Ma'naviyat 30.04.2019 38

AYOLGA MAKTUB

Turkumdan

Qadrdonim, siz bilan xat orqali diydorlashish menga qanchalik huzur bag‘ishlashini bilsangiz edi... Tez-tez qo‘ng‘iroqlashib turamiz-ku, deb o‘ylarsiz, telefonning yo‘li boshqa, xat - bu ko‘ngil yozig‘i.  Har doim bayramlar yaqinlashaversa, yodimga tushasiz, yaxshi damlarni birga o‘tkazgim keladi. Xotira va qadrlash kuni oldidan sizni yana bir bor esladim.

Yoshimiz ham bir joyga borib qoldi, ammo hamon qo‘limiz mehnatda. Shunga o‘rganib qolganmiz, bekor o‘tirolmaymiz. Ayniqsa siz hamon daladasiz. O‘g‘illaringiz, nabiralaringizga bosh bo‘lib, yerlaringizni yana kengaytiribsiz. Bolalik paytlarimizda mol boqib, yashinmachoq o‘ynab yuradigan qishloq chetidagi joyni o‘zlashtirib, bodomzorga aylantiribsiz. Olmazorlarni kichik o‘g‘lingizga qoldirib, katta nabirangiz bilan issiqxona barpo etibsiz. Nabira keliningiz ham sizga o‘xshab yerni, dehqonchilikni yaxshi ko‘rarkan-da. Tunov kuni telefon qilganingizda "Bayramni mening bog‘imda o‘tkazaylik, dugonalar yig‘ilishib kelinglar, issiqxonamda pomidor, bodring serob...", degandingiz. Bir yili ham bog‘ingizda Navro‘zni nishonlagandik. O‘shanda daraxtlar gullagan ajoyib kun edi. Men yangi bosmadan chiqqan to‘plamimni olib borgandim. Shifokor dugonamiz Ra’no esa endigina xorij safaridan qaytgan bo‘lib, o‘tkazgan murakkab operatsiyasi haqida to‘lib-toshib gapirib bergandi. Hammamiz birgalikda suratga tushdik, o‘sha surat jurnalda ham chiqqandi. Odatingiz bo‘yicha ko‘p gapirmasangiz ham, butun atrofda qilgan mehnatingiz ko‘rinib turardi. Qiyg‘os gulga kirgan bog‘ning adog‘i ko‘rinmas, eshigi ochib qo‘yilgan issiqxonalarda pishib yetilgan pomidor, bodringlar, yashnab ochilib yotgan qirmizi atirgul va oq karnaygullar ko‘rinib turardi. Qaytishimizda o‘sha gullardan tuhfa qilgandingiz.

Har gal sizga maktub yozganda, hayotdan nolib, hamma bilan talashib-tortishib yuradigan bekorchi ayollar ko‘z oldimga keladi. Ularni siz bilan taqqoslayman. Chunki behuda narsalarga vaqt sarflab, bekor yurganingizni aslo ko‘rmaganman. Qachon qarasa nimaningdir tashvishida yurasiz. Esimda, qish chillasida, qor gupillab yog‘ib turganda ham kelin va nabiralaringiz bilan pomidor va bodring ko‘chatlari uchun qog‘ozdan tuvakchalar yasar edingiz. Hamma narsadan hikmat topib yuradigan Risolat dugonamiz qo‘llaringizni kaftiga olib, o‘zing nozik chiroyli ayol bo‘lsang ham, qo‘ling temirdek qattiq,  derdi.

Haqiqatan ham, mehnatda toblangan qadoq qo‘llaringiz qanchadan-qancha bog‘lar barpo qilgan qator farzandlarni voyaga yetkazgan.  Omon bo‘ling, sizdaylar bor bo‘lsin!

Bo‘ston RAHMONOVA