Ta'lim 30.04.2019 36

AMALDA YO‘Q AMALIYOT

Muammo va munosabat

Maymun va duradgor haqidagi ertak ko‘pchilikka maktab paytidayoq tanish. Yodingizda bo‘lsa, unda bir maymun ustaning ishini kuzatib turadi va duradgor yo‘qligida u ham qo‘liga uskunalarni olib, daraxt yo‘nishga tushadi. Uquvi yo‘q emasmi, yog‘och orasiga dumi qisilib, ancha jabr ko‘radi. Qissadan hissa, yetarli bilimi, malakasi bo‘lmagan, amaliyot ko‘rmagan odam ana shunday jabr chekadi, degan haqiqat uqtirilgan bolalarga.

Buni bejiz eslamayapmiz. Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra "Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10-11-sinflari o‘quvchilari uchun kasbiy ta’lim berishni tashkil etish to‘g‘risida"gi Nizomi asosida o‘talayotgan amaliyot negadir o‘sha ertakni esga solayapti. Quyida buni tushuntirishga harakat qilamiz.

Gap shundaki, ushbu qaror asosida birgina Qarshi shahrida 8 ta kasb-hunar kolleji hamda 17-, 18-imkoniyati cheklangan bolalar maxsus maktab-internatlarida umumta’lim maktablarining 10-,11-sinf o‘quvchilari uchun o‘quv ishlab-chiqarish ustaxonalari tashkil etilgan.

Shahar xalq ta’limi bo‘limi xodimi Mehri Karimovaning aytishicha, bugun bu ustaxonalarda 7 mingga yaqin o‘quvchi haydovchilik, tikuvchilik, buxgalteriya hisobi, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, EHM operatori, kompyuterlarga texnik xizmat ko‘rsatish, chilangarlik, payvandlash, metallga texnik ishlov berish va ish yurituvchilik kabi 13 ta kasb sirlarini o‘rganmoqda. Muhim tomoni, o‘quvchilar 2 yil davomida 408 soat kasbiy ta’lim olib, o‘quv yili yakunida 36 soatlik ishlab chiqarish amaliyotini o‘taydi. Deylik, kollejning biror korxona bilan hamkorlik shartnomasi bo‘lsa, o‘quvchilar amaliyotni o‘sha korxonada ham o‘tashlari mumkin. Yakunda esa kasb malakasi bo‘yicha davlat namunasidagi diplom beriladi.

Bundan ko‘rinadiki, ustaxona diplomini olgan o‘smir o‘zi egallagan hunar bo‘yicha xohlagan joyda ishlab keta oladi. Olishi kerak. Biroq shunday bo‘larmikan?

Misol uchun, Qarshi qurilish kasb-hunar kollejidagi o‘quv ishlab-chiqarish majmuasida viloyat markazidagi 5-, 7-, 9-, 36-, 37-, 40-, 44- hamda 12-maktabining 851 nafar o‘g‘il-qizlari kasbiy ta’lim olib, ayni paytda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashayapti.

Kollej direktorining kasbiy ta’lim ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Shodi Xo‘jamovning so‘zlariga ko‘ra, uch yuzga yaqin o‘quvchi tikuvchilik, chilangarlik, mebel yasashni kollej ustaxonalarida o‘rganayapti. Bir qismi EHM operatori hamda hisobchilikni tanlagan bo‘lsa, kollej bilan hamkorlik shartnomasi tuzgan "Sotton road" qo‘shma korxonasida amaliyot o‘tayotganlar ham bor. Qolgan o‘quvchilar ham amaliyot o‘tash bo‘yicha turli korxona va tashkilotlar bilan shartnomalar imzolashgan.

Bilamizki, "Sotton road" viloyatdagi yirik tikuv-trikotaj korxonasi sanaladi. Mahsulotlari dunyoning turli burchaklariga eksport qilinayotgan korxonada o‘talgan amaliyot beiz ketmaydi, albatta. Tikuvchilikka qiziqqan yoshlar haftada bir kun ishlab chiqarish amaliyotida bo‘lishi mumkin.

