Ma'naviyat 30.08.2019 31

"AQLNI KO‘CHADAN QIDIRMA..."

Ehtirom

Mehnat faoliyatimning ma’lum davrini bag‘rikeng, haq so‘zni qadrlovchi, to‘g‘riso‘z va tanti dehqonobodliklar orasida o‘tkazganman. Bu vaqtda Dehqonobod elining tarixi, yashash tarzi, urf-odatlari, odamlarini o‘rganganman va ularning mehru e’tiboridan bahramand bo‘lganligim uchun barchasini doimo qalbimga yaqin olaman. Aholisining aksariyati o‘zbek xalqining qo‘ng‘irot urug‘idan bo‘lgan o‘zbeklar hamda tojik, turk va boshqa millat vakillaridan iborat el hayotidan ko‘p narsalar uqqanman. Nafaqat olimlari, ziyolilari, ishbilarmonlari va davlat xizmatchilari orasida, hatto dehqonu cho‘ponlari ichida ham ko‘p kitob o‘qigan orif-donishlari ko‘pligiga guvoh bo‘lganman.

Ana shunday kishilardan biri Yusuf Xos Hojibning "Qutadg‘u bilig" ("Saodatga yo‘llovchi bilim") asarini o‘qiganim bilan qiziqib, rahbarlarning chorvador el bilan qanday munosabatda bo‘lishi kerakligiga oid bobni qayta o‘qib chiqishni tavsiya qilgan edi. Shu tavsiya asosida kitobni qayta o‘qib chiqqanman. "Turkiy Shohnoma" nomi bilan shuhrat qozongan "Qutadg‘u bilig" asari 1070-yilda yozilgan bo‘lib, unda turkiy xalqlar tarixi, ilm-fani, urf-odatlari, ma’naviyati va qadriyatlariga oid ma’lumotlar berilgan.

"Qutadg‘u bilig"da bugungi davr tili bilan aytganda rahbarlar, davlat xizmatchilari qanday bo‘lishi va ularning ziyolilar, hunarmandlar, dehqonu cho‘ponlar kabi zahmatkash insonlar bilan qanday munosabatda bo‘lishi zarurligiga oid umrboqiy fikrlar o‘z ifodasini topgan. Asarda insonning kamolga yetishiga to‘sqinlik qiladigan yomon illatlar, nuqson va kamchiliklardan birinchi navbatda el-yurt xizmatida bo‘lgan amaldorlar xoli bo‘lishi lozimligi uqtiriladi. Davlat xizmatida bo‘lganlar ishratparastlikka berilish, kek, gina, adovat, nizo, xusumat, fisqu fasod, maishiy buzuqlik, xiyonat, mol-dunyo ketidan quvish, manfaatparastlik, xudbinlik, boshqalarning haq-huquqini toptash, tamagirlik kabi illatlardan xoli bo‘lishga undaladi. Bu illatlar davlat rivojiga putur yetkazib, jamiyatni ma’naviy qashshoqlikka olib borishi ta’kidlanadi.

Tavsiyaga amal qilib, chorvadorlar bilan munosabatga qayta e’tibor qaratdim: "Chorvadorlar ham muhim tabaqa. Ular mulkparast bo‘lmasligi bilan ishonchli kishilardir. Jamiki hayvonot va ulardan olinadigan mahsulot ular tasarrufida. Chorvadorlarga ham ezgu munosabatda bo‘l. Tajribamda ko‘rdimki, ularda hiyla-nayrang yo‘q, ularning fe’li keng. Tartib-intizom talab qilishni xush ko‘rmaydilar. Shu sababli ular bilan munosabatda ustomonlik kerak. Chorvadorlar tilini tushun, ulardan bilimlilik talab qilma".

"Qutadg‘u bilig"da uylanmoqchi bo‘lgan yigitlarga qarata: "Sen xotin olsang, o‘zingdan quyisini ol, zoti oliysiga boqma, sen qul bo‘lib qolasan. Asli, urug‘i hamda zoti yaxshi bo‘lsin, uyatli, andishali, pokizasini istagin. Yuzi chiroyini istama, xulqi yaxshisini ista, fe’l-atvori yaxshi bo‘lsa, sening yuzingni yoritadi", deb nasihat qilinadi.

Dehqonobodlik men bilgan kitobsevarlardan biri Otkamar qishlog‘ida yashaydigan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, umr bo‘yi cho‘ponlik qilib oila tebratgan, elning koriga yarayotgan farzandlar tarbiyalagan, 95 yoshli Abdulhakim bobo Jabborovdir.  Abdulhakim bobo bilan 2009-2016-yillar mobaynida Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alaba kuni bayramlari arafasida ko‘p bora uchrashib, mazmunli suhbatlaridan bahramand bo‘lganman. 2009-yilda Dehqonobod tumanida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari 58 nafar bo‘lsa, hozirgi kunda uch nafar qolishgan. Shulardan biri Abdulhakim bobo.

