Madaniyat 24.06.2019 165

ASILBEK VA HABIBULLO - “YOSH IJROCHILAR” RESPUBLIKA TANLOVI G‘OLIBI

Tanlov

O‘zbekiston davlat  konservatoriyasida ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari, maktab-internatlari, akademik litseylari yosh ijrochilarining Respublika tanlovi bo‘lib o‘tdi.

 

Ushbu tadbir har ikki yilda bir marta o‘quvchi-yoshlarni musiqa san’atining yuksak namunalari asosida tarbiyalash, o‘zaro tajriba almashish, ijrochilik mahoratini oshirish, iqtidorli yoshlarni kashf etish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida an’aviy tarzda o‘tkazib kelinmoqda.

Bu yil ham tanlovga qiziqish har qachongidan yuqori bo‘ldi, deyish mumkin. Respublika bosqichida o‘n kun davomida ko‘plab iste’dodli yoshlar “An’anaviy cholg‘u”, “Teatr san’ati”, “Estrada-vokal”, “Folklor”, “Xoreografiya”, “Damli va zarbli cholg‘ular (akademik yo‘nalish)”, “Estrada ijrochiligi”, “An’anaviy xonandalik”, “Akademik xonandalik”, “Torli cholg‘ular”, “Fortepiano” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.

Qarshi ixtisoslashtirilgan san’at maktabining iqtidorli o‘quvchilari ham mazkur tanlovda faol ishtirok etishdi. Barcha yo‘nalishlarda  jami 45 nafar nafar yosh qatnashib, hakamlar va san’at ixlosmandlarining e’tirofiga sazovor bo‘lishdi. E’tiborlisi, yakunda ikki nafar o‘quvchi o‘z yo‘nalishida tengsiz deb topilgan bo‘lsa, yana 15 nafari tanlovda yuqori o‘rinlarni egallashdi.

- Tanbur chalishni o‘rganganimga endi ikki yil bo‘ldi, - deydi “An’anaviy cholg‘u” yo‘nalishida birinchi o‘rin egasi Asilbek Naimov. – O‘tgan davrda ustozlarim ko‘magida mahoratimni oshirdim, o‘z ustimda tinmay ishladim. Bu esa nufuzli tanlovda menga juda qo‘l keldi. Sevimli musiqa asbobimda maqom, sarahbori dugoh, Turg‘un Alimatovning “Rohat” singari kuylarini maromida ijro etishga harakat qildim. 3 tur natijalariga ko‘ra, eng yaxshi deb topishdi. Shu bilan O‘zbekiston davlat  konservatoriyasida imtiyozli asosda o‘qishga kirish imkoniyatiga ega bo‘ldim.

 

 

Qayd etish joiz, Qarshi ixtisoslashtirilgan san’at maktabi ko‘plab iste’dodli yoshlarni tarbiyalab berayapti. Ayni paytda ushbu ta’lim muassasasida 600 nafardan ziyod o‘quvchi tahsil oladi. Bu yerda ularga fortepiano, torli, puflama va zarbli, xalq va an’anaviy, estrada cholg‘uchiligi, an’anaviy, akademik va estrada xonandaligi, xor dirijyorligi, teatr va tasviriy san’at, raqs singari ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim berilmoqda.

M.SHUHRATOV

Suratda: “Yosh ijrochilar” respublika tanlovi g‘olib va sovrindorlari.

Sobir NARZIYEV olgan surat.