Jamiyat 24.05.2019 128

ALIMENT TO‘LASHDAN QOCHIB CHET ELGA KETAYOTGANDA, AEROPORTDA USHLANDI

Ijro jarayonida

O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablariga ko‘ra, aliment to‘lovchi qarzdor aliment pullarini muntazam ravishda oyma-oy belgilangan vaqtda to‘lab borishi, shuningdek, ish, o‘qish joyi, pensiya va boshqa daromadlari to‘g‘risida darhol davlat ijrochisiga xabar berishi lozim bo‘lsa-da, farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin  tovlab, yashash joyidan yashirinib yurganlar ham yo‘q emas.

Sud qaroriga asosan qarzdor O.A.dan undiruvchi Sh.S.ga bir nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun ish xaqi va boshqa unga tenglashtirilgan daromadlarining to‘rtdan biri miqdorida aliment undirish haqidagi hujjati ijroga qaratilgan. Shunga muvofiq, Majburiy ijro byurosi Muborak tuman bo‘limi tomonidan ijro harakatlari olib borilib, O.A. aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lash bo‘yicha bir necha marotaba ogohlantirilganiga qaramasdan, o‘z farzandining moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlab kelgan. Yashash joyidan topilmagandan so‘ng esa 2018-yil 9-sentabr kuni davlat ijrochisi unga nisbatan qidiruv e’lon qilgan.

Ijro harakatlari jarayonida O.A. nomida hech qanday mol-mulk yo‘qligi hamda O‘zbekiston Respublikasidan chet elga chiqib ishlab kelayotgani aniqlangan. Yakunda esa qarzdor davlat ijrochisi tomonidan qo‘yilgan cheklovga asosan chet elga ishlash uchun chiqib ketayotgan vaqtda ushlangan.

Shundan so‘ng undan 7 million so‘m aliment pullari undirib berilishi ta’minlanishi bilan bir qatorda yosh oilaga olib borilgan huquqiy tushuntirishlardan so‘ng O.A. turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro bir oila asosida yashashini ma’lum qildi. Endi farzand ota-ona mehridan birdek bahramand bo‘ladigan bo‘ldi.         

Sarvar RAJABOV,

Majburiy ijro byurosi Muborak tuman bo‘limi qidiruv bo‘yicha katta inspektori