Jarayon 09.08.2019 71

AVVAL HUNARLI, KEYIN ESA ISHLI BO‘LISHDI

Xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash - Prezident tomonidan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning biri. "Hunarmand" uyushmasi viloyat boshqarmasi ko‘magida Qarshi tumanida istiqomat qiluvchi  12 nafar xotin-qiz  milliy liboslar tayyorlash bo‘yicha 2 oylik bepul o‘quv kursida o‘qitilishi ana shu tashabbusning tegishli yo‘nalishi ijrosini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatdir.

- Ularning aksariyati kollej bitiruvchilari, - deydi qizlarning ustozi, hunarmand Malohat Salomova. - Endi ular hunarli, bemalol sohada ishlab keta olishadi. O‘zlari mustaqil, uylarida buyurtmalar qabul qilib, tikuvchilik qilishlari ham mumkin.

Qarshi shahridagi hunarmandlar markazida ularning ilk mustaqil ishlari yarmarka-savdosi tashkil etildi. Unda namoyishga qo‘yilgan liboslar asosida mahorati yuqori baholangan 4 nafar qizga viloyat markazida tikuvchilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatuvchi sexlardan ish taklif qilindi.

- Mana hunar o‘rganib, ishli bo‘ldim, - deydi qisqa muddatli o‘quv kursini tamomlagan Lobar Xayrullayeva. - Buning uchun ustozimdan, o‘quvni tashkil etgan uyushma mas’ullaridan minnatdorman.

Bu kabi xayrli ishlar boshqa tumanlarda ham davom etmoqda. Shu asosda o‘nlab xotin-qizlarga ustoz-shogird an’analari asosida hunar o‘rgatilayapti.

Z.NAZIROVA