Ma'naviyat 25.12.2018 183

ASL TUYG‘UNING OHORI TO‘KILMAYDI

Piri badavlatlarimiz

ASL TUYG‘UNING OHORI TO‘KILMAYDI

Ayrim muqaddas tushunchalar haqida huda-behuda lof uraverib, ular haqidagi tasavvurlarimizni siyqalashtirib qo‘yganimizni o‘zimiz ham sezmay qolamiz. Masalan, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, saxovat, savob... Bu xususda balandparvoz gaplarni shuncha ko‘p gapirganmizki, oqibatda bu so‘zlarning ohorini  to‘kib qo‘ygandekmiz. So‘zlar o‘z yo‘liga, aslida asl tuyg‘ularning ohori aslo to‘kilmaydi. Chunki ular yurakda yashaydi. Hamisha ham tilga ko‘chavermaydi...

Yaqinda Shahrisabzda ikki otaxonning tabarruk to‘ylarida ishtirok etib, mana shular haqida o‘yladim.

***

Chaqar qishlog‘ilik Boboqul Avlaqulov Ikkinchi jahon urushiga otlanganida yigirma uch yashar bo‘ydoq yigit edi. Avval kichik komandirlik bo‘yicha saboq oldi. So‘ng jangga kirdi. Bu yog‘i Ukraina, Belarus, Karpat tog‘lari... keyin Vengriya, sobiq Chexoslovakiyadagi qirg‘inbarot janglar uning metin irodasini buka olmadi. Boshi uzra o‘q yomg‘iri yog‘ilib, snaryadlar portlayotgan chog‘da ham so‘lim qishlog‘i Chaqarda qolgan yaqinlari uchun ko‘ksini qalqon etishi zarurligini chin yurakdan his etib, qayta-qayta jangga otildi... Fashistlar ustidan qozonilgan g‘alaba xushxabarini u Pragada kutib oldi. Yuragi entikdi. Bir zum ko‘zlarini yumdi. Olis Shahrisabzdagi barcha yaqinlari, qadrdon hamqishloqlari, ona qishlog‘ining fusunkor manzaralari - sharqirab oqayotgan daryo, adil archalar, olisdan ko‘ringan mag‘rur cho‘qqilar, musaffo osmon ko‘z o‘ngidan kinotasmaday birma-bir o‘tdi...

Yurt sog‘inchi jigar-bag‘rini o‘rtayotgan bo‘lsa-da, buyruqqa bo‘ysunishga majbur bo‘ldi - u urushda vayron bo‘lgan shahar va qishloqlarni tiklash ishlariga jalb etilgan edi.

Rosa yetti yil deganda, o‘ttiz yoshida ona qishlog‘iga qaytgan Boboqul Avlaqulovning qalbi shukrona bilan to‘la edi. Axir frontda halok bo‘lgan ne-ne safdoshlarining xoki o‘zga yurtlarda qolib ketdi. Unga esa Vatanini qayta ko‘rish baxti yana nasib etdi. Uzoq yillar qishloq xo‘jaligi sohasida samarali mehnat qildi. Bu orada Rayhonoy degan qizga uylandi. Yaxshi niyatlar bilan uy tikladi. Hovlisi o‘g‘il-qizga to‘ldi. Ayni paytda yetti o‘g‘il, ikki qizning ortidan 150 dan ortiq nevara-chevaralari bor. Hammasi hayotda o‘z o‘rnini topgan. Hammasini el alqaydi - "otasiyu bobosiga tortgan-da" deb...

***

Shahrisabz shahrilik Sohib bobo Ibrohimovni ko‘pchilik "Savob bobo" deb atashganini eshitib, buning sababiga qiziqdim.

Davradagilardan so‘rab bilishimcha, bobo uzoq yillar savdo tashkilotlarida haydovchi bo‘lib ishlagan, faoliyati davomida saxovatpesha inson sifatida nom chiqargan. Mahalladagi kam ta’minlangan oilalar, ayniqsa, o‘sha paytlar uch-to‘rt oylab paxta dalalarida majburiy mehnatga jalb etilgan egni yupun o‘quvchiyu talaba-yoshlarga ko‘rsatgan himmatlari hamon tildan tilga ko‘chib yurar ekan. O‘sha paytlarda savdo sohasida halol ishlab, hammaning ko‘nglidan joy topish oson ish bo‘lmaganini keksalarimiz yaxshi bilishadi. Sohadagi mehnatlari qadrlanib, "Savdo a’lochisi" nishoniga sazovor bo‘lganliklari ham bejiz emas-da.

"Savob bobo"ning savoblari xususida batafsilroq yozmoqchi bo‘ldimu, uning "qo‘ying, shart emas" degan gapi zamiridagi mohiyat meni to‘xtatdi: "o‘ng qo‘ling berganini chapi bilmasin". Yo‘qsa, uning savobligi qoladimi?! Mashhur qo‘shiqda aytilganiday : "Mening kimligimni el bilsa bo‘ldi"...

***

Yaqinda yaqinlari, mahalladoshlari, do‘stu qadrdonlari davrasida Boboqul bobo Avlaqulov 101 yoshini, Sohib bobo Ibrohimov tug‘ilganiga 1000 oy to‘lishini nishonlashdi. Har bir tantananing fayzi boshqacha bo‘ldi. Mahalladoshlari - eli juda qadrlar ekan-da ularni...

Shu kuni keksalarning tilidan munavvar kunlar shukronasi tushmadi. Cheksiz havasga yo‘g‘rilgan tilaklar tilaklarga ulandi. Menga esa eng yoqqani mana bu tilak bo‘ldi: "Asl tuyg‘ularning ohori aslo to‘kilmaydi!"

Jabbor XALIL,

O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi Shahrisabz tumanlararo bo‘limi raisi