20-aprel kuni mazkur korxonada tushgacha 36-, tushdan so‘ng 37-maktab o‘quvchilari amaliyot o‘tashi belgilangan ekan. Biroq korxona xodimlar yo‘riqchisi To‘lqin Ismatov shanba "korotkiy den" bo‘lgani uchun ish tushgacha davom etishini aytdi. Qiziq, korxonada ish shanbada tush vaqtida tugasa, 37-maktab o‘quvchilari nimani, qanday o‘rganishadi? Shungacha bo‘lgan jarayon bilan tanishishga esa korxona mas’ullaridan ruxsat bo‘lmadi. Negaligini esa bilolmadik.

Qarshi qurilish kollejidagilarning hujjatlarida 9-maktabning 7 nafar o‘quvchisi Xalq demokratik partiyasi Qarshi shahar kengashida amaliyot o‘tayotgani qayd etilgan. Aytishlaricha, o‘quvchilar bu yerda ish boshqaruvchilik, hisobchilikni o‘rganmoqda. Biroq XDP Qarshi shahar kengashidan hech qanday amaliyot o‘talmayotgani, qolaversa, 18 yoshga to‘lmaganlar partiya bilan bog‘liq ishlarga jalb etilmasligini ma’lum qilishdi.

Hujjatlarga tirkalganiga ko‘ra, 5-maktab o‘quvchilari - M.Razzoqova, Sh.Valiyev, A.Boboyorova, A.SHeraliyev ATB "Asia alliance bank" Qarshi filialida ish o‘rganayotir. Biroq filialdan surishtirib bildikki, bankda hech qanday o‘quvchilar amaliyot o‘tayotgani yo‘q.

Yana bir nechta o‘quvchi esa gazetachilarga yaxshi tanish - ayrim tahririyatlardan millionlab so‘m qarzdorligi sabab sudma-sud yurgan "Matbuot tarqatuvchi kabutar" MCHJda ish o‘rganayotgan ekan. Qiziq, bugun deyarli faoliyat ko‘rsatmayotgan joyda qanday amaliyot haqida gap bo‘lishi mumkin?

Boshqa korxona-tashkilotlar-ku mayli, biroq kollejning o‘zidagi ustaxonalarda ham ishlar nomiga ekani ko‘ngilni xira qiladi. Buni bolalar nomiga, kun o‘tariga kelib-ketayotganidan ham bilsa bo‘ladi. Balki shuning uchundir bunday amaliyotlardan ota-onalar ham u qadar xursand emas.

- O‘g‘lim o‘tgan yili kollejdagi majmuada avtomobillarni sozlashni o‘rganayotganda, xursand bo‘lgandik, - deydi I.Keldiyorova. - Lekin bu yil uni chilangarlik yo‘nalishiga o‘tkazishibdi. Buyam yomon soha emas, lekin amaliyotni sinf bo‘yicha gaplashib "yopishganini" eshitib, hafsalam pir bo‘ldi. Bekorga ekan, borib nima qiladi?

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: xo‘sh, ishlab chiqarish amaliyoti nomiga ekaniga sabab nima?

Biror hunar o‘rganay degan istakda kelib, istagi ro‘yobga chiqmay, hammasini o‘z holiga tashlab qo‘ygan o‘quvchini ayblash kerakmi?

Yo ishlab chiqarish amaliyotini ortiqcha boshog‘riq sanab, o‘quvchilarning qiziqishiyu, hunar o‘rganishiga e’tiborsiz qarayotgan muallimlarnimi?

Yo tushlikdan keyin ish tugaydi, deb eshigi oldidagi amaliyotchilarni bezdirayotgan korxonadagilarnimi?

Aslida bunday o‘quv-uslubiyot majmualarini tashkil etishdan maqsad mehnat bozori uchun maxsus hamda chuqurlashtirilgan tayyorgarlik talab etilmaydigan kasblar bo‘yicha raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, yoshlarning maktabni tugatgach, ishga joylashishi yoki kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilik bilan shug‘ullanishlari uchun edi. Bunga mas’ul mutasaddilar ana shu maqsadni ilg‘amagan shekilli, nomiga yo‘lga qo‘ygan amaliyotlari bilan o‘g‘il-qizlarning vaqtini o‘g‘irlashmoqda, kelajak haqidagi tasavvurlarimizni xiralashtirayapti, millatni aldayapti.

Yosh avlodni katta hayotga shu ahvolda tayyorlayapmizmi? Bu holda ulardan jamiyat nima yutadiyu, ularning o‘zi ne naf ko‘radi? Bolalikdagi ertakni nega yodga olganimizni ilg‘agandirsiz...

S.ALLAYOROVA