Tibbiyot 15.03.2019 3

ALLERGIYAGA E’TIBORSIZLIK

Salomatlik

ALLERGIYAGA E’TIBORSIZLIK

qanday oqibatlarni keltirib chiqaradi?

- Allergiya - yunoncha "allos" - begona va "ergo" - ta’sir so‘zlaridan olingan bo‘lib, u organizmning begona, yot moddalarga o‘zgacha ta’sir qilish qobiliyatini anglatadi, - deydi mutaxassis. - Bu kasallik odam tanasining ichki va tashqi muhit omillariga sezuvchanligi ortib ketishi natijasida hosil bo‘ladi. Uni yuzaga keltiradigan mingga yaqin allergenlar aniqlangan.

Xususan, nafas yo‘llarining allergik kasalliklari tarqalishiga iqlimning o‘ziga xos xususiyatlari, geografik sharoit ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

Sitrus mevalar, shokolad, qahva, asal, yong‘oq, tuxum, dukkakli o‘simliklar, shuningdek, mog‘or va achitqi zamburug‘lari allergiyani qo‘zg‘ashi mumkin. Shu bilan birga, allergiyani dori-darmon vositalari, jumladan, antibiotiklar, vitaminlarning V guruhi, sulfanilamid hamda hasharotlar chaqishi ham yuzaga keltirishga moyil.

Asosiy omil - o‘simliklar gulchangi

- Allergiyani yuzaga keltiruvchi asosiy omillardan biri, bu - o‘simliklar gulchangidir. Bilamizki, o‘simliklar changlanishi aynan bahorda kuzatiladi. Natijada allergik kasalliklarning barchasi burun qichishishi, yo‘tal, ko‘z yoshlanishi, qichishishi, qizarib shish hosil qilish singari alomatlar orqali namoyon bo‘ladi. Bundan tashqari, tomoq qitiqlanishi, ko‘z va ko‘z shilliq pardasining qichishishi, yosh oqishi va ko‘z sohasi shishishi ham mumkin.

Bahorda ko‘pgina surunkali kasalliklar zo‘rayishining sabablari qatoriga qishdan keyin organizmning zaiflashishi, shuningdek, meva va sabzavotlar bu paytga kelib barcha vitamin va energetik qiymatini yo‘qotishini ham kiritish mumkin. Immun tizimidagi buzilish bois tana xavfsiz moddalarni xavfli deb qabul qilib, mudofaa qilish tizimini ishga tushirib yuboradi.

Oldini olish va davolash

- Ushbu kasallik ota yoki onada bo‘lsa, farzandiga o‘tish ehtimoli katta. Bunday vaziyatda ayol homiladorlik paytida shifokor ko‘rigidan o‘tishi va bolasining bu kasallikka chalinishining oldini olish payida bo‘lishi kerak. Bu tavsiya mutlaqo sog‘lom ayollarga ham taalluqli. Boisi, bo‘lg‘usi ona homiladorlik paytida turli allergiya qo‘zg‘atuvchi ovqatlar, mahsulotlar, misol uchun, sitrus mevalar, gazli suv, achchiq ovqatlarni iste’mol qilishi oqibatida homilaning immun tizimida allergiya chaqirish holati kelib chiqishi mumkin.

Ta’kidlash joizki, ota-onalar bilmagan holda farzandida, o‘zida allergiyaga chalinish ehtimolini orttiradi. Misol uchun, allergiyani qo‘zg‘atuvchi chang kanalari, asosan, yumshoq o‘yinchoqlarda, yumshoq mebel va gilamda yig‘iladi. Shuningdek, uyda hayvon boqish, eski gilam va chang yig‘uvchi anjomlardan foydalanish, sun’iy matodan tikilgan kiyimlar kiyish, devorlari namlanib, mog‘or bosgan xonalarda yashash, changli joylarda yurish, o‘tkir hidli atir-upalardan foydalanish ham allergiyaga sabab bo‘ladi. E’tiborsizlik esa salomatlikda o‘zgarish yasaydi.

Alohida ahamiyat qaratadigan jihat shundaki, kasallikka chalingan kishi o‘zbilarmonlik bilan davolanmasligi lozim. Shifokor tekshiruvlari natijasida aynan qaysi moddaga allergiya borligini aniqlab, shunga ko‘ra davolash tavsiya qilinadi. Allergiyani qo‘zg‘atuvchi omillar aniqlansa, uni davolash oson. Aksincha, ba’zan 15 foiz holatda allergiyaga sabab bo‘lgan omillarni aniqlash qiyin kechadi. Bunday holatlarda bemorlar immunoterapiya muolajasi bilan davolab boriladi. Bemor ko‘chadan uyga kirgach, yengil yuvinib, kiyimlarini almashtirib olishi, xonalarni doim changdan tozalab turishi, ko‘p o‘tiradigan xonalarda gul o‘stirmasligi, bahor va kuz oylarida oynalarni yengil, namlangan to‘r parda bilan berkitish maqsadga muvofiq. Kasallikka moyil kishilar par yostiq va jun ko‘rpalardan butkul voz kechishi lozim.

Allergiyani davolamaslik kasallikning chuqurlashib ketishi hamda muolaja ta’sirining yo‘qolib borishiga olib keladi. Burundan boshlangan allergiya loqaydlik oqibatida laringit, bronxit va keyinchalik bronxial astma yoxud teri allergiyasi bo‘lgan dermatitni o‘z vaqtida bartaraf etmaslik eritrodermiyaga sabab bo‘ladi.

Shohista BOZOROVA yozib oldi.