan magistral avtomobil yo‘lida anchadan beri ta’mirlash ishlari yakunlanmagani va eski simyog‘ochlarni yangisiga almashtirish kabi murojaatlari tez orada hal etilishi aytildi.

Shu bilan bir qatorda, Mash’al qishlog‘ida yashovchi T.Nomozovaga, gulshanlik Sh.Boltayevaga oilaviy sharoitini yaxshilash uchun 20 boshdan tovuq kataklari bilan berildi, yakkadaraxtlik G.Alpomishevaga pul ko‘rinishida moddiy yordam ko‘rsatildi, yangikentlik M.Turdiyeva sayyor qabuldan 3 bosh qo‘y bilan, chuqurlik G.Tilovova, xumdonlik M.Hoshimova tikish mashinasi bilan uyga qaytishdi. Yana ko‘plab ehtiyoji bor kishilar nogironlik aravachasiga, boshqalari davolanish uchun yo‘llanmalarga ega bo‘lishdi. Uy-joyi uchun kadastr hujjati tayyorlash masalasida yordam so‘raganlarga joyida tegishli hujjatlar rasmiylashtirib berildi.

Odamlarning dardini eshitish, ular bilan ochiq muloqotda bo‘lish, og‘irini yengil qilish fuqarolarning davlat va jamiyatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilishi ushbu sayyor qabul davomida ham yana bir bor o‘z isbotini topdi.

N.XO‘JAYEV

Suratlarda: tadbirdan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.