Iqtisodiyot 07.12.2018 10

AVVAL BEKOR EDI, ENDI TADBIRKOR

Xususiy sektor

AVVAL BEKOR EDI, ENDI TADBIRKOR

Har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 36-modda.

Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 37-modda.

Qamashilik Sanjar Berdiqobilovni juda yosh, deb bo‘lmaydi. Kollejni tamomlaganiga ham besh-olti yildan oshdi, boshqacha aytganda, allaqachon katta hayotga yo‘llanma olib bo‘lgan. U kabi yigit uchun hozir ro‘zg‘orga naf keltirishning ayni mahali. Ammo Sanjar shu paytgacha ko‘zga ko‘rinarli natijaga erisholmagan. Ancha vaqt bekor qolgan. Bir ishni uddalamas, qo‘lidan umuman ish kelmas ekan-da, deb ham o‘ylamang tag‘in. Aks holda bugun mahalla-ko‘y orasida uddaburon yosh tadbirkor sifatida tilga tushmasdi. Nima karomat ko‘rsatibdi, deysizmi?! Yaqinda qariyb 20 sotixcha maydonda issiqxona barpo etib, sarxil mahsulot yetishtirishga kirishdi. Bu kasbning nonini yegan kishi qiyinchiligini ham yaxshi biladi. Ahamiyatlisi, imkoniyat taqdim etilgan zahoti u hammasini vaqti-vaqti bilan epladi, kerakli ko‘nikmani o‘zlashtirdi.

AVVAL BEKOR EDI, ENDI TADBIRKOR

- Qulay fursat kelishini kutgandim, desam to‘g‘ri bo‘ladi, - deydi yakka tartibdagi tadbirkorga aylangan Sanjar Berdiqobilov. - Albatta, bundan o‘z o‘rnida foydalandim. Gap shundaki, "Yoshlar - kelajagimiz" davlat dasturi ro‘yobga chiqarilayotganidan xabar topib, ko‘pdan o‘ylab yurgan biznes-loyihamni taklif etdim. Ko‘rib chiqib, uni moliyalashtirishga rozilik berishdi. Hisob-kitobimga ko‘ra, issiqxona xo‘jaligini yo‘lga qo‘yishga 120 million so‘m mablag‘ zarur edi. 90 million so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit tijorat banki tomonidan ajratildi. Qolgan sarmoyani oilamiz kuchi bilan shakllantirdik. Moliyaviy ko‘makni olganimiz hamonoq zamonaviy konstruksiyali inshootimizni qurishni boshlab yubordik.  Oktabr oyi boshida esa ko‘chat qadashga ulgurdik.

Sanjar ham birdagina dehqon bo‘lib qolmadi. Sohaning aslari, tajribali kishilarning maslahatini oldi. Bugun ushbu qoidalarga qat’iy amal qilayapti. Asosiysi, astoydil qilingan mehnat o‘z samarasini ko‘rsatishga yaqin. Issiqxonada parvarishlangan 2 ming tupdan oshiq bodring ko‘chati hosili pishay deb qolgan. Hali zamon yig‘ib olinib, bozorga ham chiqariladi. Ilgari ishsiz yurganiga dashnom eshitgan bo‘lsa, endilikda mustaqil tadbirkor bo‘lib, o‘z oilasiga  daromad olib kirish arafasida. O‘zidan ortib, yana 2-3 kishini ishli qilgani ham e’tiborga molik.

Qashqadaryo va dunyo

O‘ZI EKIB, O‘ZI EKSPORT QILISHNING FOYDASI BO‘LAKCHA

Har doim qishloq xo‘jaligidan yuqori natija kutishga haqlimiz. Chunki unumdor yer, mehnatkash deqhon bo‘lsa, bu sira ham muammo emas. Boz ustiga, bozori chaqqon mahsulot yetishtirib, kasod bo‘lgan kishini hali eshitmadik. Binobarin sarxil qishloq xo‘jaligi noz-ne’matiga doim xaridor topiladi. Xorijda ichki iste’moldan ortganiga ham ko‘z tikkanlar bor. Xullas, imkoniyat keng, uni to‘g‘ri ishlata bilgan dehqon esa hech qachon yutqazmaydi.

Vohamizda ham eksportbop meva-sabzavot, poliz mahsuloti yetishtirish uchun yuqori salohiyat mavjud. Bu faoliyat bilan shug‘ullanuvchilarga esa ko‘plab imtiyozlar berilgan. Muhimi, ekishu terishni ham o‘zi amallab, chet elga mahsulot chiqara olgan ishbilarmon ko‘proq manfaat ola biladi. Buning isbotini esa Yakkabog‘ tumanidagi "Sharofat ona Qahramon qizi" agrofirmasi misolida ham ko‘rish mumkin. Mazkur tadbirkorlik subektining eksportchiga aylanganiga atigi 2 yilcha bo‘lib qoldi. Agrofirma tasarrufida foydalanish uchun kattagina yer bor. Subekt vakillari boshqadan sotib olgandan ko‘ra, sal bel og‘ritib bo‘lsa-da, o‘zi istagandek hamda sifatli mahsulot ishlab chiqarishni ma’qul bilishadi.

