Iqtisodiyot 30.07.2019 55

AKSIYALAR BOZORI NEGA SUST?

Ma’lumki, ko‘plab rivojlangan davlatlarda qimmatli qog‘ozlar, ya’ni aksiyalar savdosi juda ommalashgan. Bu orqali turli kompaniyalar o‘z aksiyalarini sotuvga chiqarib, yetarli moliyaviy sarmoyaga ega bo‘ladi. Aksiyalarni sotib olganlar esa uning ortidan keladigan dividenddan manfaatdor.

Bugungi kunda mamlakatimizda ham qimmatli qog‘ozlarni chiqarish, ularni joylashtirish va muomalada bo‘lishini ta’minlashni tartibga soluvchi barcha zaruriy meyoriy-huquqiy baza mavjud. Shu bilan birgalikda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-yanvardagi qarori bilan tashkil etilgan Kapital bozorini rivojlantirish agentligi zimmasiga ham ushbu sohani jadal rivojlantirish borasidagi qator vazifalar yuklangan. Ayni paytda agentlikning viloyat boshqarmasi tomonidan ushbu maqsadda qator chora-tadbirlar amalga oshirilib, kapital bozorini rivojlantirish bilan bog‘liq muammolar, ularni hal etish masalalari o‘rganib kelinmoqda.

O‘rganishlardan ma’lum bo‘lmoqdaki, bizda kapital bozorini yanada rivojlantirish uchun imkoniyatlar yetarli. Biroq ulardan to‘liq foydalanilayotgani yo‘q.

Misol uchun, bugungi kunda Kapital bozorini rivojlantirish agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan ro‘yxatga olingan 40 ta aksiyadorlik jamiyati mavjud. Ushbu jamiyatlar tomonidan chiqarilgan aksiyalarning umumiy miqdori 904 milliard 665 million 412 ming so‘mni tashkil etadi.

Ayni paytga kelib, mazkur aksiyadorlik jamiyatlarining aksariyati o‘z aksiyadorlari oldidagi dividenddan kattagina qarzdorlikka ega. Xususan, 2019-yil 1-chorak natijalariga ko‘ra, "O‘zdonmahsulot" tizimidagi korxonalarning dividenddan qarzdorligi 4 milliard 226 million 716 ming so‘mni tashkil etmoqda. Bu miqdor  "O‘zpaxtasanoat" AJ tizimidagi korxonalarda 3 milliard 998 million 515 ming, "O‘zbekneftgaz" AJ tizimidagi korxonalarda esa 1 milliard 981 million 307 ming so‘mga yetgan. Shuningdek, boshqa qator aksiyadorlik jamiyatlarida ham dividenddan qarzdorliklar mavjud. Shunday bo‘lgach, qimmatli qog‘ozlar bozorida ushbu korxonalar aksiyalariga qiziqish qoladimi?

Xo‘sh, bu qarzdorliklar qanday paydo bo‘lmoqda? Aksiya egalari dividendlarini  nega o‘z vaqtida olmayapti?

O‘rganishlar natijasida bu borada bir qator muammolar mavjudligi aniqlandi:

birinchidan, ko‘p hollarda aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan dividendlarni to‘lab berish vaqti kelganda hisobida erkin pul mablag‘i bo‘lmaydi. Misol uchun, "O‘zpaxtasanoat" AJ tizimidagi korxonalarning dividendlarni to‘lamasligiga jamiyatning yuqori organi tomonidan bu maqsad uchun pul ajratilmasligi sabab bo‘lgan;

ikkinchidan, aksiya egalari ogohlantirilishiga qaramay, o‘z vaqtida dividendni olishmaydi. Juda ko‘p hollarda bu ham qarzdorliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda;

uchinchidan, aksiyadorlik jamiyatlarida o‘z aksiyadorlari haqida yetarli ma’lumotlar mavjud emas yoki ularda bor ma’lumotlar eskirib ketgan;

to‘rtinchidan, mana shu sabablar yana bir sababni keltirib chiqarmoqda, ya’ni aksariyat aksiya egalarining o‘z aksiyalaridan dividend olishga bo‘lgan qiziqishi past. Ular o‘zi aksiyasiga egalik qilayotgan aksiyadorlik jamiyati, aksiyalarga hisoblangan dividendlar hamda jamiyatning moliyaviy ko‘rsatkichlari haqida umuman ma’lumotga ega emas.

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi viloyat  boshqarmasi tomonidan bu boradagi muammolar o‘rganilib, ularni bartaraf etish, dividendlarning o‘z vaqtida to‘lanishini nazorat qilish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu o‘rinda aksiya egalaridan ham qonunchilikda belgilangan huquqlaridan foydalanib, jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishlari, aksiyadorlar umumiy yig‘ilishlarida qatnashishlari, jamiyatga tegishli ochiq ma’lumotlar bilan tanishib borishlarini so‘raymiz.

Ular dividendlarni olishda yuzaga kelayotgan huquqlarining buzilishi yuzasidan agentlikning viloyat boshqarmasiga murojaat etishlari ham mumkin.

Samariddin RO‘ZIQULOV,

boshqarma boshlig‘i