Jarayon 08.12.2018 61

ASLI HAYOT HISOB-KITOBDAN IBORAT...

Konstitutsiya va yoshlar

ASLI HAYOT HISOB-KITOBDAN IBORAT...

Har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi.

Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga g‘amxo‘rlik qiladi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 42-moddasi.

Sardor yoshligidan hisob-kitobga qiziqadi. Maktabda, kollejda o‘qigan kezlarida sevimli fani matematikaga havasi yanada ortdi. U murakkab misol va masalalar yechishdan qo‘rqmaydi, balki maroq bilan zavqlanib ishlaydi. Sardor aslida hayotning o‘zi hisob-kitobdan iborat, deb biladi. Shu bois har bir kunini, daqiqasini rejali taqsimlaydi.

Odatda matematika fanidagi qiyin misollar, boshqotirma va murakkab sonlar ko‘pchilikka yoqavermaydi. Aslida aniq fanlarni o‘rganish doimo mashaqqatli hisoblangan va bu jarayon odamdan kuchli sabr-toqat, iroda talab qilishini bilamiz. Qarshi davlat universiteti talabasi Sardor   Saidov esa uni qanday qilib murakkablikdan zavqli mashg‘ulotga aylantirish yo‘lini yaxshi biladi.

Ustozlarining "Hech kim matematik bo‘lib tug‘ilmagan va hammaga matematikani o‘rgatsa bo‘ladi", degan gaplari uni oldinga undayveradi. Bu undovlar Sardorni respublika va xalqaro miqyosdagi turli olimpiadalar va ko‘rik-tanlovlarga yetakladi.

Har yili kuzda an’anaviy tarzda Novosibirsk davlat universitetida oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan xalqaro ochiq olimpiadada Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan 260 yigit-qiz o‘z bilimini onlayn tarzda sinovdan o‘tkazdi. Olimpiadada Sardor Saidov kumush, universitetning yana bir iqtidorli talabasi    Navbahor Nuraliyeva bronza medalga sazovor bo‘ldi. Yuqori bosqich talabalari o‘rtasidagi jamoaviy bahslarda universitet jamoasi bronza medalga loyiq ko‘rildi.

Sardor Xorazmda bo‘lib o‘tgan Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiadada ham faol ishtirok etdi. Xorijlik tengdoshlari, ustozlaridan bilmaganlarini o‘rgandi. Ular bilan do‘stona aloqa o‘rnatib, hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. 

Sardor Saidov erishayotgan barcha yutuqlarini Bosh qomusimizda belgilab berilgan kafolatlar bilan bog‘laydi.

- Tengdoshlarim qatori mening hayotimda ham Konstitutsiyaning o‘rni katta, - deydi talaba. - Bilim olish, sport bilan shug‘ullanish, kasb-hunar o‘rganish, ishlash, dam olish va davolanish, chet ellarga chiqish imkoniyatlariga egaman. Ilmiy va texnikaviy ijod erkinligining kafolatlanishi - shaxsan men uchun juda katta imkoniyat. Mustaqil yurt farzandi sifatida orzularimga yetishish yo‘lidagi barcha eshiklar men uchun ochiq ekanini bilaman va bundan g‘ururlanaman.

S.ALLAYOROVA