Abdulhakim boboni ko‘rgani borganimda, hamisha kitob mutolaa qilib turgan holda uchratganman. U kishi bilan islom ta’limoti borasida suhbat qurishga "tishim o‘tmagan" bo‘lsa-da, G‘azzoliy, Alixonto‘ra Sog‘uniy, Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon kabi allomalarning hayoti va ijodi haqida fikrlashganmiz. Suhbatlar vaqtida bir umr cho‘ponlik qilib yashagan kishining ilmu tafakkuriga tan berganman. Zarur ilmlarni diniy va dunyoviy ilmga bo‘lmasdan o‘rganish zarurligi, har qanday dunyoviy ilm sohasi diniy ilm bilan chambarchas bog‘liqligini tushunib yetganman.

Bir gal Abu Homid G‘azzoliyning "Mukoshafat-ul qulub" ("Qalblar kashfiyoti") kitobini sovg‘a qilib, o‘qib chiqishni tavsiya qilgan. Umuman, G‘azzoliy haqida nimalarni bilamiz? U Sharqning buyuk mutafakkirlaridan biri bo‘lib, 1058-1111 yillarda hozirgi Eron hududida yashab o‘tgan. Tus, Jurjon, Nishopur va Bag‘dodda tahsil olgan. Saljuqiylar davlatining ulug‘ vaziri, ko‘plab olimu fozillar boshini silagan Nizomulmulkning e’tiboriga tushgan. Tarix, falsafa, fiqh, hadis, tasavvuf olimlariga amaliy qo‘llanma bo‘lgan "Vojiz", "Bosit", "Ar-Risolat al-Qudsiya", "Ihyo ulum ad-din", "Hujjat al-Haq" kabi yuzga yaqin asarlar yozgan. Hayoti davomida ziddiyatli, ko‘p masalalarga shubha bilan qaragan davrlar ham bo‘lgan. O‘zidan va o‘rganganlaridan qoniqmagan. O‘ziga "Butun qilayotgan ishlarim: shon-shuhrat, amal-mansab, nufuz va mol-dunyo uchun emasmikin", degan savollar qo‘yib yashagan.

Uning asarlari o‘zlikni va hayotni anglashni, yashashning g‘amu tashvishlariga sabrli bo‘lishni, qalbni pok va toza tutishni, halol yashash va baxt-saodatga erishishni o‘rgatadi. Abdulhakim boboning fikricha, Abu Homid G‘azzoliy asarlarining qadr-qimmati vaqt o‘tgani sari oshib bormoqda hamda insoniyat bor ekan, bu asarlar ham mangu ziyo manbai bo‘lib xizmat qiladi.

"Mukoshafat-ul qulub"ni Abdulhakim bobo "Qalblarni davolovchi asar" deb ta’riflagan edi. Ushbu asar insonga hasad, johillik, adolatsizlik, kibru havo kabi g‘ayriinsoniy fe’l va tuyg‘ulardan xoli bo‘lish yo‘llarini ko‘rsatadi. Zero, arabcha "mukoshafa" so‘zi "ko‘rinmaydigan narsalarni ochish" degan ma’noni anglatadi. Olimu oriflar bu kitobni keng ma’noda "qalblarni bosib yotgan g‘ayriinsoniy fe’l va tuyg‘ularning kashfi" deb atashgan.

G‘azzoliyning xulosasicha, jamiyatda haqsizlik o‘rnini adolat, yolg‘on o‘rnini rost, axloqsizlik o‘rnini odob, shafqatsizlik o‘rnini rahmlilik, kibru havo o‘rnini kamtarlik egallasa, elu xalq baxtli va saodatli bo‘ladi.

Kitob o‘qish zarurligi keng targ‘ib qilinayotgan vaqtda kitobga mehr qo‘ygan insonlar hech bir davrda unga begona bo‘lmaganini ta’kidlab o‘tishni joiz deb topdik. Ular bizning oramizda, oilasi va yaqinlari davrasida baxtli-saodatli hayot kechirmoqdalar. Zero, kitob o‘qish zarurligi haqida ulamolar aytgan ekan: "Aqlni ota-onangdan topolmagan bo‘lsang, ko‘chadan qidirma, kitobdan qidir, ustoz-muallimdan qidir. Bulardan ham topolmasang, Qur’oni karimdan qidir, hadisi sharifdan qidir! Demak, sen iymonga muhtojsan!"

Abdishukur OMONOV