Jarayon 05.04.2019 14

ARM XARAJATLARI SMETASIDA KITOB VA GAZETALAR UCHUN MABLAG‘ AJRATILMAGAN

O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari O‘rol Hayitov va Dilfuza Jalilova viloyatimizning bir qator tumanlarida bo‘lib,  aholi bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazishdi.

Uchrashuvlar davomida aholini o‘ylantirayotgan qator masalalar, muammolar o‘rtaga tashlandi. Shu bilan bir qatorda, hududlardagi axborot-resurs markazlari faoliyati o‘rganildi.

Ta’kidlash joizki, yoshlarning kitobga mehrini oshirish, buning uchun ularga yetarli shart-sharoitlarni yaratishda axborot-resurs markazlarining o‘rni katta. Ammo bugungi yoshlar, aholi ushbu markazlardan o‘zi izlagan adabiyotlar, nashrlarni topa olayaptimi? Bunday markazlarda mushtariylarning kitob va gazetalar mutolaa qilishlari, kompyuterdan, internetdan foydalanib, o‘zlarini qiziqtirgan ma’lumotlarni topa olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilganmi?

Ishchi guruh tomonidan Mirishkor tumani axborot-resurs markazida o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida bu borada bir qancha ijobiy jihatlar ko‘zga tashlandi. Misol uchun, markazga har kuni o‘rtacha 25-30 nafar kitobxon murojaat etadi, o‘zlariga kerakli kitoblarni olib o‘qiydi.  Markaz xodimlari tumanda o‘tkazilgan turli ko‘rik-tanlovlar, bayram va tadbirlarda faol ishtirok etib, kitobxonlikni targ‘ib qilib kelishmoqda. Foydalanuvchilar sonini oshirish maqsadida aholi gavjum bo‘ladigan maskanlar, mahallalar hamda 50 nafardan ortiq xodimi bo‘lgan korxona, tashkilot va muassasalarda muntazam ravishda kitob ko‘rgazmalari, yarmarkalari, targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinayapti.

Ammo muammolar, kamchiliklar ham yo‘q emas. Misol uchun, tuman axborot-resurs markazi o‘z binosiga ega emas. U hududdagi 1-maktab binosida joylashgan. Alohida o‘quv zali yo‘q, zaruratga ko‘ra foydalanuvchilar kompyuter xonasida kitob mutolaa qilishmoqda.

Achinarli tomoni, 2007-yildan hozirgi kungacha, ya’ni 12 yildan ortiq vaqt mobaynida axborot-resurs markazining xarajatlari smetasida kitoblar fondini boyitish, matbuot nashrlariga obuna bo‘lishga mablag‘ ajratilmagan. Natijada yaqin yillar ichida biror-bir yangi kitob sotib olinmagan va matbuot nashrlari to‘plamlari mavjud emas. Maktabning jihozlaridan foydalanib kelayotgan markazning moddiy-texnik bazasi ahvoli ham ayanchli holatda.

O‘ylaymizki, tuman hokimligi, mutasaddi tashkilotlar bu holatga e’tibor qaratishadi va axborot-resurs markazida ahvol o‘nglanadi.

 Ishchi guruh tomonidan axborot-resurs markazlari faoliyatini o‘rganish  davom etmoqda.

Suratda: ishchi guruh faoliyatidan lavha.

Shahnoza QAHHORZODA,

O‘zMTDP viloyat kengashi matbuot kotibi