Tibbiyot 26.03.2019 105

AYOLLAR SARATONGA QARSHI EMLANADI

Tibbiyot va islohot

AYOLLAR SARATONGA QARSHI EMLANADI

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, har yili dunyo miqyosida 370 mingdan ziyod ayolda bachadon bo‘yni saratoni qayd etilib, shulardan 190 ming nafari ushbu kasallik oqibatida vafot etadi. Mamlakatimizda esa har yili 1 ming 800 nafarga yaqin ayolga bachadon bo‘yni saratoni tashxisi qo‘yiladi. Shundan 760 nafardan ziyodi, ya’ni 42 foizi kasallik oqibatida hayotdan ko‘z yumadi.

Bachadon bo‘yni saratoniga uchraganlarning 99 foizi odam papilloma virusi orqali ushbu xastalikni yuqtiradi. Ayni jihatlar hisobga olinib, O‘zbekistonda odam papillomasi virusiga qarshi vaksina joriy qilinmoqda.

Xo‘sh, ushbu vaksina bilan kimlar emlanadi? U salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi? Ushbu savollar bilan viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi immunoprofilaktika bo‘limi mudiri Omon ISMOILOVga  murojaat qildik.

- Ushbu vaksina bilan joriy yilning oktabr oyidan boshlab mamlakatimizdagi 400 ming nafarga yaqin to‘qqiz yoshli qizlar maktablarda va tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inlarida emlanadi, - deydi mutaxassis. - Hozirda vaksina haqida barcha tibbiyot muassasalarida tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Keyingi bosqichda maktablarda ota-onalarga zarur tushuncha va ko‘rsatmalar beriladi. Bunda mahalla fuqarolar yig‘inlari faollarini hududlardagi oilaviy poliklinikalarga biriktirish ko‘zda tutilgan.

Aytish joiz, yurtimizda ayollarda bachadon bo‘yni saratoni xastaligi eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklari orasida ikkinchi o‘rinda turadi. Xavflilik ko‘rsatkichi bo‘yicha barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi va oshqozon saratoni xastaliklaridan keyin uchinchi, tug‘ish yoshidagi ayollar orasida o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha ikkinchi o‘rindadir.

Ahamiyatlisi, yangi  vaksina ushbu kasallikning oldini olishga xizmat qiladi. Ko‘pchilikni vaksina qizlarning reproduktiv faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi, degan savol qiziqtirishi tabiiy. Tajribalarda ma’lum bo‘lishicha, emlash qizlarni nafaqat bachadon bo‘yni saratonidan himoyalaydi, balki ularning sog‘lig‘ini yanada mustahkamlaydi.

Vaksina 74 ta davlatning milliy emlash taqvimiga kiritilgan bo‘lib, tajribalar uning samarasi 10 yildan ortiq ekanini ko‘rsatmoqda.

Shohista BOZOROVA yozib oldi.