Madaniyat 14.06.2019 199

"ARSHIN MAL ALAN" O‘ZBEKCHA TALQINDA

Taqdimot

Viloyat musiqali-drama teatrida Uzeir Gadjibekovning "Arshin mal alan" musiqali komediyasi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Bahodir Nazarov talqinida sahnalashtirilib, namoyish etildi.

Uzeir Gadjibekov Ozarbayjon xalqi madaniyati va san’ati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan insondir. U o‘z zamonasining yetuk musiqashunos olimi, cholg‘uchisi, bastakori, bir so‘z bilan aytganda, san’at fidoyisi edi.

Ayniqsa, Uzeir Gadjibekovning nomi san’at muxlislariga "Arshin mal alan" musiqali komediyasi orqali yaxshi tanish. Yuzlab tillarda sahna yuzini ko‘rgan va barcha xalqlarga birday manzur bo‘lgan bu asar mavzu jihatdan ham umuminsoniy bo‘lgan muhabbatni madh etar ekan, u vaqt o‘tgani sayin o‘z jilosini yo‘qotmaydi, aksincha, yanada sayqal topib boraveradi.

Asarning viloyat musiqali-drama teatri ijodkorlari tomonidan o‘zbekcha talqinda sahnalashtirilishiga asos bo‘lgan jihat ham undagi millatlarimizga xos bo‘lgan an’ana va urf-odatlarning umumiyligi, oila, vafo va sadoqat tushunchalarining oliy qadriyat sifatida kuylanganligidir. Spektaklda o‘zbek qizlarining ibo hayosi, qadimiy va asriy an’analarimiz, yoshlarning ota-onalar ra’yiga qarshi bormasdan muhabbat qasrini qurishlik masalalari komik ruhiyatda musiqiy jarangdorlikdagi ozarbayjoncha mug‘omlar orqali aks ettirilgan.

Spektaklda rollarni viloyat musiqali-drama teatrining iqtidorli aktyor va aktrisalari ijro etishdi.

Sobir NARZIYEV

Muallif olgan suratlar.