Jarayon 21.05.2019 113

ASOSIY MAQSAD — ODAMLARNI HAYOTDAN ROZI QILISH

Chiroqchida sayyor qabul

Viloyat hokimligi va viloyat Xalq qabulxonasi hamkorligidagi navbatdagi sayyor qabul Chiroqchi tumanida bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, bugun mamlakatimizda aholi turmush farovonligini yanada yuksaltirish, ayniqsa, chekka va olis hududlarda yashayotgan fuqarolar holidan xabar olish, muammolarini joyida hal etish, odamlarda adolatga, davlatga ishonchni mustahkamlash va ularni hayotdan rozi qilish davlat idoralari, rahbarlar oldidagi eng ustuvor vazifaga aylandi. Shunga muvofiq, tashkil etilayotgan sayyor qabullarda odamlarni qiynab kelayotgan ko‘plab muammolar tinglanib, ularni hal etish choralari ko‘rilmoqda.

Chiroqchi tumani aholisi hokimiyat va boshqaruv organlari vakillaridan asosan uy-joy, yer, ichki yo‘llarni ta’mirlash, bandlik, tadbirkorlik, kredit olish kabi masalalarda yordam so‘radi. Shu bilan bir qatorda, shaxsiy va umum manfaatiga xizmat qiladigan qator murojaatlar ham tinglandi.

- Mahallamiz hududidagi drenaj tarmog‘i ancha yildan buyon e’tiborsiz qolib, ko‘milib ketgan, - deydi Kishmishtepa mahallasida yashovchi Qahramon Jo‘rayev. - Shu bois yog‘ingarchilik kunlari yo‘llarimizda suv to‘planib, yurishga juda qiynalayapmiz. Bugungi sayyor qabulda shu haqda viloyat hokimi o‘rinbosariga aytdim. Murojaatim qanoatlantirilib, drenaj tuman obodonlashtirish bo‘limi tomonidan ta’mirlanadigan bo‘ldi.

Sayyor qabul davomida 120 murojaat qabul qilinib, 43 tasi joyida qanoatlantirildi, 26 tasi bo‘yicha asoslantirilgan huquqiy tushuntirish berildi. Qolganlarining ko‘rib chiqilishi nazoratga olindi.

Shuningdek, sayyor qabul davomida nogironligi bo‘lgan fuqarolarga nogironlik aravachasi, tayanch vositalari hamda bir qancha kishilarga davolanish uchun yo‘llanmalar taqdim etildi.

Jahongir BOYMURODOV

Suratlarda: sayyor qabuldan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.