- O‘tgan yili qiymati 500 ming AQSH dollaridan ziyod noz-ne’mat xorij mamlakatiga eksportga yo‘llangan edi, - deydi agrofirma hisobchisi Bobur Norqobilov. - O‘shanda mahsulotni ko‘proq aholi qo‘lidan yig‘ib olishga e’tibor qaratgandik. Joriy yildan esa aksincha yo‘l tutdik. Dastlab 30 gektarda jahonda talab yuqori sanalgan aysberg salatbargi, gulkaram, pekin salatbargi singari sabzavotlarni yetishtirdik. Hosilni to‘laligicha eksport qildik. Kuzda esa ekin maydoni 50 gektarga yetkazildi. Shu turdagi mahsulotlarni hozirga qadar uzib olib, sarxil holida mashinalarga yuklab, Rossiyaga jo‘natdik. Chet el bozoridan joy olgan 100 tonnaga yaqin qovun ham o‘zimizning polizdan chiqdi. Faqatgina uzumni mahalliy yetishtiruvchilardan oldik. Ayni paytga qadar tashqi savdo hajmi 220 ming dollardan ortdi. Yil oxirigacha sabzavot sotishdan yana 100 ming AQSH dollari atrofida daromad olishni ko‘zlaganmiz. Kelgusida katta maydonda dukkaklilar - mosh, no‘xat va loviya ekishni tashkil etib, ularni ham xorijga sotishni mo‘ljal qilganmiz.

Darhaqiqat, eksport faoliyati tadbirkorga har tomonlama foyda keltiradi. Avvalo uning hisobidagi valyuta tushumi ko‘payishi ta’minlanadi. Bu esa yuqori texnologiyali quvvatlarni ishga tushirishga keng yo‘l ochadi. Shu ma’noda agrofirma tomonidan ham muhim istiqbolli loyiha hayotga tatbiq etilayotgani ahamiyatli. Qiymati   2 million 780 ming AQSH dollaridan oshuvchi, 2019-yilning dastlabki oyida butkul ro‘yobga chiqadigan ushbu tashabbus doirasida sovutkichli ombor qurish ishlari olib borilmoqda. Sig‘imi ham kichik emas, o‘zida naq 5 ming tonna mahsulot saqlash imkonini beradi. Agrofirma rahbariyati bu inshootdan nafaqat o‘zi uchun, balki hududdagi dehqonlarning ijara asosida mahsulot joylashtirishini tashkil etish maqsadida ham foydalanmoqchi. Asosiysi, buning samarasida 40 ta doimiy va mavsumiy ish o‘rni yaratiladi.

Sanoat

XIZMAT KO‘RSATISHDAN - ISHLAB CHIQARISHGA

Qamashidagi "Zero Plus Invest" mas’uliyati cheklangan jamiyati 2013- yilda faoliyat boshlagan. Ushbu tadbirkorlik subekti 4 yilcha oziq-ovqat mahsulotlari chakana savdosi bilan shug‘ullanishdan nariga o‘tmagan. Tijoratning ham o‘ziga yarasha afzalligi bor, buni inkor etib bo‘lmaydi. Agar ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yilsa, keladigan daromad cho‘g‘i bir necha chandon oshishi tabiiy. Mazkur korxona rahbari Anvar Azimov ham xuddi shu yo‘ldan bordi. Bultur yangi tarmoqni ishga tushirdi. 200 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflab, qandolat va non mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etdi.

- Ilgari do‘konimizga shirinliklarni boshqa joydan sotib olib kelardik, - deydi ishbilarmon. - Qarasak, bunga o‘z qurbimiz ham yetadi. Tijorat bankidan kredit oldik va chet eldan yangi uskunalar xarid qildik. Seximiz energiyatejamkor pechlar bilan jihozlandi. Kuniga o‘rtacha 150 kilogrammgacha shirinlik tayyorlanyapti. O‘tgan davrda yangidan-yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirib, uning turini 20 xilga yetkazdik. Aholi buyurtmasi asosida tort, pirojniy, keks kabi qandolat mahsulotlari pishirilmoqda. Bundan tashqari, oyiga 10 tonna unni qayta ishlab, xaridorlarga qolipli non yetkazib berish imkoniga ham egamiz. Mahsulotning asosiy qismini savdo do‘konimiz orqali realizatsiya qilyapmiz. Ma’lum miqdordagisini tumanimizdagi boshqa shoxobchalarga tarqatishni ham yo‘lga qo‘yganmiz.

Ko‘rinadiki, tadbirkor ishlab chiqarishning ham "maza"sini olgan. Bo‘lmasa, yana yangi rejalar haqida to‘lqinlanib so‘z ochmasdi. Avvalo, u mavjud hajmni yanada oshirishni, pechlar sonini ko‘paytirishni niyat qilgan. Ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalar ham jalb qilinadi. Jumladan, avtomatik tarzda qadoqlash uskunasi keltiriladi. Hozirda novvot ishlab chiqarish sexi ham foydalanishga topshirish uchun tayyorlanmoqda. Ishbilarmon yana bir tarmoq - kiyim-kechak tikishni tashkil etish to‘g‘risida ham o‘ylab turibdi. Bozorni o‘rgangan, mahsulotni sotolmayman degan xavotiri yo‘q. Chunki hududda bu yo‘nalishda ishlovchi tadbirkorlar kam. Shu bois uning bu tashabbuslari ham yaxshi samara berishiga ishonsa bo‘ladi. Quvvatlar ortishi hisobiga qo‘shimcha ravishda o‘nlab kishining bandligi ta’minlanishi esa yanada muhim.

Mirzohid JO‘RAYEV tayyorladi.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.