Jamiyat 02.08.2019 48

AYBLOV UCHUN ZO‘RAKI XULOSA KIFOYA QILDI

Inson, jamiyat va qonun

Yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudining ochiq sud majlisida Surxondaryoning Denovida 1987-yilda tug‘ilib, shu yerdagi "Lider Sali" xususiy korxonasini yuritib kelayotgan Ikrom Rajabovga nisbatan oqlov hukmi e’lon qilindi. U bundan naq 8 yil oldin, aniqrog‘i, jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tumani sudining 2011-yil 6-noyabrdagi hukmiga asosan Jinoyat kodeksi 186-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilgan. Shuning kasriga ish haqining 20 foizi davlat daromadiga ushlab qolingan holda  2 yil axloq tuzatish ishlari jazosini olgan. Keyin jazo shartlisiga almashtirilib,  1 yil sinov muddati belgilangan.

Xo‘sh, uning qonun oldidagi gunohi nima edi o‘zi?

To‘g‘risi, uning "ayb"ini birmuncha qaltisroq desa ham bo‘ladi. Masala odamlar sog‘lig‘iga borib taqaladi. O‘shanda Ikrom Rajabov Termizdagi "Yubileyniy" savdo bozoridan har kilogrammini 8 ming so‘mdan kelishib, 400 kilogramm, jami 3 million 200 ming so‘mlik tovuq go‘shtini ovqatlanish shoxobchalariga sotish maqsadida olgan. Albatta, qonun doirasida va tegishli hujjatlar bo‘lsa, tijoratning biror zarari yo‘q. Shunday ekan, avvaldan qilib yurgan ishi - go‘shtni mashinaga joylab, manzilga ketayotgan vaqtida tuman soliqchilari hamda yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari uni to‘xtatgan va mahsulotni hujjatlashtirib olishgan.

Surxondaryo viloyati sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasining 2011-yil 27-avgustdagi xulosasiga asosan muzlatilgan tovuq go‘shti davlat standarti talablariga javob bermasligi, saqlash va tashish sharoitlariga rioya qilinmagani, iste’molga yaroqsizligi, sotuvga chiqarilishi mumkin bo‘lmagani, iste’molchilarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermasligi qayd etib qo‘yilgan.

Iye, shuncha aybi bor ekan, boz ustiga sifatsiz molni odamlarga o‘tkazmoqchi ekan, yana oradan 8 yil o‘tib ketibdi, endi uni oqlash kimga va nega kerak bo‘lib qolibdi, dersiz. Ammo bir o‘ylab ko‘ring, oqni qoralash osonmi, yo qorani oqlash? Albatta, birinchisi oson. Oq qog‘ozga zig‘irday dog‘ tushsin, darhol ko‘zga tashlanadi. Ikrom Rajabovga qo‘yilgan  aybni ham shunga qiyoslasa bo‘ladi.

Aslida kalavaning uchi, naqadar hayratlanarli va biz uchun tabiiy bo‘lmasin, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga kelib taqalardi. Ha, huquqni, inson manfaatlarini himoya etuvchilarga.

Gap shundaki, sinov va sertifikatlashtirish markazi xodimi Sh.Eshqobilov O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasida so‘roq qilinganida, u o‘sha paytdagi MXX (hozirgi Davlat xavfsizligi xizmati) Surxondaryo viloyat boshqarmasi tergov bo‘limi ish yurituvidagi jinoyat ishlari yoki tergovga qadar tekshiruv hujjatlari bo‘yicha olingan tovar moddiy boyliklarini iste’molga va foydalanishga yaroqli yoki yaroqsizligini aniqlash bo‘yicha tayinlangan tovarshunoslik ekspertizalari bo‘yicha tovar moddiy boyliklar unga umuman taqdim qilinmaganini bildirgan.

Savol tug‘iladi: mahsulot taqdim qilinmagan bo‘lsa, xulosa qayerga qarab berilgan? Ma’lum bo‘lishicha, xulosa MXX Surxondaryo viloyat boshqarmasi tergov bo‘limi tergovchisi N.To‘raqulovning ko‘rsatmasiga asosan tayyorlangan. "Adolat"ni ko‘ringki, bir ko‘rsatma bir odamni panjara ortiga osongina yetaklagan.

Shu sabab ham o‘sha xulosada Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 15-iyuldagi "Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarori 1-ilovasiga muvofiq mol-mulkni davlat daromadiga o‘tkazish yoki uni yo‘q qilish to‘g‘risida qaror chiqarilishida hisobga olinadigan sinov uchun bo‘lak va namunalar olish dalolatnomasi tuzilganligi to‘g‘risida tegishli ma’lumotlar keltirilmagan, mahsulotlarga tegishli normativ hujjatlarga muvofiq sinov o‘tkazilganligi yuzasidan tegishli sinov bayonnomasi rasmiylashtirilishi to‘g‘risida ma’lumot mavjud emas, xullas, mahsulotlarni yaroqsiz deb baholash uchun ma’lumotlar yo‘q o‘sha hujjatda.

MXX Surxondaryo viloyat boshqarmasi tergovchilari N.To‘raqulov, B.Shodiyev, F.Qodirov va Sh.Xolov tomonidan xolislar ishtirokida tuzilgan dalolatnomada 400 kilogramm muzlatilgan tovuq go‘shti yo‘q qilingani qayd etilgan.

MXX Surxondaryo viloyat boshqarmasi tergovchisi bo‘lib ishlagan B.Shodiyev esa Harbiy prokuraturaga bergan ko‘rsatuvida chet elda ishlab chiqarilgan 400 kilogrammlik tovuq go‘shtini umuman ko‘rmaganini, yo‘q qilishda qatnashmagani va dalolatnomadagi imzosi qalbakilashtirilganini bildirgan.

