So'nggi yangiliklar 27.09.2019 25

Avtoto‘qnashuv: jabrlanganlar soni 10 nafar

Yo‘l-transport hodisasi

Joriy yil 25-sentabr kuni ertalab soat 7:50 lar atrofida Qarshi-Shahrisabz avtomagistralidan qayrilib Qarshi tumani Xonobod qishlog‘iga eltadigan ikkinchi darajali yo‘l boshlanish qismida bir-biriga qarama-qarshi tomondan harakatlanib kelayotgan ikki "Damas" rusumli mashina ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘ldi.

Avtofalokat natijasida har ikkala avtotransportda yong‘in kelib chiqqan. Ular salonida bo‘lgan o‘n nafar fuqarodan 5 nafari hodisa oqibatida voqea joyida halok bo‘lgan, qutqarib olingan 5 nafar fuqaro esa zudlik bilan respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qarshi filialiga keltirilgan.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati tarqatgan tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu avtofalokatdan omon qolgan fuqarolardan bir nafarining ahvoli o‘ta og‘ir, ikki nafari og‘ir, yana ikki nafari o‘rtacha og‘ir, deya tashxislangan. Ularda zarur tibbiy muolajalar o‘tkazilmoqda.    

Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, ushbu avtoto‘qnashuvga har ikki transport vositasi haydovchilarining ehtiyotsizligi va harakatlanish tezligini meyoridan oshirib yuborganliklari sabab bo‘lgani aytilmoqda.

O‘z muxbirimiz