Tibbiyot 21.06.2019 159

AQLNI ZAIFLASHTIRIB, MEHNAT QOBILIYATINI SUSTLASHTIRADI

Iyun - giyohvanllikka qarshi kurash oyligi

- Kasbim taqozosiga ko‘ra giyohvandlik moddasi iste’mol qilgan kishilar bilan deyarli har kuni muloqotda bo‘laman, - deydi viloyat narkologiya dispanseri bosh shifokorining davolash ishlari bo‘yicha yordamchisi Bobomurod Rahimov. - Suhbat chog‘ida ularning ko‘pchiligi bilib-bilmay bu yo‘lga kirib qolganligi, irodasizligi tufayli og‘ir darddan qutula olmayotganligini aytadi. Ularga qarab achinib ketaman. Chunki giyohvandlikning salbiy oqibatlarini sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Zero giyohvand moddalar, bir tomondan, inson aqlini zaiflashtirsa, ikkinchi tomondan, inson tanasining turli xastaliklarga chidamliligi, ya’ni immunitetini barbod qiladi. Uchinchidan, xotirani pasaytirib, hamma narsaga befarq qilib qo‘yadi. To‘rtinchidan, yurak, qon-tomir va asab tizimini ishdan chiqaradi. Beshinchidan, ko‘pgina holatlarda insonning  OITS kasalligiga chalinishiga olib keladi. Bulardan tashqari, narkotik moddalarni muntazam iste’mol qilish ko‘zni xiralashtiradi, tishlarni kasallantirib, to‘kib yuboradi, oshqozon-ichak, jigar, o‘pka faoliyatini buzadi. Bu dardga mubtalo bo‘lgan odam o‘ta yalqov, mas’uliyatsiz, xudbin bo‘lib qoladi.

Insoniyat bir necha asrlardan buyon giyohvandlikka qarshi kurashib kelayotgan bo‘lsa-da, bu illatga uzil-kesil barham berolganicha yo‘q. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ekspertlari tomonidan o‘tkazilgan   tadqiqot xulosalariga ko‘ra, jahonda har yili taxminan 100 ming kishi giyohvandlik balosi tufayli hayotdan erta ko‘z yummoqda. Shu bilan birga bugungi kunda noqonuniy narkobiznesdan tushadigan yalpi daromad yiliga 400 milliard dollarni tashkil etadi.

- Ushbu zahri qotilni iste’mol qilayotganlar orasida xotin-qizlar  ham borligi, ayniqsa, homilador ayollarning uchrayotgani achinarli holdir, -deydi  Bobomurod Rahimov. - Vaholanki giyohvand moddasi farzand kutayotgan ayol organizmi va homilaga o‘ta zararli ta’sir ko‘rsatadi. Chunki homila paydo bo‘lgan  vaqtdan boshlab 70 kungacha juda nozik hisoblanadi. Har qanday salbiy ta’sir unda tug‘ma nuqsonlar paydo bo‘lishi (homila o‘lik tug‘ilishi, tushishi, aqli zaif, majruh chaqaloqlar tug‘ilishi)ga olib kelishi mumkin.

Yurtimizda giyohvandlikka qarshi kurashish va narkotik moddalar noqonuniy aylanishining oldini olish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan bir qatorda har yili maxsus oylik e’lon qilinib, bir oy davomida yoshlar o‘rtasida giyohvandlik va uning ayanchli oqibatlari, giyohvand va psixotrop moddalarni tarqatish, sotish va buning oqibatlarini muhokama qilish, bunday illatlarga qarshi kurashga chorlovchi tadbirlar o‘tkazib borilmoqda.

- Giyohvandlik moddasini iste’mol qilish natijasida inson organizmida unga ruhiy va jismoniy moyillik paydo bo‘ladi, - deydi Bobomurod Rahimov. - Buning oqibatida kishida ruhiy holatning o‘zgarishi: o‘zini yomon his qilish, tajanglik, uyquning buzilishi, tez charchash kabi holatlar kuzatiladi. Keyinchalik esa ko‘p terlash, yurak urishining tezlashishi, og‘iz qurishi, ozib ketish, qo‘l va oyoqning terlashi, suyaklarda og‘riq paydo bo‘lishi kuzatiladi. Bunday paytda o‘z vaqtida giyohvand moddasi qabul qilinmasa, tanada og‘riq kuchayadi. Shuningdek, giyohvandlikka ruju qo‘ygan odamning ko‘z qorachiqlari nuqtasimon bo‘lib, yorug‘lik va qorong‘ulik ta’siriga befarq bo‘lib qoladi. Xumor paytida qorachiqlar kengayib, ko‘zi yoshlanib, unda tumov belgilari kuzatiladi. Giyohvand shaxslar bunday paytda jahldor va tajovuzkor bo‘lib qolishadi. Ana shunday paytda giyohvand moddasi topish bu odam uchun eng maqbul chora bo‘lib tuyuladi va u buning uchun hech narsadan qaytmaydi. Bu holat oxir-oqibat uni jinoyatga boshlaydi.

Giyohvandlik natijasida juda og‘ir xastalik - OITSga chalinganlar soni ko‘payayotganligi ham achinarli holdir. Shu bois hozirgi kunda giyohvandlar o‘rtasida OITSning oldini olish maqsadida "Ishonch punktlari" tashkil etilgan. Unga murojaat qilganlardan tibbiy xizmat uchun pul olinmaydi. Bemorning kimligi so‘ralmaydi, muolaja sir saqlash asosida olib boriladi.

- Dispanserimizda giyohvandlik iskanjasiga tushib qolgan insonlarni davolash uchun 3 ta bo‘lim bo‘lib, barcha davolash ishlari bepul amalga oshiriladi, - deydi Bobomurod Rahimov. - Ayni paytda 10 nafarga yaqin fuqaro toksikomaniya va qariyb 70 nafar kishi giyohvandlik bo‘yicha ro‘yxatga olingan. Achinarlisi bugun yoshlar o‘rtasida toksikomaniyaning bir turi, ya’ni turli vositalarni hidlab kayf qilish holatlari ham kuzatilmoqda.

Bugun giyohvandlikka mubtalo bo‘layotganlarga qarata bir gapni aytish mumkin. Hayot go‘zal, yashash yaxshi. Har qanday muammoni hal qilish mumkin. Shu sababli o‘zingizni chohga tashlamang. O‘lim suyuqligi solingan shpritsni qo‘liga olayotgan odam kelajagini umrbod qorong‘ulik qa’riga tashlayotganini his qilishi zarur. Giyohvand moddasi taklif qilingan paytda "yo‘q" degan qat’iy so‘zni ayta bilish kerak. Shundagina inson hayotda o‘z o‘rnini topishi va o‘zinining, qolaversa, oilasining xotirjamligini ta’minlashi mumkin.

Shohista BOZOROVA