Shundan kelib chiqib, ishni qayta ko‘rayotgan sudyalar I.Rajabovdan olib qo‘yilgan go‘sht o‘sha vaqtda yo‘q qilinganini ishonchga sazovor emas, deb topdi. O‘z navbatida hozirgi kunda tovuq go‘shti yo‘qligi bois, uning iste’molga yaroqli yoki yaroqsizligini aniqlashning mutlaqo imkoniyati mavjud emas.

Yana bir qiziq holat shuki, MXX Surxondaryo viloyat boshqarmasi tergovchisi bo‘lgan F.Qodirov o‘zining ko‘rsatuvida N.To‘raqulovning topshirig‘iga asosan mazkur ish bo‘yicha uning nomidan tergov harakatlarini olib borganini bildirgan. Amalda esa F.Qodirovning mazkur jinoyat ishini yuritish uchun hech qanday vakolati bo‘lmagan.

Jinoyat-protsessual kodeksi 951-moddasi 1-qismi 4-bandiga asosan jinoyat ishi yuritishni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs olgan dalillarni maqbul dalil deb bo‘lmaydi.

Endi masalaning boshqa qonuniy jihatlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, Jinoyat kodeksi 9-moddasida shaxs qonunda belgilangan tartibda aybi isbotlangan ijtimoiy xavfli qilmish uchungina javobgar bo‘lishi, Jinoyat-protsessual kodeksi 22-moddasida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek, u bilan bog‘liq barcha holatlarni aniqlashi shartligi, qolaversa, ish bo‘yicha haqiqatni aniqlash uchun faqat ushbu kodeksda nazarda tutilgan tartibda topilgan, tekshirilgan va baholangan ma’lumotlardan foydalanish mumkinligi, gumon qilinuvchidan, ayblanuvchidan, sudlanuvchidan, jabrlanuvchidan, guvohdan va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslardan zo‘rlash, qo‘rqitish, huquqlarini cheklash va qonunga xilof bo‘lgan o‘zgacha choralar bilan ko‘rsatuvlar olishga harakat qilish man etilishi aniq yozib qo‘yilgan.

Shu bilan bir qatorda, dalillarni to‘plash va mustahkamlashda ruxsat berilmagan usullar qo‘llanilganligi to‘g‘risidagi murojaatlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda cud-tibbiy ekspertizasi yoki boshqa ekspertiza o‘tkazilgan holda majburiy tekshirilishi lozimligi aytilgan. Vaholanki Ikrom Rajabov sud majlislarida xarid qilingan tovuq go‘shti iste’molga yaroqliligi, xulosa noto‘g‘ri berilganini bildirgan. Biroq ishning boshida turganlarning dami bilan bu e’tirozga hech kim e’tibor ber(ol)magan.

Mayli bo‘lar ish bo‘libdi, endi jarayonga hozirning nuqtai nazari bilan qarasak. Ma’lumki, Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasi 3-qismida aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozimligi, qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerakligi qayd etilgan. 463-moddaga ko‘ra esa, ayblov hukmi taxminlarga asoslangan bo‘lishi mumkin emas va faqat sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybli ekanligi sud muhokamasi davomida isbot qilingan taqdirdagina chiqarilishi, ayblov hukmiga jinoyat sodir etilishning ish bo‘yicha barcha mumkin bo‘lgan holatlarini tekshirish, ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kam-ko‘stni to‘ldirish, yuzaga kelgan hamma shubha va qarama-qarshiliklarga barham berish natijasida yig‘ilgan ishonchli dalillargina asos qilib olinishi ko‘rsatilgan.

Oliy sud Plenumining 2018-yil 24-avgustdagi "Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-protsessual qonuni normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida"gi qarori 1-bandida, sudlarning e’tibori shaxs uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda belgilangan tartibda isbotlangunga qadar aybsiz hisoblanishi haqidagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida mustahkamlangan aybsizlik prezumpsiyasiga rioya etish zarurligiga qaratilishi, shu munosabat bilan surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sud tomonidan har bir jinoyat ishini yuritishda jinoyat-protsessual qonuni normalariga qat’iy amal qilish shartligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi 11-moddasida belgilangan talablarga, shu jumladan, dalillarni to‘plash, tekshirish va baholashda, og‘ishmay rioya etish muhim ahamiyat kasb etishi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan qonun normalarini aniq bajarishdan va unga rioya qilishdan har qanday chekinish, u qanday sababga ko‘ra yuz berganligidan qat’i nazar, shu yo‘l bilan olingan dalillarning maqbul emas (yaroqsiz) deb topilishiga olib kelishi haqida tushuntirib berilgan.

Biroq, birinchi instansiya sudi qayd etilgan talablar va Plenum qarori tushuntirishlariga rioya etmagan.

Yuqoridagilarga asosan kassatsiya instansiyasi sudi, I.Rajabovning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli uni aybsiz deb topishni, reabilitatsiya etish yo‘li bilan oqlashni, jinoyat ishini tugatishni lozim topdi.

Oqlanayotgani va jinoyat ishining unga oid qismi tugatilayotgani munosabati bilan yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplash hamda ma’naviy va boshqa ziyon oqibatlarini belgilangan tartibda bartaraf qilish huquqiga egaligi tushuntirildi.

Albatta, bir insonning buzilgan huquqlari tiklangani - katta hodisa. Bu adolat ta’minlangani, mamlakatda qandaydir yakka shaxslar emas, qonun ustuvor bo‘layotganini ko‘rsatadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi materiallari asosida N.XO‘JAYEV tayyorladi.