Jarayon 01.10.2019 6

ANOR - BARAKA, TINCHLIK VA FAROVONLIK RAMZIDIR

Festival

Avval xabar berganimizdek, 26-30-sentabr kunlari Kitob tumanining Varganza qishlog‘ida birinchi xalqaro "Anor" agroturistik festivali bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Prezidentning "Qashqadaryo viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash, bu orqali boy madaniy meros va tarixiy an’analarni saqlash, bog‘dorchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi aholi vakillarini qo‘llab-quvvatlash, hududda agroturizmni rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.

Dastlab festival ishtirokchilari Qashqadaryo xalqaro investitsiya forumida qatnashishdi. Shuningdek, OAV xodimlari va xorijiy mehmonlar uchun Shahrisabzning diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtirildi.

Ahamiyatli voqealardan biri Shahrisabzning Koba tarixiy qadamjosida Italiyaning Kazerta shahri meri va viloyat hokimi o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik memorandumining imzolanishi bo‘ldi.

- Ushbu tadbirni bekamu ko‘st o‘tkazish maqsadida katta tayyorgarlik ko‘rildi, - deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Otabek Olimjonov. - Qishloqlar tarixi, an’analari va urf-odatlari haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lgan gid-ekskursovodlar tayyorlandi. Shu bilan birga, mazkur hududdagi anorchilikka ixtisoslashgan dehqon va fermer xo‘jaliklarida dala shiyponlari va degustatsiya (meva va sharbatlarni tatib ko‘rish) xonalari tashkil qilindi.  Bunga uyg‘un ravishda Varganza anori, uni yetishtirish va saqlash texnologiyasi, foydali xususiyatlari va jahon bozoridagi nufuzi haqida qiziqarli foto va video materiallar tayyorlanib, ishtirokchilarga yetkazildi.

Qayd etish lozim, Varganza qishlog‘iga O‘zbekistondagi ilk agroturizm qishlog‘i maqomi berilib, yig‘in raisi Ziyodulla Mirzayevga ramziy kalit topshirildi.

Xalqaro anor festivalida o‘ziga xos auksion savdosi ham tashkil etildi. Dasturga ko‘ra, chet ellik mehmonlar ishtirokida anorzorga uyushtirilgan sayohat davomida anor daraxtlaridan eng katta meva tanlab olinib, auksionda sotildi. Varganzaning bir dona anorini xaridor 50 dollarga sotib oldi va ushbu pul Varganzada navbatdagi dunyoga keladigan birinchi chaqaloqqa beriladigan bo‘ldi.

Anor kesish musobaqasida ishtirok etgan italiyalik mehmon Barbara Parello g‘olib bo‘lib, maxsus sovg‘ani qo‘lga kiritdi.

- Bu darajada ko‘ngli ochiq, mehmondo‘st insonlarni ko‘rmaganman, - deydi Barbara Parello. - Ushbu sayohat menda juda katta taassurot qoldirdi. Bizning davlatda ham anor mevasi qadimdan juda qadrlanadi. Chunki bizda bu meva farzand belgisidir.

Shuningdek, "Anor" festivali doirasida milliy urf-odatlar, liboslar ko‘rgazmasi, viloyat folklor jamoalari ishtirokida qisqa metrajli filmlar namoyishi,  yosh rassomlar va suratchilar tanlovi kabi tadbirlar ham bo‘lib o‘tdi.

- Markaziy Osiyo yuragi hisoblangan O‘zbekiston haqida internet orqali ma’lumotga ega bo‘lsam-da, ammo bu yerga kelishni ko‘pdan buyon niyat qilardim, - deydi Kazerta shahri hokimi maslahatchisi Janluka Iannuchchi. - Taassurotlarim cheksiz. Varganza qishlog‘ining anorlari, go‘zal tabiati va odamlarning mehribonligi unutilmas xotiraga aylandi. Bu qishloqda yashovchi o‘zbek ayollarining tandirda non yopishiga guvoh bo‘lib, ochig‘i lol qoldim. Ta’mi ham mazali ekan. Shahrisabz va Kitob tumanlarida ko‘rgan, eshitganlarimni albatta italiyaliklarga so‘zlab beraman. O‘zbekistonga tez-tez kelishni dilimga tugib qo‘ydim.

Yuqoridagilardan tashqari festival doirasida Kitob kenglik observatoriyasiga sayohat, Yakkabog‘da ko‘pkari, kurash musobaqalari ham tashkil etildi.

Shohista BOZOROVA

Muallif olgan suratlarda  tadbirdan lavhalar.